Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tokaygacha ming yil oldin o‘tib ketgan ajdodlarimiz bilan faxrlanib yashaymiz?» (video)

«110 metr balandlikda» loyihasining bugungi mehmoni – falsafa  doktori, dotsent, sotsiolog, mediator, Toshkent shahar pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi direktori Mohira Xoliqova.

– Ilmni ommalashtirish, iborasini juda kam ishlatamiz? Ilmni ommalashtirish, targ‘ib qilishatamasi haqida nima deya olasiz?

– Ilm-fan hamma ham shug‘ullanishi shart bo‘lmagan xususiy soha hisoblanadi. Ilm bilan shug‘ullanish mehnat va ilmiy metodologiyani talab qiladi. Yana bitta tomoni borki, uni hamma ham tushunavermaydi. Masalan, pop  musiqasini olaylik. Pop musiqani hamma tushunadi va yengil «hazm» bo‘ladi yoki bulvar adabiyot, sariq matbuotni hamma oson o‘qiydi. Estetik qiymati yuqori bo‘lmagan janrligi uchun ularni hamma ham qabul qila oladi. Lekin ilm-fan-chi? 

Masalan, kvant fizikasini olaylik. Everetning multi olamlar nazariyasi bor yoki Kopengagen eksperimenti, mana bu narsalar o‘quvchi uchun oson bilishi kerak bo‘lgan mavzu emas. Lekin ilm-fanning shunday aspektlari borki, biz uch o‘lchamli fazo, texnika olamida yashayapmiz, oddiy inson, texnik imkoniyatlarning asosiy ishlash mexanizmlarini mohiyatini bilish kerak. XXI asrning texnik imkoniyati, deb mana bu biz suhbat qilayotgan teleminorani ham atashimiz mumkin.

Shuncha ixtirolar, kashfiyotlar borki, inson bunga ko‘nikib ketdi, hatto buning mohiyatini ham his qilmaydi. Masalan, telefon. Sizga telefon qilishim kerak bo‘lsa, to‘lqin avval kosmosga chiqadi, sun’iy yo‘ldoshga chiqadi, qabul qiladi va sizga jo‘natadi. Zamonaviy inson yuqori materiyalarni tushunmasligi mumkin. Lekin kundalik hayotda foydalanayotgan texnik imkoniyatlarning asosiy mohiyatini bilish kerak. Telefon, pochta, soatiga ming kilometr yo‘l bosadigan poyezdlar bor, sayohat qilyapmiz, lekin inson qanday qilib yetib keldi shu darajaga?

Ilm-fanni nega targ‘ib qilish kerak? Sivilizatsiyani, asosiy rivojlanish tendensiyalarni bilish uchun, insoniyat tamadduni qayerga ketayapti, oldinda insoniyatni qanday xavf-xatar kutayapti, to‘g‘ri yo‘ldan ketayaptimi mana shu uchun ham kerak ilm-fan.

Masalaning ikkinchi aspekti yunon faylasufi Aristotel inson jamoaviy bo‘lib yashovchi mavjudot, u jamoda rivojlanadi, qo‘nim topadi va faoliyat olib boradi, deganda qanchalar haq edi. Inson juda ko‘nikuvchan, u ko‘nikdi, zamonaviy texnikalarga ko‘nikdi, bemalol ishlatyapti. Masalan, aqlli uylar yoki samolyot – havodan og‘ir bo‘lgan po‘lat temir osmonda uchayapti, ya’ni gravitatsiyaning hamma qonunlarini inkor etgan holda samoda uchishi taajjublanarli. Yoki bo‘lmasa amerikalik olim Aleksandr Bel telefonni kashf qilganda odamlar taajjubga tushgan. Uzoqdagi tanishing bilan xuddi yoningda turganday gaplashish o‘sha payt odamlar uchun mo‘’jiza bo‘lgan, bugun esa hamma bu imkoniyatlarga ko‘nikib ketdi.

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, innavatsion taraqqiyoti uchun ham ilm-fanni  targ‘ib qilish kerak. To‘g‘ri, mamlakatimiz siyosiy jihatdan mustaqil davlat, lekin tom ma’nodagi mustaqillik bu iqtisodiy mustaqil bo‘lgan davlat hisoblanadi, sanoatning innavotsion sohalarini rivojlantirish orqali iqtisodiy mustaqillikka erishiladi.

Yana bitta falsafiy jihati bu ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasi. Masalan, Iogan Gyotening «Sharqu G‘arb» asarida ezgulik yovuzlikning ustidan g‘alaba qilingani aytiladi. Axir ilm olishning o‘zi yetarli emas, olingan bilimlarni taraqqiyot uchun ishlata bilish ham kerak.

Ilm-fanni, kashfiyotni ezgulik yo‘lida ishlatish ham, yovuzlik yo‘lida ishlatish ham mumkin. Olaylik atomning parchalanish hodisasi. Agar uning parchalanishidan keyin paydo bo‘ladigan energiyani ezgulik uchun ishlatishimiz mumkin. Aytaylik, quyosh energiyasi, shamol energiyasi. Qachonlardir yerdagi gaz va energiya zahirasi tugaydi, o‘shanda atom, shamol, quyosh energiyasidan foydalanamiz. Shu aspektni yovuzlik yo‘lida ham ishlatishimiz mumkin. Atom bomba, vodorod bombalarni ham yaratishdi va xabaringiz bor yovuzlik yo‘lida foydalanishdi ham.

Ilm-fanni targ‘ib qilishning yana bir jihati yosh avlodning ijtimoiylashuvi. Men pedagog andragogik sifatida aytishim kerakki bu VUCA, ya’ni murakkab dunyoda shaxsning ijtimoiylashuvi qanday kechishi kerak? Avlodlar nazariyasi bo‘yicha 20-25 yilda bitta avlod ikkinchi avlodga joyini bo‘shatib beradi.

Hozirgi yosh avlodning ijtimoiylashuvi qanday ketyapti, hozirgi avlod sotsiapat guruhiga kiradi.  Sotsiapat deganda ularning ijtimoiy muhitdan cheklanishini ko‘ramiz. Ular kompyuter, telefon bilan band bo‘lgani bois ijtimoiy muhitdan qo‘rqish hissi bor. Xo‘sh, ularda ijtimoiylashuvi qanday ketyapti, ilm-fanga qiziqishi qanday? Bu ham androgika, sotsiologiya tadqiq qilish kerak bo‘lgan masala hisoblanadi.

– Bolalarni ilmga qiziqtirish, ularni laboratoriyaxonalarga «mixlash» uchun nimalar qilinayapti?

– Ta’lim-tarbiyada aniq fanlarni rivojlantirish bu sanoatga innovatsiyani ishlab chiqarishning eng qulay imkoniyati, deb bilaman. Maktablarda aniq fanlarni rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etishi kerak.

Futurologiya degan fan bor. Ijtimoiy-siyosiy xatarlarning oldini olish maqsadida kelajakni o‘rganadigan, oldindan taxmin qiladigan. Asli Yaponiyada tug‘ilgan, Amerikada yashaydigan tadqiqotchi Michu Kaku bor, Tesla kompaniyasining rahbari Ilon Mask kreativ fikrlaydigan, g‘oyalarni ilgari suradi. Ularning bashoraticha 10-15 yilda Yer sayyorasida texnologik singulyarlik era paydo paydo bo‘ladi. Ya’ni, sun’iy intellekt barcha sohani egallashi kutilayapti.

Agar shunday bo‘lsa, dunyoda insonning o‘rni qanday bo‘ladi, insonga o‘rin qoladimi bu dunyoda degan savol bor. Inson yaratgan kashfiyotlar kelajakda nazoratdan chiqib ketadi. Mening otam fizik bo‘lgan, matematik singulyarlik degan mavzuda dissertatsiya ishi yoqlagan, oradan 30-40 yil o‘tib matematik singulyarlik o‘z o‘rnini texgnologik singulyarlik, degan tushunchaga bo‘shatib berayapti. Ertaga insoniyatning tarixiy erasi tugab sun’iy intellekt erasi boshlansa insoniyatni nima kutadi? Ilm-fan haqida gapirganda uning axloqiy  taraflarini ham nazardan chetda qoldirmaslik kerak.

Biz tokaygacha ming yil oldin o‘tib ketgan ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. Har bir avlod o‘zidan fiziklarni, matematiklarni qoldirishi kerak.

– Fantastik asarlar o‘qib ulg‘ayganmiz. Jyulen Vernning asarlari ko‘pgina kashfiyotchilar yetishib chiqishiga sabab bo‘lgan. Ilm-fanda ilmiy fantastikaning o‘rni qanday?

– Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, ilmiy fantastik asarlarning 80-85 foizi bugun real hayotga ko‘chdi, hayotimizga kirib keldi. Yoki bo‘lmasa Leonar do Vinchining eskizlarida vertolyot, submarina kabi qoralamalar bugun hayotimizning bir qismiga aylandi.

Ilmiy fantastikaning ilm-fan targ‘ibotida juda o‘rni yuksak. Masalan, Ayzek Azimov, Gabriel Garsia Markes, Ekzyuperi, Rey Bredberi, Vashingtong Irving, O Genri kabi ilmiy fantast yozuvchilarning asarlari qanchadan-qancha kashfiyotlar kashf qilinishiga hissa qo‘shgan bo‘lsa ajab emas.

Ayzek Azimovning «Men robotman», «Mangulikning intihosi» degan asarlarida nafaqat ilm-fanni targ‘ib qiladi, balki uning gumanistik, axloqiy taraflariga ham e’tibor qaratadi.

«Men robotman» degan asarida robototexnikaning uchta axloqiy tomonini ko‘rsatadi. Birinchi qonun insoniyat tarafidan yaratilgan robot insoniyat uchun xavf tug‘idirishi kerak emas, ikkinchi qonuni robot egasining buyruqlarini bajarishi kerak, uchinchi qonuni robot o‘zining ham shaxsiy xavfsizligini o‘ylashi kerak. Ayzek Azimov o‘sha payti o‘ylagan: biz sun’iy intellektlarni, robotlarni yaratayapmiz, ertaga ular bizga qarshi chiqib qolmasmikan?  

– Sizga agar imkoniyat berilsa, televideniya uchun qanaqa teledasturlar, loyihalar qilardingiz?

– Esingizdami, o‘zbek  fantast yozuvchisi Hojiakbar Shayxov asos solgan «Sirli olam» jurnali bo‘lardi, afsuski shu yozuvchidan boshqa yozuvchini bilmasakanman, yana «Fan va turmush» jurnali bo‘lardi, «Vokrug sveta», Yakov Perelmanning «G‘aroyib matematika» asarini olaylik. Oqil Rashidovning «Sanamay sakkiz dema» kitobiyam matematikani qiziqarli tashviqot qiladi. Televideniyeda mana shu mavzularga oid birorta tizimli ko‘rsatuvlar qo‘yilayotgani yo‘q. Ilm-fanni rivojlantirishda, albatta, OAVning o‘rni bor.

– Ko‘pincha teledasturlarda shoularga, artistlarga urg‘u beriladi. Ularning iddaosicha olimlarni chaqirib ko‘rsatuvlar tayyorlashsa reyting tushib ketarmish. To‘g‘ri, boshida ilm-fanga oid ko‘rsatuvlar tomoshabinni o‘ziga chorlashi qiyin. Lekin bu ko‘rsatuvlarni qiziqarli qilib va tez-tez tayyorlashsa tomoshabinning didi shunga moslasharmidi?

– Kasb etikasi bo‘yicha, reytingning orqasidan quvish kerakmi yoki jamiyatning a’zosi sifatida jamiyatning rivojiga  hissa qo‘shishmi? Insonlar bilan ularning anglashlari darajasida gaplashinglar, deyiladi hadislarimizda.

Biz televideniyeda ularning tushunadigan tilida ko‘rsatuvlar qilsak, reyting ham asta-sekin oshadi. Chunki faqatgina musiqa, shou yoki bulvar adabiyot bilan reytingga erishishingiz mumkin, lekin jamiyatning rivojlanishi, ertangi kuni-chi, kelajagi-chi? Biz har doim o‘ylashimiz kerak, biz ertangi kun avlodiga qanday jamiyatni tashlab ketamiz? Rivojlangan jamiyatnimi yoki boshqa davlatlarga iqtisodiy va siyosiy qaram jamiyatnimi? Rivojlangan, zamonaviy, bilimli yoshlarnimi yoki boshqa malakatlarga xizmat qiladigan gasterbayterlarnimi? Til o‘rganish, sport bilan shug‘ullanish kerak. Lekin davlatni rivojlantirish uchun faqat til o‘rganish bilan cheklanmaslik kerak.

Ilm bayramlarida ishtirok etasizmi?

– Ilm bayramlariga ishtirokimni hech eslay olmayman. Lekin o‘zimizda va chet elda bo‘ladigan ilmiy simpozium va konferensiyalarda qatnashaman. Kinofestivallar, musiqa festivallar bo‘ladi, lekin ilmga oid festivallar ham o‘tkazilish kerak. Yosh bolalar uchun olimpiadalar bor, lekin mamlakat masshtabida ilm-fanga oid tadbirlarni, ko‘rgazmalarni ko‘paytirish zarur. Ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan olimalarni bilamiz. Mazluma Asqarova, Xadicha Sulaymonova, Mariya Kyuri, Sofi Kovelevskaya kabi olimalar yetishib chiqishi uchun imkoniyatlar kerak. Oilaviy tarbiya haqida gap ketganda bolalarning ambitsiyalarini, ya’ni katta maqsadlarni oldiga qo‘yish va o‘zidagi sabr, matonat, iroda kabi tuyg‘ularni shakllantirish lozim.

– Mazmunli suhbat uchun rahmat.

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring