Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Koronavirus sun’iy ravishda sintez qilinmagan...» Germaniyadagi kimyogar magistrant hamyurtimiz bilan suhbat

«Koronavirus sun’iy ravishda sintez qilinmagan...» Germaniyadagi kimyogar magistrant hamyurtimiz bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihamiz orqali bu gal Germaniyaning nufuzli Zigen universiteti kimyo yo‘nalishi magistranti Muzaffar Maqsumov bilan suhbatlashdik. Qahramonimiz Toshkent shahrida tug‘ilgan. Muzaffar bilan suhbatimiz kimyo, uning imkoniyatlari, yurtimizda bu boradagi muammolar va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

— Muzaffar, suhbatimizni nima uchun kimyo sohasini tanlaganingizdan boshlasak?

Bolalikda turli sohalar bizga qiziq tuyiladi. O‘zimizni turli soha vakillari o‘rniga qo‘yib ko‘rishni yaxshi ko‘ramiz. Aynan men ham ko‘plar qatori bolalik paytlarim turli sohalarga qiziqqanman. Kimyo faniga qiziqish ham bolalik yillariga to‘g‘ri keladi.

Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan kunlarimning birida tasodifan yuqori sinflar o‘qiydigan qavatga chiqib qoldim va kimyo laboratoriyasiga ko‘zim tushdi. U yerda kimyo fani o‘qituvchisi bolalarga qandaydir bir ajoyib «vulqon» reaksiyasini ko‘rsatar, hamma o‘quvchilar uni katta qiziqish bilan tomosha qilib o‘tirishar edi. Ana shu tasodif va kimyoviy jarayon tufayli kimyo faniga qiziqa boshlaganman.

Shundan keyin bakalavr bosqichini kimyo yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qidim. 2018 yil Islom Karimov fondining grant tanlovida g‘olib bo‘lib Germaniyaning Zigen universiteti magistratura bosqichida tahsil olyapman.

Germaniyaga kelishimga sabab esa, mamlakatda ilm-fan sohasi, xususan kimyo fanining nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham jadal rivojlanayotganligi bo‘ldi. Shu boisdan O‘zbekistonda kimyoning taraqqiy etishi uchun Germaniya tajribasini o‘rganishga va olgan bilimlarimni soha rivoji yo‘lida qo‘llashga qaror qildim.

— O‘zbekistonda kimyo sohasining rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar nimalar va ularning yechimi bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?

Kimyo sohasi insoniyatning rivojlanishi, urbanizatsiyalashuvida 5 ming yildan ortiq vaqt mobaynida juda katta hissa qo‘shgan va qo‘shib kelmoqda. Masalan, dastlabki sivilizatsiyalar metalni qanday ajratish va unga qanday ishlov berishni o‘rganib iqtisodiy va harbiy jihatdan yetuklikka erishgan.

Hozirgi kunga kelib kimyoning rivojlanishi bizga LEDlar, quyosh panellari, elektr-transport batareyalari, yengil va po‘latdan mustahkam uglerod nanotolalarni berdi. Bu borada yurtimizdagi kimyoviy moddalar manbai turli tuman. Ammo O‘zbekistonning asosiy kimyo ishlab chiqarishi nisbatan murakkab bo‘lmagan, qishloq xo‘jaligi va qurilish uchun mo‘ljallangan moddalar bilan cheklanib qolgan.

Shuningdek, mamlakatimizni kimyogar mutaxassislar bilan ta’minlaydigan oliy o‘quv yurtlarida yetarli shart-sharoit yaratilmagan deb, o‘ylayman. Boisi, birgina o‘zim tahsil olgan O‘zbekiston Milliy universitetining Kimyo fakulteti hozir havas qilarli holda emas. Fakultet binosi qayta ta’mirlanganidan so‘ng laboratoriya xonalarining ko‘pi sinf xonalariga aylantirildi. O‘ylashimcha, bu eng katta xatoliklardan biri bo‘lgan. 

Keyin kuzatishlarim natijasida 4 yil davomida talabalarning aksariyati faqatgina nazariy bilimlarga asoslangan diplom ishlari qilishdi. Bitiruvchi talabalar ishlab chiqarish, pedagogik faoliyat yoki tahlil-laboratoriya markazlariga borishidan qat’iy nazar ular o‘zlari bilgan nazariy bilimlarni amaliyotga joriy qila olishmaydi. Sovet ittifoqi paytidan qolib ketgan oddiy probirkali reaksiyalarni ko‘rsatib yurish davri Yevropada allaqachon tugagan. Aminmanki, amaliyotni ko‘paytirmas ekanmiz, nazariy bilimlarimiz qog‘ozda qolib ketaveradi.

Yana bir eng katta muammolardan biri nafaqat kimyo sohasida, balki boshqa sohalarda ham mavjud. Masalan, deyarli barcha oliy o‘quv yurtlarida mutaxassislik fanlaridan tashqari ortiqcha keraksiz fanlar talaygina. Buning natijasida talabalar na mutaxassilik, na boshqa fanlarni chuqquroq o‘rgana olishmayapti. Ikki yildan beri Germaniyada o‘qib, bu yerning tajribasidan kelib chiqib aytishim mumkinki, kimyo sohasidan mutaxassis tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlarining laboratoriyalarini zamon talablariga mos ravishda qaytadan jihozlash kerak.

Shu bilan birga, mutaxassislik fanlari soatlari ko‘paytirilib, amaliyotga urg‘u berilishi hamda nomutaxassislik fanlarini qisqartirish, faqat qiziquvchilarga ularni tanlov fani sifatida qoldirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 — Yuqorida Germaniya tajribasi haqida gapirdingiz. O‘zbekistonda Germaniyaning yana qanday tajribalarini joriy etish mumkin deb hisoblaysiz?

Bu yerda eng ko‘p qulayliklar talabalarga yaratilgan deb o‘ylayman. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Germaniyadagi xalqaro talabalar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Menimcha, mana shu boradagi tajribalarini chuqurroq o‘rganish va eng maqbullarini mamlakatimizda joriy etish mumkin.

Qolaversa, ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham yaxshi imokoniyatlar bor. Misol uchun, bu yerda kunlik, haftalik, oylik hatto yillik yo‘l chiptalari joriy qilingan. Ana shu chiptalar orqali shaharlararo barcha transport turlaridan foydalanib sayohat qila olasiz. Bu o‘z navbatida Germaniya uchun ichki turizm, xalqaro turizmdan qolishmaydigan darajada mablag‘ olib kelishiga yordam bermoqda.

— Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?

Germaniyada ish va o‘qish kuni 5 kunlik tizimda, shu sababdan shanba va yakshanba kunlari barcha odatda sayohat qiladi. Men yashayotgan shaharning atrofi o‘rmonlar bilan o‘ralgani tufayli bo‘sh vaqtlarda mahalliy va xorijlik talaba-do‘stlarim bilan o‘rmonlarga boramiz va atrof-muhitni o‘rganamiz, tabiat qo‘ynida hordiq chiqaramiz. Nemislarning aytishicha, kuchli aqliy mehnat va jismoniy faollikning uyg‘unligi ish va o‘qishdagi unumdorlikni oshiradi.

Kitobxonlik bobida ham namunali bo‘lishga harakat qilaman. Germaniyada kutubxonalar haftaning har kuni ishlaydi. Shuning uchun ba’zan dam olishni kitob o‘qish bilan o‘tkazaman. Oxirgi o‘qigan kitobim iqtisodiyot bo‘yicha o‘z tahlillari bilan tanilgan Jeymes Robinsonning «Why Nations Fail» kitobi bo‘ldi.

— Kimyogar mutaxassis sifatida koronavirus bo‘yicha fikrlaringiz qanday?

Hozirgi kunning eng dolzarb muammolaridan biri bu shubhasiz koronavirus hisoblanmoqda. Shu kunga qadar virusning kelib chiqishi haqida ham turli qarashlar ilagari surilyapti. Lekin ularning ko‘pchiligi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi va ilm-fanga asoslanmagan. Ilmiy izlanishlar va tadqiqotlarni kuzatib ayta olamanki, virus sun’iy ravishda sintez qilinmagan, aniqroq aytganda ixtiro qilinmagan. Nazarimda u bir hayvondan ikkinchi hayvonga o‘tganida tabiiy ravishda o‘zgarib hozirgi ko‘rinishga kelgani ilmiy jihatdan to‘g‘riroq.

Fursatdan foydalanib yurtdoshlarimizga gigenik qoidalarga, ayniqsa niqob taqish va masofa saqlashga amal qilishlarini so‘ragan bo‘lardim. Boisi yurtimizda karantin yumshatilganidan so‘ng kasallanish holatlari sezarli ravishda ko‘paydi. Bu o‘z sog‘ligimizga birinchi galda o‘zimiz mas’ul ekanligimizni ko‘rsatmoqda.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring