Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir guruh o‘qituvchilar «Microsoft» kompaniyasida malaka oshirib kelishdi

Bir guruh o‘qituvchilar «Microsoft» kompaniyasida malaka oshirib kelishdi

Foto: «GreekReporter.com»

Xalq ta’limi vazirligi sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarni keng joriy etish, ta’lim-tarbiya jarayonlarida ulardan unumli foydalanish hamda o‘qituvchilar va o‘quvchilarning axborot texnologiyalari borasida savodxonligini oshirish maqsadida turli nufuzli xalqaro tashkilot, kompaniyalar bilan uzviy hamkorlik aloqalarini olib bormoqda.

Jumladan, dunyoning AT sohasida yetakchi hisoblangan «Microsoft», «Oracle», «Cisco» kabi kompaniyalar bilan maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarining AKT bo‘yicha salohiyatini yanada oshirish va kompetensiyalarini mustahkamlash, yangi zamonaviy kasb sohalariga oid ko‘nikmalarni shakllantirish yuzasidan o‘quv kurslarni moslashtirish va joriy qilish, ilg‘or o‘qituvchilar qatoridan trenerlarni tayyorlash va tayanch (pilot) ta’lim muassasalarini belgilash bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.

Shu yilning yanvar-may oylarida bir guruh informatika o‘qituvchilari «Microsoft» kompaniyasi kurslarida malakasini oshirib, tarmoqlar tuzilishi, ularni «Windows Server» tizimini o‘rnatib, sozlash va boshqarish bo‘yicha o‘quv kurslarini bitirdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘quv kurslari yakunida ularga «Micros» o‘quv markazi tomonidan tegishli sertifikatlar topshirildi. Endilikda ular «Microsoft» dasturiy mahsulotlari va texnologik yechimlari bo‘yicha malakaviy (kvalifikatsiya) imtihonlarini topshirgach, mutaxassislik sertifikatlarini qo‘lga kiritishi mumkin.

Mazkur o‘quv kurslari dastlab bir guruh informatika o‘qituvchilarining malakasini oshirish va trener sifatida tayyorlash rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik hududlardagi tayanch maktablarda yuqori sinf o‘quvchilariga AKT bo‘yicha zamonaviy kasblardan birini egallash uchun zarur puxta bilim va malakalarni berish ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring