Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hali talaba» bo‘lganingiz uchun sizga tepadan qaramaydi» – Freie Universität Berlin magistranti bilan suhbat

«Hali talaba» bo‘lganingiz uchun sizga tepadan qaramaydi» – Freie Universität Berlin magistranti bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi suhbatdoshi Berlin Erkin universiteti (Freie Universität Berlin) magistratura bosqichi talabasi Sabohat Rajabova.

U bilan suhbatimiz Germaniyadagi hayot, nemis tilini o‘rganish, qiziqishlar va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

DAAD dasturi stipendiyasiga sazovor bo‘ldim

Toshkent shahrida tavallud topganman. 2002-yili, ya’ni 5 yoshimda Chilonzor tumani 280-o‘rta maxsus ta’lim maktabining 1-sinfiga qadam qo‘ydim. Maktabni bitirgach, 2011-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyiga fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lganligim sababli imtiyozli ravishda qabul qilinganman. Ushbu litsey o‘zim keyinchalik faoliyat olib borgan loyiha, Gyote-Institutining «Maktablar: kelajak hamkorlari» loyihasi doirasidagi hamkor ta’lim muassasa bo‘lganligi uchun, 2013-yilda Germaniyaning Frankfurt-na-Mayne shahridagi 1 oylik til yozgi kurslarida qatnashish uchun stipendiya qo‘lga kiritishga va bu yerga kelishga muvaffaq bo‘ldim. Birinchi marta Germaniyaga qadam qo‘yishim va birinchi marta chet elga chiqishim edi o‘shanda, 16 yoshdagi bir o‘smir uchun ajoyib va qiziqarli bir tajriba edi. Oradan roppa rosa bir yil o‘tib, 2014-yilda litseyni bitirib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy filologiya fakulteti nemis filologiyasi kafedrasiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Bakalavrning ikki semestrini Germaniyaning GIP (Germanistika institutlari hamkorligi) loyihasi va Erasmus+ dasturi doirasida Germaniyaning Myunster shahridagi Vestfaliya Vilgelm universitetida o‘tkazdim. Bundan tashqari, Myunsterdagi boshlang‘ich ta’lim maktabida amaliyot o‘tash imkonim ham bo‘ldi.

Universitetning bakalavr bosqichini imtiyozli ravishda 2018-yilda bitirganimdan so‘ng, ish tajribasiga ega bo‘lish va boshqa insonlar bilan bir jamoada ishlash hissi bilan tanishish uchun Toshkent shahridagi «SmartSchool» xususiy maktabiga nemis tili o‘qituvchisi sifatida ishga kirdim. U yerda bir o‘quv yili ishlaganimdan so‘ng, meni dars berishdan ko‘ra madaniy loyihalar tashkillashtirish ko‘proq qiziqtirishini angladim va 2019-yil may oyida Gyote-Institutining «Maktablar: kelajak hamkorlari» (PASCH) loyihasiga ishga qabul qilindim. U yerda qariyb 1,5 yillik faoliyatim davomida, qisqa bo‘lsa-da, hamkor maktablar va litseylar o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun bir-biridan qiziqarli loyihalar, nemis tilini o‘qitish uchun malaka oshirish kurslari, mahorat darslari, Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida, shuningdek, Tojikistonda PASCH litsey va maktablari uchun nemis tili kurslari tashkil qildik. Faoliyatim davomida men Germaniyaning DAAD tashkiloti stipendiya dasturiga ham hujjat topshirdim va Germaniyada magistraturada tahsil olish uchun stipendiyaga sazovor bo‘ldim. Shunday qilib, 2020-yili sentyabr oyida Gyote-Institutdagi faoliyatimni to‘xtatib, Germaniyaga o‘qishga keldim.

Ayni paytda Berlin Erkin universiteti (Freie Universität Berlin)da «Nemis tilini chet tili sifatida o‘rgatish va madaniy didaktika» yo‘nalishida magistr talabasiman, 2-semestrni bitirib, 3-semestrga o‘tish arafasidaman. Berlin Erkin universiteti Germaniyaning eng yetakchi universitetlaridan biri bo‘lib, u 1948-yili tashkil qilingan. Ushbu universitet erkin deb atalishiga sabab, u bevosita talabalar, yoshlar va aholi tomonidan tashkil qilingan bo‘lib, oliygohning, ilm-fanning davlatdan, hukumat va siyosatdan mustaqil ravishda rivojlanishi kerakligini o‘z Nizomiga kiritgan. Erkin universitetining maqsadlari uning shiori va gerbida tasvirlangan: «Veritas – Iustitia – Libertas» (lotin tilidan: Haqiqat, Adolat, Erkinlik). Bu oliygohda turli xil yo‘nalishlarda ham ingliz, ham nemis tillarida bakalavr va magistraturada tahsil olish uchun imkoniyatlar anchagina.

Boshida men buni xohlamadim

Albatta, eng muhim omillardan biri, onamning bir paytlar nemis tili murabbiysi bo‘lganliklari edi. Kichkinaligimda Germaniyaga malaka oshirishga borib kelganlarida ko‘plab kitoblar, jurnallar, rasmlar va boshqa sovg‘alar olib kelgandilar. Uyimizda dadamning kutubxonalari bo‘lganligi uchun shundoq ham kitoblar orasida katta bo‘layotgandim, onamning nemis tili va adabiyotiga oid kitoblari ham anchagina edi. Birinchi nemis tilida o‘qishni o‘rganishni boshladim, so‘ngra sekin-sekin Germaniya, Avstriya, Shveysariya kabi nemis tili rasmiy tili bo‘lgan mamlakatlar, u yerdagi shaharlar, ovqatlar, madaniyatlar, maktablar, o‘qish meni qiziqtira boshladi. Nemis tilini o‘rganish men uchun oson bo‘lmadi, hatto boshida men buni xohlamadim, ammo onam, kelajakda ko‘proq imkoniyatlarim bo‘lishi uchun, menga nemis tilini o‘rgatishda davom etdilar, men ham so‘ng tilga va tilning kuchiga qiziqa boshladim. Keyinchalik Gyote-Institutining nemis tili kurslariga qatnadim va u yerda yangi do‘stlar orttirib, ular bilan birgalikda til o‘rganishning qanday maroqli ekanligini tushundim. Hozir tahsil olayotgan soham esa boshqa insonlarga faqat til o‘rgatishni emas, o‘sha tilda ularga yana nimalarni yetkazib berish mumkinligini ham o‘rgatadi, xoh madaniyat bo‘lsin, xoh o‘lkashunoslik, xoh adabiyot yoki tabiiy fanlar. Bu yerda muhim omil, tilning bir asbobligini anglash va bu asbob orqali tilning o‘zidan tashqari yana ko‘plab narsalarni o‘rgatish va yetkazish mumkinligini tushunish. Masalan, bir nemis tili darsi faqat nemis tili grammatikasi va adabiyoti emas, ayni paytdagi iqlim o‘zgarishi, madaniy aloqalar, gender tenglik, demokratiya kabi global mavzularni ham qamrab olsa, bu o‘quvchi uchun ham qiziqarli, ham foydali bo‘ladi. Aynan bu omil ham meni qiziqtirgan omillardan biri bo‘ldi, chunki til hayotimizning barcha sohalarini qamrab olgan.

Magistraturani bitirish uchun yozadigan ilmiy ishimning aniq mavzusini esa kelayotgan kuz-qish oylarida belgilayman, lekin ishimni nemis tili orqali matematika, informatika va tabiiy fanlar darslarini tashkillashtirish (MINT dasturi) va til darsini tabiiy fanlar darslari bilan bog‘lash masalasiga bag‘ishlamoqchiman.

«Hali talaba» bo‘lganingiz uchun tepadan qaramaydi

Germaniyaning ta’lim imkoniyatlari juda keng bo‘lib, eng o‘ziga tortadigan omil – oliy ta’limning bepulligi. Albatta to‘lov asosida o‘qishga qabul qiladigan universitetlar yoki yo‘nalishlar ham bor, ammo oliygohlarning kamida 90%i talabalarga bepul va yuqori sifatli ta’lim beradi. Aynan Germaniyada tahsil olayotganligim sababi, bu yer men uchun «begona» joy emasligi va Germaniyaning ta’lim tizimi bilan yaxshi tanish bo‘lganligim. Albatta, Avstriya va Turkiya kabi boshqa mamlakatlar ham meni qiziqtirdi, ammo Germaniyada ta’lim sifati va yashash sharoiti meni juda qoniqtirganligi tufayli aynan bu yerni tanladim va Germaniya tashkiloti bo‘lgan DAAD stipendiyasi uchun hujjat topshirishga qaror qildim.

Germaniyada istalgan yo‘nalishingizda bepul tahsil olish imkoningiz bor va bu yerda muhim omillardan yana biri, ko‘plab professor va dotsentlarning sizga «hali talaba» bo‘lganingiz uchun tepadan qaramasligi, aksincha, sizni kelajakdagi hamkasblari sifatida hurmat qilishlari va o‘zlariga teng ko‘rishlari, sizga fikrlash va ijod qilish uchun erkinlik berishlaridir.

Insoniy jihatlarini uning millati belgilamaydi

To‘g‘risini aytsam, men insonlarni madaniyatiga yoki kelib chiqish mamlakatiga qarab ajratmayman, ajrata olmayman. Har bir insonning o‘ziga xos madaniyati bor, deb o‘ylayman va bir inson xarakteri va insoniy jihatlarini uning millati belgilaydi, degan fikrda emasman, balki tug‘ilib o‘sgan jamiyatning ta’siri bordir, ammo har bir inson o‘ziga xos. Shuning uchun, bu savolga faqatgina shunday deb javob bera olaman: inson hamma joyda inson, xuddi «o‘zbeklar» ichida ham mehmonsevar va ochiqko‘ngil, ham sovuq va boshqalarga yopiq insonlar bo‘lganligi kabi «nemislar» orasida ham bunday xarakterli insonlar bor. Germaniyaliklarning madaniyatiga kelsak, albatta O‘zbekistondan farq qiladigan taraflari bor, hatto Germaniyaning ichida juda ko‘plab madaniyatlar to‘plangan. Misol uchun, bu yerda ayollar va erkaklarning teng huquqliligiga juda katta ahamiyat beriladi. Bundan tashqari, ayniqsa, pandemiya davrida yana ham ko‘paydi, turli tashkilot va fondlarda ko‘ngilli ishlaydigan va qariyalarga, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga yordam beradigan ko‘ngillilar, ayniqsa, yoshlar juda ko‘p. Bolalar tarbiyasida ham ota-onalar farzandlariga kichkinaligidan mustaqil bo‘lishni, qo‘rquv va boshqa tuyg‘ularini boshqarishni, birinchi o‘rinda farzandlarining o‘zlarini hurmat qilishi va yaxshi ko‘rishi kerakligini, ularni hech kim nazorat qila olmasligini va ular hech kimga tegishli emasligini o‘rgatadilar.

Boshliq-ishchi klassik muomalasini kam uchratasiz

Birinchi o‘rinda ta’lim tizimining ko‘plab ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda joriy qilish mumkin, deb o‘ylayman. Misol uchun, Erasmus+ dasturi O‘zbekistonning faqatgina ayrim oliygohlarida mavjud, ammo bu dasturni mamlakatimizda yanada kengroq targ‘ib qilib, Yevropaning turli oliygohlari bilan ko‘proq hamkorliklar qurilsa, ko‘proq talabaning bir semestrga bo‘lsa ham chet elda malaka oshirish va o‘qish imkoniyati bo‘lar edi.

Ishlashga kelsak, boshliq-ishchi klassik muomalasini bu yerda kam uchratasiz. Boshliq bilan xodim teng bo‘lib, iyerarxiya va hurmatsizlik kam holatlarda uchraydi, xodimlar uchun barcha qulayliklar va mehnat huquqlarini muhofaza qilish uchun imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, ayrimlari ish kunlarida ham firma yoki tashkilot ma’muriyati xodimlari uchun biror bir ko‘ngilochar marosim yoki kollektivlik xissini kuchaytirish uchun sayohatlar tashkillashtiradi.

Til o‘rganish ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi

Sohamning O‘zbekistonda rivojlanishi uchun to‘siq bo‘layotgan omillardan biri – bu jamiyatning va undagi ko‘plab insonlarning yangiliklarga va modernizatsiyaga bo‘lgan dushmanligi, o‘zlarining dunyoqarashlaridan besh soniya uchun chiqib hayotga boshqa nuqtai nazarlardan boqishdan qo‘rqishlari, vaholanki til o‘rganish ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Agar aksariyat yurtdoshlarimiz yangiliklarga va boshqa tillarga, madaniyatlarga biroz ochilsa, ham til o‘rganishning, ham bir chet tili vositasida boshqa ko‘plab fan va ilmlarni o‘rganish mumkinligini, bilim olish mumkinligini ko‘radilar. Til o‘rgatishdan tashqari sohamga madaniy almashinuv ham kirganligi uchun, bu omil men uchun shaxsan juda muhim.

800-1000 yevro xarajat qilishi mumkin

Bu qaysi shaharda yashashingizga bog‘liq. Masalan, Berlinda o‘rtacha oyiga ijara haqqi bilan bir talaba 800-1000 yevro xarajat qilishi mumkin, chunki ijara haqqi bu yerda boshqa kichikroq shaharlardan ko‘ra biroz qimmat. Chet el fuqarosi bo‘lgan talabalarning Germaniyada haftasiga ko‘pi bilan 20 soat ishlash huquqlari bor. Eng kam ish haqi bilan haftasiga 20 soat ishlasangiz, bir oylik maoshingiz oylik xarajatlaringizga bemalol yetadi.

Dunyoning istalgan nuqtasidan turib ham O‘zbekistonga foydam tegishini xohlayman

Aslida kelajak uchun rejalardan ko‘ra ko‘proq orzular qurishni yaxshi ko‘raman, chunki ertaga nima bo‘lishini, rejam o‘xshab-o‘xshamasligini hech kim bilmaydi. Ammo yaqin oylar uchun albatta rejalarim har doim bor. Sentyabr oyida o‘qishim doirasida bir semestr davomida amaliyot o‘tash uchun Turkiyaning Istanbul shahriga 6 oyga jo‘nab ketayapman va u muhtasham shaharda hayotimning ajoyib yarim yilini o‘tkazaman, deb o‘ylayman. Undan so‘ng Berlinga qaytib kelib magistrlik darajamni olish uchun ilmiy ishimni yozib, uni himoya qilaman. Magistraturani bitirganimdan so‘ng qaysi shaharda yoki davlatda yashashimni hanuz bilmayman, ammo qayerda ish imkoniyatlari yaxshiroq bo‘lsa, o‘sha yerda, madaniy loyihalar va til o‘rgatish loyihalari bilan ish faoliyatimni boshlamoqchiman. Ish bilan birgalikda boshqa bir mutaxassislikda ham yana ikkinchi oliy ta’limi olishni boshlamoqchiman. O‘zbekistonga doimiy yashash uchun qachon qaytishimni hali bilmayman, lekin bir narsani aniq bilaman, dunyoning istalgan nuqtasidan turib ham O‘zbekiston aholisiga foydam tegishini xohlayman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring