Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Kaltak metodi» eskirdi, bizga yangilik kerak

«Kaltak metodi» eskirdi, bizga yangilik kerak

Foto:«Deccanchronicle.com»

Ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim OAVlarda «o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi va vazifasidan mahrum bo‘ldi», «falon maktabda o‘qituvchining zarbiga chiday olmagan bola kasalxonada yotibdi» qabilidagi xabarlar ko‘payib ketdi. Liberal qatlam rivojlangan davlatlardagi o‘qituvchi-o‘quvchi munosabatini namuna sifatida ko‘rsatib, o‘rnak olishga chaqirsa, katta avlod: «Bizning davrimizda o‘qituvchilar bolalarni bilakdek tayoq bilan savalardi, zirillab turardik», deya pedagoglarning yonini oldi. Xo‘sh, kimgadir arzimasdek ko‘ringan o‘qituvchi-o‘quvchi o‘rtasidagi ziddiyat ta’limdagi qanday muammolardan darak beradi?

1. O‘quvchilarda ta’lim olishga nisbatan ma’suliyatning kamligi. Bunda hamma yuk maktabga tushadi. (Odamlarda bolamni maktab bilimli qilib berishga majbur degan tushuncha mavjud) Tizimdagi eng katta muammo aynan shu deb o‘ylayman. O‘quvchilar kelajakda o‘zlarining muvaffaqiyatlarini tasavvur qilib, unga intilib emas, ota-onaning qistovi yoki o‘qituvchining tazyiqi ostida o‘qiydilar. «Arzonning sho‘rvasi tatimas» deganlaridek, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim qadri ham o‘quvchilar oldida haminqadar. Ko‘pchilik o‘quv davrini 11 yil maktabga qatnash va bir amallab bitirib ketish deya o‘ylaydi. O‘z-o‘zidan ta’limni mensimaslik va loqaydlik pedagog bilan o‘rtada muammoni keltirib chiqaradi.

2. Darsni nazorat qilishda bolalarning diqqatini o‘ziga jalb eta olmagan pedagog «tayoq metodi»ni qo‘llaydi. Chunki bolaga fiziologik ta’sir o‘tkazib, uni bo‘ysundirib olish oson, degan tushuncha bor. Qiziqarli dars o‘tadigan, o‘z ustida ishlagan, eng muhimi, o‘z predmeti bolalar uchun muhimligini uqtira olgan pedagog kuch ishlatishiga hojat qolmaydi.

3.Dars o‘tish uslubi va dastur bo‘yicha o‘qituvchini erkinlashtirish ma’qul. Bugun o‘quvchilarni o‘ziga ohanrabodek tortayotgan repititorlar va xususiy o‘quv markazlarida dars o‘tish tartibi erkin va samarali. Shu sababli o‘quvchi e’tibori uchun kurashda umumta’lim maktablari ularga «mag‘lub bo‘lmoqda».

Demak,  muammoni bartaraf etish uchun birinchi navbatda:

a) o‘quvchi ko‘z o‘ngida ta’limning qadrini oshirish kerak;

b) uning ta’lim olishi uchun faqat o‘qituvchi emas, ota-ona ham jon kuydirmog‘i lozim (ko‘pgina ota-onalar o‘zlari farzand ta’limiga vaqt va mablag‘ni kam ajratib, yakundagi muvaffaqiyatsizlikda o‘qituvchilarni ayblaydilar);

d) ahli ilmning jamiyatdagi mavqeini o‘quvchilar ko‘z o‘ngida oshirish zarur.  Yaxshi o‘qishni reja qilgan bola kelajakdagi prototipini tasavvur qila olishi juda muhim.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan birining posti e’tiborimni tortdi: «O‘zbekistonda o‘nta boladan to‘qqiztasi harbiy, prokuror, militsiya, yoki sportchi bo‘lishni orzu qiladi. Chunki oilasini ta’minlash, katta maosh olish, el-yurt oldida boshini tik ko‘tarib yurish uchun shu kasblardan faxrlisi bo‘lmasa kerak.

Ilm-fan-chi? Buni faqat romantik bolakaylargina orzu qilishi mumkin. Masalan, kimyogar yoki fizik bo‘lishni orzu qilgan bola universitetdagi shu fakultetni bitirsa, maktab yoki institutda o‘qituvchi yoki biror bir zavodda oddiy xodim bo‘ladi. Chunki ishlash, kashfiyot qilish uchun unda laboratoriya yo‘q. Yozgan ilmiy ishi qog‘ozda qolib ketadi. Yillar o‘tib uni shogirdiga beradi, u esa biri-ikkita harfini o‘zgartirib qayta yoqlaydi.

Yoshlarni qo‘llash uchun kredit ajratilyapti: hammasi tadbirkorlik uchun. Bironta ilmiy g‘oya uchun ajratiladigan kredit yo‘q. Faqat kelajagi yo‘q biznes g‘oyalar uchun.

Tadbirkorlik yaxshi, ammo yaratuvchanlik va kashfiyot ham davlat rivojlanishining muhim omili hisoblanadi. Faqat mol va tovug‘imiz, tomorqamizga ishonmay kallamizga ham ishonishimiz kerak».

Shu gaplarning o‘ziyoq maktablarimizdagi bugungi holat haqida tasavvur uyg‘otadi.

Yana bir muammo: maktablarimizda barcha bolalar standartlashishga majburlanadi, ya’ni bir xillik talab etiladi. A’lochiga ham, o‘rtamiyona o‘qiydiganga ham bir xil standart qo‘yiladi. Ta’limda oqsayotganlarga dalda (motivatsiya) berish, ular bilan ishlash darajasi juda past.

Foto:«Bigthink.com»

Shuningdek, yana bitta omil: o‘zbek maktablarida o‘rtacha bir sinfda 30 yoki shunga yaqin o‘quvchi o‘qiydi. Bir soatlik dars esa 45 daqiqadan iborat. O‘qituvchi har bir bolaga bir daqiqadan vaqt ajratsa, yangi mavzu va boshqa tashkiliy ishlarga 15 daqiqa vaqt qolarkan. Shuni inobatga olgan holda, dars soatlari davomiyligini 50-60 daqiqagacha uzaytirishni taklif etgan bo‘lardim.

Ta’lim tizimi bo‘yicha jahonda yetakchi Finlandiyada o‘quvchilarning maktabda darslar oralig‘ida hordiq chiqarishi masalasiga alohida e’tibor berilar va bu muddat 15-20 daqiqadan kam bo‘lmas ekan. Bu o‘quvchiga darsdan so‘ng chalg‘ish, miyani tiniqlashtirish imkonini beradi.

Xullas, jamiyatda qaysi mavzu trendga chiqib-tushmasin, ta’lim mavzusi har doim muhim bo‘lib qolaveradi. Bu sohada jiddiy islohotlar bo‘lmas ekan, boshqa muammolar ham bo‘y ko‘rsataveradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring