Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«Urush olovini yoquvchi prezidentlar». Ota-bola Bushlarni nima birlashtiradi?

«Urush olovini yoquvchi prezidentlar». Ota-bola Bushlarni nima birlashtiradi?

Foto: RIA «Novosti»

Bugun, 1-dekabr kuni AQShning sobiq prezidenti katta Jorj Bush  94 yoshida vafot etdi.

Uning turmush o‘rtog‘i Barbara Pirs ham shu yili hayotdan ko‘z yumgandi.

Jorj Bush AQShning 41-prezidenti bo‘lgan. O‘g‘li kichik Jorj Bush AQShning 43-prezidenti, yana bir o‘g‘li Jeb Bush Florida gubernatori lavozimini egallagan.

Katta Jorj Bush AQSh prezidentligiga 1988-yilda ikki muddat va sakkiz yillik prezidentiligidan keyin «taxt»ni bo‘shatgan Ronald Reygandan keyin saylangan edi. U respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan.

Katta Bush bor yo‘g‘i bir muddat, to‘rt yil AQShga prezidentlik qildi va 1992 yilda o‘tkazilgan saylovlarda demokratlar vakili Bill Klintonga yutqazib qo‘ydi.

Katta Bushning nomi ko‘proq uning 1990-yilda Iroqqa qarshi olib borgan urushi bilan eslanadi. O‘shanda Iroq prezidenti Saddam Husayn o‘ziga qo‘shni bo‘lgan Quvayt davlatini bosib oladi. Bunga sabab Quvaytda katta zahiralarga ega bo‘lgan ko‘plab neft konlari borligi edi. O‘shanda Saddam Husayn bir narsani hisobga olmay xato qilgan edi. U ham bo‘lsa Quvaytdagi aksar neft konlari AQSh kompaniyalari bilan sheriklikda ishlar edi.

Shundan keyin AQSh zudlik bilan Iroqqa qarshi urush uchun BMT rezolyusiyasini qabul qildirib, Iroqqa bostirib kirdi va sanoqli kunlarda Saddam Husayn Iroq armiyasining taslim bo‘lgani haqidagi hujjatga imzo chekdi. Oradan biroz o‘tib AQSh Iroqdan qo‘shinlarini olib chiqib ketdi. O‘shanda Iroqqa qarshi urush operatsiyalari «Sahrodagi bo‘ron» deb nomlangan edi.

«Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasidagi AQSh askarlari. 
Foto:«Time.com»

Hayotni qarangki, Jorj Bushning o‘g‘li Kichik Bush ham oradan 14 yil o‘tib yana Iroqqa qarshi urush ochdi. Oldingisida Quvayt bahona bo‘lgan bo‘lsa, bu safar AQShning Iroqqa urush boshlashi uchun tuzukroq sababi ham yo‘q edi. Ammo Kichik Bush Iroqning kimyoviy qurollar yasayotgani, atom bombasiga ega bo‘lish uchun tadqiqotlar o‘tkazayotgani haqidagi yolg‘on hisobotlar bilan baribir Iroqqa bostirib kirdi va bu ish Iroq prezidenti Saddam Husayni musulmonlar uchun ulug‘ bayram bo‘lgan Iyd kunida dorga osish bilan tugadi. Yo‘q, tugamadi. Kichik Bush otasidan farqli ravishda Iroqni bosib olganidan keyin u yerdan AQSh armiyasini osonlikcha chiqarishni xohlamadi. AQSh armiyasi undan keyingi prezident Barak Obama davrida Iroqdan qisman chiqarildi.

Katta Bush prezidentlik qilgan o‘sha yillarda AQSh aholisi dunyoda katta urushlar bo‘lishini va unda AQSh armiyasi tarkibida o‘z farzandlari qatnashishini unchalik xohlamas edilar. Shu uchun ham Katta Bush bir muddat, bor yo‘g‘i 4 yil AQShda prezidentlik qildi va uni ikkinchi muddatga saylanib AQShda prezidentlik qilishiga AQSh aholisi rozi bo‘lmadi va 1992 yildagi saylovlarda Bill Klintonga ko‘proq odam ovoz berdi.

Keyinchalik turli targ‘ibotlar natijasida AQSh aholisining AQSh boshlayotgan urushlarga nisbatan fikri o‘zgardi shekilli, Kichik Bush o‘zining 4 yillik faoliyati  davomida turli davlatlarga nisbatan turli urushlar olib borgan bo‘lsa ham uni 2004-yilda keyingi 4 yillik muddatga qayta saylashdi. (O‘shanda ayrim OAVda Kichik Bushning saylovlarda qing‘irliklardan foydalanib yutib ketgani haqida ham yozildi. Ammo bu gap-so‘zlarga hech kim e’tibor bergani yo‘q.)

Foto:«Les-docus.com»

Ochig‘i, shaxsan menda Katta Bush uncha yaxshi taassurot qoldirmagan. U va uning o‘g‘li Kichik Bush dunyoda ko‘plab urush o‘choqlarini yoqishgan. Millionlab odamlarning halok bo‘lishiga, mamlakatlarning, shaharlarning vayron bo‘lishiga sababchi bo‘lishgan. Shunday ekan tarix bu ikkalasini hech qachon yaxshi gap bilan eslamaydi va doim ularning nomlarini xuddi menday «urush» so‘zining yoniga qo‘yib eslashadi, deb o‘ylayman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring