Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektron hukumatning «estoncha modeli». O‘zbekiston va Estoniya hamkorligi yangi bosqichga o‘tdi

Elektron hukumatning «estoncha modeli». O‘zbekiston va Estoniya hamkorligi yangi bosqichga o‘tdi

Bahrom Ziyayev, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari

O‘zbekiston elektron hukumat sohasida Estoniya tajribasini o‘rganmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nega aynan Estoniya? Aholisi soni jihatidan Toshkent shahrinikidan uch baravar kamni tashkil etuvchi bu kichik mamlakat tajribasi biz uchun qanchalik namuna bo‘la oladi?

Ishonish qiyin, ammo Yaponiya va AQSh kabi eng ilg‘or mamlakatlar ham mo‘’jazgina Estoniya ko‘magiga tayanishmoqda: e-Estonia doirasida Yaponiyada raqamli retseptlar saytlari ishga tushirilgan, AQSh uchun esa telekommunikatsiyalarda ma’lumotlarni xavfsiz almashish tizimlari ishlab chiqilgan.

Estoniya nafaqat o‘zining, balki boshqa mamlakatlarning ham «raqamli jarlik»dan o‘tib olishlari uchun, e-Estonia Briefing Centerga asos solgan. Unda 130 dan ortiq mamlakatga eng o‘rinli yechimlar taqdim etilgan.

Elektron Estoniya

Uni ko‘pincha «elektron Estoniya» deb atashadi. Bu – ushbu yurtda raqamli texnologiyalarning yuqori darajada rivojlanganligidan dalolat. Darhaqiqat, Estoniya raqamli jamiyat barpo etishda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi.

Elektron xizmatlarning samaradorligi oddiy fuqarolarda ham, siyosatchilarda ham katta ishtiyoq uyg‘otadi. Estoniya dasturchilari Skype, Hotmail va Transferwise loyihalarining yaratilishiga o‘z hissalarini qo‘shishgan.

Estoniya internetdan foydalanishni inson huquqi darajasiga aylantirdi va namunali startap muhitini yaratdi. Yuridik shaxslar va oddiy fuqarolarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining aksariyati allaqachon raqamli shaklga o‘tib bo‘lgan.

Mazkur inqilob 1991 yilga borib taqaladi. Estoniya o‘z mustaqilligiga erishgan kundanoq hukumat rahbarlari va siyosatchilar byurokratiyasiz davlatni tiklashga qaror qildilar. Oradan 30 yil o‘tib, Estoniya dunyodagi eng zo‘r raqamli infratuzilmani qura oldi. Imzolar — raqamli, soliq to‘layman desangiz, marhamat, internet bor. Bir-ikki daqiqangiz, bir-ikki megabaytingiz ketadi, xolos — hafsala bo‘lsa bas. Saylovlar ham onlayn, hech qanday saylov qutilari, varaqalar, mashmashalarsiz o‘tadi. Maktablar saylov uchastkalariga aylantirilmaydi. Kompyuter yoki telefonning o‘zi ham yetadi. Albatta, shaxsan borib ovoz bersayam bo‘ladi, biroq tobora ko‘pchilik «raqamlar»ni tanlayapti.

Bugungi kunda har bir estoniyalik kundalik hayotida raqamli xizmatlardan doimiy ravishda foydalanib keladi: ular uchun 600 dan ortiq onlayn xizmatlar, biznes vakillari uchun esa 2400 dan ziyod elektron davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.

Estoniyada ishlab chiqilgan va onlayn pasport vazifasini bajaradigan ID-karta orqali mamlakat aholisi quyidagi amaliyotlardan foydalanishlari mumkin:

  • masofadan turib shartnomalar tuzish,
  • jamoat transportidan foydalanish uchun to‘lovni amalga oshirish;
  • mobil telefon yordamida «stoyanka»ga haq to‘lash,
  • Internet orqali saylovlarda ovoz berish,
  • Internet orqali bank amaliyotlarini amalga oshirish,
  • shifokorlardan masofadan turib raqamli retseptlar olish,
  • soliq deklaratsiyasini onlayn tarzda topshirish,
  • talabalar o‘zlarining baholarini tekshirishlari, o‘quv jarayonini kuzatishi va internet orqali o‘quv materiallaridan foydalanishi;
  • kompyuterda o‘tirib onlayn ravishda 18 daqiqa ichida yangi kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish,
  • Davlat nafaqalarini olish uchun murojaat qilish (masalan, bola parvarishi uchun nafaqalar).

ID-karta Estoniyada deyarli barcha elektron xizmatlardan foydalanishda muhim rol o‘ynaydi. Bu shaxsni aniqlash va raqamli imzo bilan hujjatni tasdiqlash imkonini beradi. Elektron raqamli imzoning ahamiyati Estoniya qonunlari bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Xatarlarni kamaytirish uchun kuchli kodlash qo‘llaniladi va ID-kartada minimal shaxsiy ma’lumotlar mavjud. Yo‘qotilgan kartalarni osongina bekor qilish mumkin.

Estoniyada bepul va tezkor simsiz internet deyarli hamma joyda: bog‘larda, maydonlarda, kafelarda, restoranlarda, aeroportlarda, poyezdlarda, avtovokzallarda, hatto o‘rmonda ham mavjud.

Davlat xizmatlarining shaffofligi va qulayligi tufayli Estoniya dunyodagi eng rivojlangan elektron davlatlardan biriga aylandi. Estoniya elektron boshqaruv akademiyasi orqali Markaziy va Sharqiy Evropa, Afrikadagi davlatlar bilan hamkorlik qilib, o‘z tajribalarini o‘rtoqlashib keladi.

Aynan ushbu Estoniya Elektron boshqaruv akademiyasi O‘zbekiston bilan aloqalarda ham faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston va Estoniyaning AKT yo‘nalishida hamkorlik aloqalari

Joriy yilning 7-aprel kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O. Pekos Estoniya elektron boshqaruv akademiyasining ijrochi direktori Hannes Astok bilan onlayn uchrashuv o‘tkazgandi.

Oradan bir hafta o‘tib, 14-aprel kuni janob Hannes Astok O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, bugungi kunda Estoniya elektron hukumatni joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha Yevropa hamda dunyoda yetakchilardan biri hisoblanishi, Boltiqbo‘yi davlatining tajribasi mamlakatimizda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

16-aprel kuni O‘zbekiston va Estoniya o‘rtasida elektron hukumat sohasida hamkorlik olib borish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Unda elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Elektron hukumat rivoji yangi bosqichga olib chiqiladi

Estoniya elektron boshqaruv akademiyasining ijrochi direktori H.Astokning O‘zbekistonga tashrifi mobaynida Elektron hukumat loyihalarni boshqarish markazida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki mamlakat o‘rtasida elektron hukumat va raqamli rivojlanish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, davlat xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga xizmatlarni ko‘rsatishda elektron almashinuv mexanizmlarni takomillashtirish masalalari muhokama etildi.

BMTning elektron hukumatlar bo‘yicha 2020-yilgi reytingida Estoniya dunyoning eng raqamlashgan uch mamlakatidan biri sifatida e’tirof etildi.

Ro‘yxatning eng yuqori pog‘onalarida Estoniyaning borligi tasodif emas, zero, Boltiqbo‘yi mamlakati elektron hukumatni jiddiy rivojlantirishni boshlaganidan beri ancha yo‘l bosib qo‘ydi. Estoniya elektron hukumati xalqaro reytingda 2016-yili — 13-o‘rinda, 2018-yili — 16-o‘rinda edi. 2020 yilgi katta sakrash kichik mamlakatni bir yo‘la uchinchi o‘ringa olib chiqdi.

O‘zbekiston ushbu global reytingda 87-o‘rinda qayd etgan. Mazkur sohada yana ham yuqori pog‘onalarni zabt etish maqsadida dunyoda yetakchi bo‘lgan davlatlar bilan fikr almashib, xalqaro tajribadan o‘tgan elektron hukumat xizmatlarini mamlakatimizda joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, kelgusi
5 yil davomida raqamli iqtisodiyotga tezkor o‘tish O‘zbekiston uchun ustuvor vazifa hisoblanadi.

Farmon qabul qilinganiga yarim yildan oshgan bo‘lsa-da, unda belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi hozirdanoq o‘z mevasini bermoqda. Birgina misol, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimini joriy etish natijasida ijtimoiy nafaqa tayinlashda 11 turdan ortiq turli xil hujjatlarni fuqarolardan talab qilish bekor qilindi hamda 1 million 200 mingdan ortiq oilaga ijtimoiy nafaqa bo‘yicha moddiy yordam puli avtomatlashtirilgan tarzda ajratildi.

Bu esa, ijtimoiy nafaqaga muhtoj oilalarni har xil sarsongarchiliklardan xalos qilib, inson aralashuvidan holi bo‘lishga, korrupsiyaning oldi olinishiga xizmat qiladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) aholiga bu kabi keng qulayliklar yaratuvchi xizmatlar talaygina bo‘lib, bugungi kungacha joriy qilingan xizmatlar soni 212 taga yetkazildi.

Bizning mamlakatda ham Estoniya kabi ID-karta tizimiga o‘tish yuzasidan ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Endilikda fuqaroga pasport o‘rniga ID-karta berilishi jarayonida u avtomat tarzida elektron hukumat foydalanuvchisi sifatida (id.egov.uz) ro‘yxatga olinib, elektron raqamli imzo berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Elektron hukumat bo‘yicha dunyo reytingida yetakchi bo‘lib turgan mamlakatlar bilan aloqalar esa belgilangan marralarga erishishni tezlashtirishga xizmat qiladi.

Shu ma’noda uchrashuvda O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish, jumladan, davlat xizmatlarini elektron formatga o‘tkazish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga xizmatlar ko‘rsatish, ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlashga kelishib olindi.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha asosiy tadbirlarni amalga oshirishning maqsadlari, vazifalari, yo‘nalishlari hamda muddatlari belgilab olindi.

Bahrom Ziyayev,
Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring