Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Propiskaga oid qaror loyihasi: soddalashyaptimi, qiyinlashyaptimi?

Propiskaga oid qaror loyihasi: soddalashyaptimi, qiyinlashyaptimi?

Фото: «Xabar.uz»

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga Ichki ishlar vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Garchi qaror loyihasi nomi «propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish» deb nomlangan bo‘lsa ham, lekin aslida propiskaga oid hozirgi mavjud tartibning ko‘chirmasi bo‘lgan xolos, xalq uchun, ayrim kichik holatlarni hisobga olmaganda, birorta aytishga arzigulik yengillik berilmayapti. Shunchaki propiskaga oid bir nechta qaror va yo‘riqnomalarni bittada birlashtirishmoqchi shekilli.

Aksincha, qaror loyihasiga qarasak, ayrim bandlar aksincha hozirgidan og‘irlashtirilmoqda. Masalan, bugungi kungacha 2-band bilan propiskaga kirib, 3 yildan keyin uy sotib olganlar arizasiga asosan 1-bandga o‘tishi mumkin edi (amaliyotda pasport stoldagilar ko‘ra bila turib, buni tan olmay, odamlarni sarson qiladi lekin).

Taklif etilayotgan loyihada mana shu huquq olib tashlanmoqda. Bu tartibni faqatgina 5, 9 – 11-bandlar uchun qoldirib, 2-bandni chiqarib tashlashmoqchi.

O‘zi 2-band boshidanoq bu ro‘yxatda yo‘q edi, 2018-yil-13 avgustdagi o‘zgarishlar bilan qo‘shilgandi. Ammo 1 yil o‘tar-o‘tmas, ushbu yengillikni yana qaytarib olib qo‘yishmoqchi. Qiziq, juda qiziq...

Xolislik uchun aytay, loyihada bevosita jarayon bilan bog‘liq ayrim yangiliklar ham yo‘q emas. Masalan, doimiy yoki vaqtinchalik propiskaga hujjatlarni Toshkentdagi istalgan pasport stolga (aynan o‘sha tuman bo‘lish shart emas) yoxud Davlat xizmatlari markaziga topshirish mumkin bo‘ladi.

Qaror loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz va 25-avgustga qadar takliflaringizni berishingiz mumkin (jamoatchilik fikri inobatga olinadimi, yo‘qmi, bunisiga kafolat bermayman):

Bilmaganlar uchun eslatma:

1 va 2-band o‘rtasida yaxshigina farq mavjud.

Birinchidan, 1-band bilan propiska kirganlar o‘z nomiga istalgan vaqtda uy-joy sotib olishi mumkin, 2-band bilan kirganlar 3 yil ichida uy ololmaydi.

Ikkinchidan, 1-band bilan kirganlar to‘g‘ri shajara bo‘yicha istalgan yaqin qarindoshlarini (bobo-buvi, ota-ona, farzandlar, nabiralar, turmush o‘rtog‘i) doimiy propiskaga olib kira oladi. Ammo 2-band bilan kirganlar faqat turmush o‘rtog‘i hamda o‘z oilasiga ega bo‘lmagan voyaga yetgan bolalarini olib kirishi mumkin. Ya’ni 2-band bilan kirganlar hattoki istalgan farzandini ham propiskaga olib kirishga haqqi yo‘q.

Ko‘pchilik propiska rejimi aholini ikki toifaga (propiskali va propiskasiz) bo‘lib qo‘ygan, ularning huquqlari bir-biridan farq qiladi, deb o‘ylaydi. Aslida ahvol bundan ham battarroq. Hatto o‘sha Toshkent propiskasi bor fuqarolarning o‘zi ham bir nechta toifalarga bo‘linib ketgan, birida bor huquq va erkinliklar, boshqasida yo‘q. G‘azabim qo‘ziydi shu ahmaqona tizim haqida o‘ylasam...
 
Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring