Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Byurokratiya davri bitdi!

Byurokratiya davri bitdi!

Foto: «estar.sk»

«Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori haqida.

Byurokratiya har qanday jarayonni tormozlab, eng jadal islohotlarni ham to‘xtatib qo‘ya oluvchi kuch ekanini biz so‘nggi yuz yilda, ayniqsa, yaqqol ko‘rdik.

Afsuski, hozir ham bizning davlat boshqaruvida ish yuritish tizimi o‘tgan asr darajasida qolib ketgan. Butun dunyo axborot texnologiyalari, innovatsiyalar va ishga zamonaviy yondashuv natijasida ilg‘orlab ketgan bir zamonda biz ham qog‘ozga ko‘milib yashamoqdamiz.

Tasavvur qiling katta bir tashkilot yoki korxonadagi oddiy bir jarayon: olaylik, xodimda yangi va yaxshi bir g‘oya tug‘ildi. U g‘oyani o‘rtoqlashish, maslahatlashish va muhokama qilib maromiga yetkazish uchun rahbarning oldiga kiradi. Rahbar esa uni qog‘ozga yozib, rasman taklif sifatida olib kirishini so‘raydi. Xodim yozadi, boshliqqa olib kiradi... va g‘oya uning stolida bir uyum boshqa qog‘ozlar ichida yo‘qolib ketadi. Nega? Chunki rahbar allaqanday ish rejasi, yo‘l xaritasi, bildirgi va yana bir talay hujjatlarni o‘qib chiqib imzolashi, tarqatishi va hokazo talay ishlari bor.

G‘oya-ku o‘ldi, lekin rahbarning ishlari ham bitmadi-da. Chunki u ham qog‘ozboz tizimning bandisi, shu qog‘ozlarni yozmasa, bandlarni «yopmasa», hisobotlarni topshirmasa, yuqoridagilarga ishlamagan odamdek ko‘rinadi.

Bizda tashkilotlar asosan ana shunday joriy jarayonlarga o‘ralashib qolgan, xodimlar ish vaqtining katta qismini qog‘oz to‘ldirishga sarflanadi, biror davlat idorasiga ishi tushgan fuqaro esa hali mahalladan, hali ta’lim dargohidan, hali yana qandaydir tashkilotlardan ma’lumotnomalar uchun sarson bo‘lib vaqtini va asablarini hayf qiladi.

Tasavvur qiling, davlatning qancha resursi shu qog‘ozlarga sarf bo‘lib ketyapti. Ish unumdorligi va samaradorligi esa past. Chunki bizda natijalar emas, hisobotlar «gapiradi». Hisobotlarda esa erishilgan natija emas, qilingan ish ko‘rsatiladi.

Ushbu vaziyatni o‘zgartirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida «Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilindi.

Elektron shaklga ko‘chayotgan boshqaruv

«Hisobot rahbariyatni xabardor qilish uchun emas, hisobot muallifini himoya qilish uchun yoziladi» degan edi AQSh davlat kotibi Din Achenson. Chindan ham, hisobotlar, dokladnoylar, bildirgilar va hokazo ish yuritishning talay qog‘ozlari real jarayonga foydasi kam, ammo nimadir qilindi degan illyuziyani yaratishda samarali vosita hisoblanadi.

Biroq hisobotlar bilan aldash davri o‘z nihoyasiga yetdi.

Qarorda bu haqida shunday deyiladi:

«O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyati bo‘yicha zarur hisobotlarni real vaqt rejimida tuzish hamda 2021-yil 1-yanvarga kelib qog‘oz ko‘rinishidagi blanklar, shakllar va jadvallarni to‘ldirishdan to‘liq voz kechish imkonini beradigan, barcha davlat organlari va tashkilotlarida hisobot va hujjat aylanishini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin».

Ya’ni, 2021yildan boshlab davlat idoralarida har qanday hujjat almashinuvi elektron shaklga o‘tkaziladi. 2020-yil 1-martgacha barcha davlat xizmatchilari va rahbarlar elektron imzo bilan ta’minlanadi.

So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi tufayli elektron hujjat almashinuvi tashkilotlar ishiga ham, oddiy fuqarolar hayotiga ham faol kirib bormoqda. Ushbu chora boshqaruv jarayonini optimallashtirish orqali mehnat samaradorligini oshirish, korrupsiyaning oldini olish, resurslarni tejash va hayotni qulay qilish kabi fazilatlarga ega.

Bu prinsip asosida ishlash shu paytgacha ayrim yo‘nalishlarda joriy etildi va o‘zini oqladi. Xususan, «Av-ijro», «E-xat», «Notarius» kabi elektron dasturlar orqali byurokratiya jarayonlari ancha qisqarganini ko‘rishimiz mumkin.

Elektron hujjat almashinuv tufayli quyidagi ijobiy natijalar qayd etildi:

birinchidan, vaqt tejaladi: hujjat izlash, nusxa ko‘chirish, papkalarga tikish va hokazolar bilan ish kuni o‘tib ketadi ba’zida. Markazlashgan ma’lumotlar bazasi orqali esa hujjatni bir zumda topish, zaxira nusxa saqlash mumkin, asosiysi, u hech qachon yo‘qolmaydi; 

ikkinchidan, joy, texnika va mehnat resurslari tejaladi: uyum-uyum qog‘ozlar xonalarda to‘planmaydi, arxivlar uchun maxsus xona va ularni saqlaydigan xodimlar kerak emas;

uchinchidan, davlat xizmati faoliyati shaffoflashadi: har bir hujjat qancha muddatda tayyorlandi, qachon tasdiqlandi va ijroga yo‘naltirildi, natijasi nima bo‘ldi – barchasi tizimda o‘z aksini topadi. Endi hech narsani yashirish yoki aylanib o‘tish imkoni qolmaydi. Har bir hujjat ustida amalga oshirilgan har qanday xatti-harakat uchun mas’ul shaxs aniq bo‘ladi;

to‘rtinchidan, davlat xizmatchisining faoliyati samaradorligi ortadi: qog‘ozga bosilgan hujjatning falon idoradan yetib kelishini kutish, hujjat uchun allaqayerlarga borib-kelish, shu sababli kerak vaqtda ish o‘rnida bo‘lmaslik kabi holatlarga chek qo‘yiladi;

beshinchidan, korrupsiyaning oldi olinadi: u yoki bu hujjatga ko‘chada, olaylik avtomashina salonida «chapaqay» imzo chekib muhr bosishlar imkoni qolmaydi;

oltinchidan, xarajatlar kamayadi: qog‘oz, printer, pochta markasi, konvertlar, kurer xizmati kabilarga xarajatlar qisqaradi;

yettinchidan, davlat xizmatchilari va rahbarlarning o‘z ishidan qoniqishi ortadi: kundalik vazifalarning optimallashuvi natijasida xodimlar ish jarayoni qulaylashadi va mehnatga ishtiyoqi ortadi. U boshliqqa qo‘l qo‘ydirish, bunisiga viza olish. Boshliqning majlis yoki tadbirdan qaytishini kutib qabulxonasida vaqt o‘tkazish kabi holatlarga barham beriladi. Bu iqtisod qilingan vaqtni treninglar, o‘quv kurslari xullas, kasbiy va shaxsiy rivojlantirishga sarflash mumkin. Ayniqsa, fuqarolar bilan bevosita muloqot qiladigan davlat xizmatchilari uchun bu juda muhim.

Ortiqcha idoralar kerak emas

Hozirgi kunda mamlakatimizda 23 ta vazirlik, 11 ta davlat qo‘mitasi, 33 ta agentlik, 9 ta qo‘mita, 14 ta inspeksiya va yana boshqa organlardan iborat jami 94 ta davlat boshqaruvi organlari faoliyat yuritmoqda. Bu juda ko‘p, ya’ni ma’muriy apparat kengayib ketmoqda.

Ushbu idora va tashkilotlardagi xodimlarning aksar vaqti ish rejalarning bandlarini yopish, hisobot yozish, xat chiqarish va hokazo qog‘ozbozlik, joriy ishlarga sarf bo‘lyapti. Strategik rivojlanish ustida ishlashga vaqt va resurs kam qolyapti.

Prezident qarorida ham bu masala alohida tilga olingan:

«...o‘tkazilgan tahlillar vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasining pastligi, qog‘ozbozlik hajmining yuqoriligi, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan ko‘plab yig‘ilish va majlislar o‘tkazish amaliyoti saqlanib qolayotganligini ko‘rsatdi».

Amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan yig‘ilish va majlislar ko‘pincha amaliy ahamiyati past tuzilmalar tomonidan o‘tkazilishi sir emas.

Shunday sharoitda Prezidentning ushbu qarori davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirilgan qaratilgan muhim hujjat sifatida ahamiyatga ega.

Qarorda: «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 avgustdagi «Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5527-son Farmoniga muvofiq Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi idoralararo kollegial organlarning faoliyati tahlil qilinganligi va samaradorligi baholanganligi, natijasiga ko‘ra ularni yanada qisqartirish va maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin», deyilmoqda.

Idoralararo kollegial organlarni qisqartirish, avvalo, byurokratiya va majlisbozliklarni qisqartirish deganidir. Bu jarayon 2018-yil 28-avgustda imzolangan «Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori bilan boshlab berilgan edi. Ushbu hujjat bilan 81 ta idoralararo kollegial organ qisqartirilgan (ularning vazifasi tegishli vazirlik va idoralarga yuklatilgan), yana 25 ta shunday organning faoliyati esa optimallashtirilishi belgilab berilgan.

Oradan o‘tgan bir yildan ortiqroq fursatda Adliya vazirligi tomonidan yana o‘nlab shunday idoralararo organlar faoliyati samaradorligi tahlil qilindi va samarasi sust organlarni tugatish taklifi berildi. Biz so‘z yuritayotgan qaror bilan 2020-yil 1-yanvardan boshlab yana 29 ta idoralararo kollegial organ tugatilmoqda.

Asli ushbu idoralararo organlarni tashkil etishdan maqsad u yoki bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib, markazlashgan va tizimli tarzda amalga oshirishdan iborat edi. Ammo bu tizim o‘zini oqladimi?

Amalda, masalan, falon idoralararo kengash ma’lum vaqt oralig‘ida, olaylik, har chorakda bir yig‘ilardi. Yig‘ilish uchun tayyorgarlik ko‘rilardi, hisobotlar tayyorlanardi, dokladlar yozilardi, davlat xizmatchilari ish vaqtida shu kengash majlisiga kelardi, bir-ikki soat o‘tirardi va hokazo. Aslida esa o‘sha kengashlar qiladigan ishni u yoki bu idoraning ikkitagina xodimi bajarardi. Qolgani shu ikki xodim ishini kollegiyaning ishi deb ko‘rsatish uchun qilinadigan tadbir edi, xolos.

Bu ortiqcha rasmiyachilikdan voz kechib, asosiy siyosatni belgilashni tegishli mas’ul organga, muvofiqlashtirish va hisobotlarni yuritishni esa elektron axborot tizimlariga yuklash vaqti keldi. Mazkur qaror shu vazifani aniq belgilab berayotgan hujjat sifatida muhimdir.

Hokimlar vakolatlari qisqardi

Qarordagi eng muhim jihatlardan yana biri, hokimliklarning vakolatlari qisqarishidir. Hozirgi kunda hokimliklar zimmasida yuzlab vazifalar va vakolatlar bor. Bir tomondan yuklamaning kattaligi, boshqa tomondan cheksiz vakolatlar hokimliklar ishining samaradorligi va talabga muvofiqligi darajasini pasaytirib yubordi.

Qaror bilan hokimliklardan 11 ta vakolat olinib, tegishli idora va tashkilotlarga topshirilmoqda.

Endi hokimliklar o‘zining asosiy vazifasi – xalq dardini tinglash va unga chora topish bilan shug‘ullanadi. Yanada aniqroq aytsak, mahalliy ma’muriy boshqaruv apparati o‘zining bevosita vazifalari bilan shug‘ullana boshlaydi.

«Spravkalar» davri o‘tdi

Qarorda fuqarolar uchun ham ko‘p yengilliklar nazarda tutilgan. Masalan, endilikda mahalladan olinadigan 28 turdagi ma’lumotnomalar bekor qilinmoqda. Ya’ni ushbu ma’lumotnomalarni hech bir tashkilot endi fuqarolardan talab qilmaydi. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham bu ma’lumotnomalarni bermaydi.

Ochig‘i, 21-asrda axborot texnologiyalar odamning nafaqat jismonan qayerda turgani, balki qiziqishlari, istaklari va niyatlarini ham taxmin qilib turgan bir vaziyatda (feysbuk lentangizda aynan siz izlayotgan mahsulotning reklamasi chiqib qolishini tasodif deb o‘ylamang) shaxsning yashash joyidan ma’lumotnoma so‘ralishi kulgili hol. Biometrik pasport olayotganda kiritiladigan ma’lumotlar hech qayerga yo‘qolmaydi-ku axir.

Bekor qilingan ma’lumotnomalar ro‘yxatida «Vafot etgan xodim bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi ma’lumotnoma» (mahalla genetik ekspertiza tashkilotimi?), «Ishsizlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma» (uyda ishlaydigan frilanser bo‘lsa-chi? Mahalla soliq idorasimi?), «Kasallikka chalingan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) ayollarning alohida xonada yashashi kerakligi to‘g‘risida ma’lumotnoma» (sharhsiz!) kabi hujjatlarning mavjudligi va shu paytgacha odamlar shu mantiqsiz qog‘ozlar uchun qimmatli vaqtlarini, mahalla esa resurslarini sarflayotgani ayanchli hol edi.

Shunchaki, turli ma’lumotlar bazalarini o‘zaro integratsiyalash orqali talay sarsongarchiliklar va qog‘ozbozliklarga barham berish mumkin. Endi shunday bo‘ladi ham.

Xulosa

Pirovard maqsad xalqning davlat xizmatlaridan roziligiga erishishdir. Davlat idoralariga ishi tushgan fuqaro professional, ko‘tarinki kayfiyatdagi davlat xizmatchisi bilan muloqot qilsa, ishi tez bitsa, ortiqcha vaqt va asab sarflamasa, ovora-yu sarson bo‘lmasa, bu albatta, insonlarning davlatga ishonchini mustahkamlaydi. O‘z turmushi va yashayotgan yurtidan rozilik hissini yuzaga keltiradi. Natijada davlat xalqning qo‘llab-quvvatlovi va ishonchiga sazovor bo‘ladi.

Shahnoza Soatova,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring