Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Abituriyent testni qayerda topshiradi?

Abituriyent testni qayerda topshiradi?

Foto: uztag.info

Kechagi matbuot anjumanida mutasaddi rahbarlarga abituriyentlar testni qaysi hududda topshirishlari haqida savol berdim.

Ularning javobi quyidagicha bo‘ldi:

«Bu yil abituriyentlar respublikaning istalgan hududida hujjat topshirib, boshqa hududda test imtihonidan o‘tishi mumkin. Faqat ular ro‘yxatga olinayotganida qayerda test topshirmoqchiligini ko‘rsatishi kerak».

Bundan xulosa shuki, masalan, qoraqalpog‘istonlik abituriyent Toshkentdagi 3 ta OTMga hujjat topshirdi, deylik. Lekin arizasida testni Qoraqalpog‘istonda topshiraman deya belgiladi. Demak, u Toshkentga borishi shart emas, testni Nukusda topshiradi. Qachonki o‘qishga kirgan taqdirdagina, keyin Toshkentga keladi.

Tushunishim bo‘yicha, test topshiradigan joyi aynan OTM joylashgan yoki o‘zi yashaydigan hudud bo‘lishi shart emas. Masalan, navoiylik abituriyent Buxorodagi 3 ta OTMni tanladi. Lekin u testlar o‘tadigan vaqtda oilaviy sabablarga ko‘ra, Navoiyda emas, Samarqandda bo‘ladi deylik. Bunday paytda u hujjat topshirayotganda arizasida testni Samarqandda topshirishni belgilaydi.

Xulosa: navoiylik abituriyent Buxorodagi OTMlarga hujjat topshirib, Samarqandda testga kirsa bo‘ladi.

Umuman olganda bu juda ajoyib tartib. Ko‘plab ovogarchilik va ortiqcha xarajatlarning oldi olinadi. Faqat birgina jihati, bunday tizimda qattiqqo‘llik hamma joyda bir xil bo‘lishi kerak. Yo‘qsa, katta-katta jinoiy guruhlar atayin o‘z «mijozlarini» chekkaroq hududlarda testga kiritib, o‘yin qilishga urinib ko‘rishlari ehtimoldan holi emas.

Shuningdek, bu masalada yana boshqa bir tushunmovchilik ham bor va kecha shu haqida ham savol berdim.

Ya’ni 07.06.2019 yili Vazirlar Mahkamasining 468-sonli qarori bilan tasdiqlangan reglamentning 4-bandida quyidagicha qoida belgilangan:

«Abituriyentlar Markazga murojaat etgan hududda (Yagona portal orqali murojaat etganda doimiy ro‘yxatda turgan hududida) tashkil etiladigan test sinovlarida ishtirok etishlari mumkin».

Reglamentning ushbu bandi DTM rahbari aytgan tizimga biroz to‘g‘ri kelmaydi. Boz ustiga Reglamentning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan so‘rovnomada ham test topshirish hududini tanlash degan savol mavjud emas.

Reglamentdagi bu band haqida eshitib DTM direktori ham, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri ham hayron bo‘ldi. Lekin shunday bo‘lsa-da, Majid Karimov ishonch bilan aytdiki, abituriyent o‘zi istagan hududda test topshira oladi, buning uchun hujjat topshirishda maxsus tanlanadigan band ham bo‘ladi. Reglamentga kelsak, uni Davlat xizmatlari agentligi ishlab chiqqanligi sababli, nima uchun bu narsa inobatga olinmaganiga biror izoh bera olmasligini aytdi.

Mayli, hujjatda qanaqa yozilganidan qat’i nazar, amalda abituriyentlar uchun o‘zi istagan joyda testga kirish huquqi kafolatlanadi. Isboti sifatida pastdagi suratga qarang, Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tishda test topshiradigan hududni belgilaydigan alohida band mavjud.

ESLATMA: tag‘in abituriyentlar «istalgan joyda test topshirishim mumkin ekan» deb, test kuni o‘zi xohlagan joyga borib o‘tirmasin, hudud oldindan belgilanadi. Ro‘yxatdan o‘tayotganda test topshirish joyni yetti o‘lchab bir kesgan holda tanlash kerak, chunki hududni keyinchalik o‘zgartirib bo‘lmaydi. Masalan, hujjat topshirayotganda Toshkentni tanlab, keyin test kuni Andijonga borish befoyda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring