Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Assalom, maktabim! Xayr, maktabim! (video)

Assalom, maktabim! Sen bilan xayrlashganimga 16 yil to‘libdi. Biz bag‘ringdan uchirma bo‘lgan kundan boshlab eshigingdan kirishga iymanib qoldik... So‘nggi qo‘ng‘iroq kunimiz esimda, o‘shanda hammamizni xayolimizda bir o‘y edi: «Tezroq so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinsa-yu, tezroq katta hayot bag‘riga, katta odam bo‘lishga shoshsak!».

Nazarimizga ilmagan o‘sha so‘nggi qo‘ng‘irog‘ingni bir kun kelib, qattiq qo‘masashimizni bilmabmiz, afsus... G‘o‘r edik, kechir, maktabim!

Bugun sen qad rostlagan ko‘chadan o‘tar bo‘lsam, hayajonlanmasdan o‘tolmayman. Sendan ketibimiz-u, ko‘ngil uzolmabmiz. Ko‘ngil uzib ham bo‘lmaydi... O‘shanda seni oddiy bir ta’lim maskani, inshoot deb tanibmiz. Xato o‘ylagan ekanmiz! Seni yuraging – jarangdor qo‘ng‘irog‘ingda, bolalarga atagan niyating – uzun, fayzli yo‘lagingda, ko‘zlaring – o‘qituvchilarimizning ma’nodor, ziyo taratgan nigohlarida ekan asli... Oppoq, shamolda hilpiragan darpardalaringda mayin nafasing ufurib turishini bugun payqabman... Katta tanaffusda yog‘och yo‘lagingda seni ayamay, qancha yugurib, sho‘xlik qilsak ham, indamasding... Zo‘rg‘a «g‘irch-g‘irch» degan tovush chiqararding, xolos... Bir marta ham koyimabsan ham-a?!... Bag‘ring shunchalar keng ekan... Xuddi, Ona bag‘ri kabi... Bugun seni yo‘qlab, ostonangdan hatlar ekanman, har burchagindan bolaligimni izlay ketdim... Ko‘zimga juda kichik ko‘rinding yoki biz shunchalar katta bo‘lib qoldikmi? Balki bolalikdan shu qadar uzoqlashdikmikan? Xitoy arxitekturasi bo‘yicha qurilgan qiyshiq, burama shaklli toming ko‘zimga shu qadar azizki... Maktab devoriga jimjimador iyerogliflarda bitilgan yozuvlar esa qadrdon yillar xotirasini uyg‘otib  yuboradi...

Assalom, maktabim! Assalom, qadrdon ustozlar!

Kutilmaganda,  direktorimiz Faxriddin aka peshvoz chiqdilar. Hayajondan gapimni yo‘qotdim. Salom-alikdan so‘ng: «Men shu maktabda o‘qiganman... Esladingizmi?» dedim-u, nafasim ichimga tushib ketdi... Ichimda bunday savol berganimga o‘zimni koyidim, 16 yil ichida maktabni necha kishi bitirgan bo‘lsa, hammasini qanday eslab qolishlari mumkin, axir?!...

Direktorimizning «Albatta, tanidim!» degan javoblari mendagi o‘ng‘aysizlikni bir zumda tarqatib yubordi. Nahotki?!... Shundagina, direktorimizning butun umrini shu maktabga bag‘ishlaganini, shu maktabning zahmatli va shirin tashvishli hayotida sochiga oq tushganini his qildim. Va ularga bu mehr-muhabbati, samimiy xizmatlari uchun ich-ichimdan rahmat aytgim keldi! Ko‘rinishlaridan qattiqqo‘l odam bo‘lib taassurot uyg‘otsalar-da, aslida direktorimiz oddiy va kamtarin, mehribon inson.  Shu sabab ham, maktabda o‘qib ketgan har bir bolani yaxshi tanib, eslab qolgandirlar balki...  Eshitishimga qaraganda, Faxriddin akaning o‘zlari shu maktabni tamomlagach, keyinchalik, «Xitoy tili»dan o‘qituvchilik qilib, yillar davomida maktab direktori darajasiga yetgan ekanlar. Kutilmganda, direktorimiz bartiblayotgan kalitlar qutisidan bitta kalit yerga tushib ketdi. Ikkimiz ham yerdan kalitni izlashga tushdik. «Ko‘z nuri ham xira tortibdi shekilli!» deya vaziyatga nisbatan yengil hazil qildilar Faxriddin aka. Bir entikib tushdim... Axir, u kishining ko‘z nurlari shu maktab bolalariga ziyo ulashaman, deb xira tortgani haqiqat-ku!... Faxriddin aka, aziz ustozlar, bizni kechiring! Bizni deb sochingizga oralagan oq uchun, ko‘z nuringizni o‘g‘irlaganimiz uchun kechiring!

Meni oldinda Dilrabo opa Saxiyeva rahbarligidagi «1-A» sinf o‘quvchilari bilan sarguzashtalar kutib turardi. Sinf xonaga kirsam, «Xitoy tili» darsi bo‘layotgan ekan. Aytgancha, mening maktabim – Respublikadagi yagona Xitoy tiliga ixtisoslashagan 59-sonli nomdor maktabdir. Ichimda «Bolalar meni qanday qarshi olisharkin? Ular bilan til topishishni uddadalay olarmikanman?» degan hadik bor edi. Bolalar yolg‘onni bilmaydilar va yolg‘on, yasamalikni tezda payqaydilar. Ular qalbiga noziklik va o‘ta ehtiyotkorlik bilan yo‘l topish darkor. Bolalar birin-ketin xitoy tilida yod olgan she’rlarini ilina ketishdi. Ichimdagi boyagi hadik uchdi, ketdi. Bunga bolalar yordam berishdi, ularning ko‘zlaridagi muhabbat uchqunlari meni ilhomlantirdi!

Bolalar, bugun biz samoga parvoz qilamiz! Bugun barcha sho‘xliklaringizga ruxsat! Avvaliga, hayron qolgan bolalar xursandchilikdan «Ureyeyeye!» deb yuborishdi. Shu tariqa bolalar bilan birga men ham bolaligimga parvoz qildim! Shu damda bir fikr xayoldan o‘tdi: Ma’nan ozod odam shaxs bo‘lib yetishadi! Aslida, eng katta shaxslar  bu – bolalar! Dunyodagi eng samimiy odam ham bu – bola! Bolalar shartsiz sevadilar!...

Men o‘quvchilarga savol berdim:  Dunyodagi eng mehribon odam kim? Barchalari bir ovozdan ota-onamiz, deb javob qilishdi. Ba’zilari hayojondan ko‘z yosh ham to‘kishdi. Shunday kutilmagan holatlardan biri – Iymonaning ko‘z yoshlari edi... Sochlari ikkita qilib o‘rilgan, lo‘ppi yuzli, sinchalak qizaloq juda chiroyli rasm chizarkan. Vaziyatni yumshatish  va bolalar bilan suhbat uzilib qolmasligi uchun Iymonadan dars oxirigicha meni suratimni chizib berishini iltimos qildim.

Katta tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. Bolalarga qo‘shilib, men ham maktab oshxonasiga yo‘l oldim. Maktab oshxonasining usti qizarib pishgan, bo‘rsildoq bulochkalari esingizdami? O‘rik sharbatlarichi? Bu bulochkalar men uchun dunyodagi eng shirin bulochkalardir! Kutilmaganda, Jasminaning «Opa, ismingiz nima?» degan savoli xayolni bo‘ldi. Shundagina esimga keldiki, men ularga o‘zimni tanishtirmabman ham. Qalban yaqin bo‘lgan odamlar o‘zlarini tanishtirishni unutib, so‘zlari so‘zlariga payvand bo‘lib ketaverarkan. Go‘yo sinfdagi bolalarni xuddi anchadan beri taniydigandekman.

Bolalarning orzulari haqida bilishga qiziqdim. Aslida, biz kattalar orzu qilishni bolalardan o‘rganishimiz kerak! Ularning javoblarini eshitib, hayratlandim. Orzulari bo‘ylaridan baland baxtli bolalar!

Orqa qatordagi partada o‘tirgan mitti bo‘yli, dumaloq ko‘z, kipriklari quyuq bolakay – Mustafo avvaliga davraga qo‘shilishga tortinib turdi-da, keyin butun sinfga «Matematika»dan dars o‘tdi. Hammadan ham ko‘ra ko‘proq unga o‘yin tarzidagi dars yoqib qolgandi. Hatto, sinfdagi eng sho‘x bola – Humoyun ham axiri jiddiy ohang, salobat, faxr bilan  kelajakda askar bo‘lishni istashini aytdi.

Qo‘ng‘iroq chalindi! Kim uchundir katta hayot ostonasi oldidan oxirgi dilgir qo‘ng‘iroq, yana boshqalar uchun uyga tezroq ketish uchun navbatdagi qo‘ng‘iroq! Bolalar bilan xayrlashish vaqti kelgandi... Ochig‘i, ular bilan xayrlashish juda qiyin bo‘ldi. Kutilmaganda, Mustafoning ko‘z yosh aralash «Ketmang, bekinmachoq o‘ynaylik!» deya aytgan yalinchoq shirin so‘rog‘i meni shoshirib qo‘ydi. U bekindi, men qidirdim... Topdim! Uning misolida maktabga bekitib ketgan bolalagimni topdim!... Rahmat, Mustafo! Menga bolaligimni topib berding! Bolalik bizdan uzoqlashsa-da, biz bolalikdan aslo uzoqlashmaylik!

Iymonaga qo‘shilib, barcha bolalar meni suratimni chizishibdi. Suratlarni esdalikka o‘zim bilan olib ketdim. Bari chiroyli, bari samimiy chizilgan suratlar. Dastxatlari ham bor hatto!

«1-A» sinfi sizlarni sog‘inib qolaman!

  Sinf xonadan chiqdim-u, bolalardan yashirgan ko‘z yoshimni ushlab turolmadim. Bolalar bilan uchrashuvimiz butun umrga yodimda qoldi... Maktabning tor yo‘laklari bo‘ylab borarkanman, titrab turgan oppoq darpadalar xayolni oldi. U xuddi bolalik kemasining orzu yelkanlari kabi qulochini keng yozib, shamol bilan o‘ynashardi... Mayning mayin shamoli esa so‘nggi qo‘ng‘iroqni daraklardi...

Xayr, maktabim! Yo‘q, yana ko‘rishguncha, maktabim!

Lobar Qobilova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring