Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bosh prokuror «tutab», ko‘plarning «po‘stagini qoqdi»!

Bosh prokuror «tutab», ko‘plarning «po‘stagini qoqdi»!

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

1

Tartib-tamoil shunday: muayyan masalada yig‘ilish qilinar ekan, avvaliga bu borada amalga oshirilgan, erishilgan natijalar qayd etiladi. So‘ng muammolar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga e’tibor qaratib, ularning kelib chiqishi sabablariga urg‘u berilish asnosida mutasaddilar «oborib-olib kelinadi».  Bosh prokuror raisligi o‘tadigan yig‘ilishlarda-ku, inchunin!

2

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham ayni tartib-taomilga teskari bormadi.  Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashining kengaytirilgan yig‘ilishning (yig‘ilish videoselektor tarzida o‘tdi) «bismillosi»da bu borada amalga oshirilgan ishlar xususida muxtasar to‘xtaldi. Aytdiki, O‘zbekistonning hozirgi yangi taraqqiyot bosqichida prezident Shavkat Mirziyoyev  tomonidan sud - huquq, jumladan, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi. So‘nggi uch yilda soha faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan 150 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Eng asosiysi, bu soha huquqbuzarliklar oqibati bilan kurashish emas, balki ularni barvaqt oldini olish zarurligi tamoyili asosida isloh qilinmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida birgina 2019 yilda umumiy jinoyatlar qariyb 3 mingtaga yoki 6 foizga kamayib, yurtimizda kriminogen vaziyat barqarorligi saqlandi. Mavjud 9.116 ta mahalladan 3.074 tasi yoki har uchinchisida jinoyat qayd etilmadi.

Lekin...

3

Hamma balo mana shu «lekin»da!

Turgan gap, «lekin»lar huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyatida kuzatilayotgan ayrim kamchilik va nuqsonlar sohadagi islohotlarga soya soladi. Shunday bo‘lmoqda ham. 2019 yilda jinoyatlar soni Buxoro, Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari vaToshkent shahrida yuqoriligicha qoldi. Qotillik jinoyati Toshkent, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida, og‘ir shikast yetkazish Qashqadaryoda, nomusga tegish Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryoda, bosqinchilik Sirdaryo, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida sezilarli oshganiga nima deysiz?! Xullas, profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida  51 ta tuman va shaharlarda qotillik jinoyati ko‘paygan!

4

Vaziyatning  eng og‘riqli nuqtasi shundaki, ushbu jinoyatlarning 28 foizi er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘illar o‘rtasida yuz bergan. Masalan, biron joyda ishlamagani yetmaganday ichkilikka ruju qo‘ygan izboskanlik (Andijon viloyati) K. uyida mast holda nogiron otasi va onasi bilan janjallashib, ularni shavqatsizlarcha o‘ldirgan. Samarqand shahrida Yu. esa otasining mast holda uning o‘g‘lini so‘kkani orasidan kelib chiqqan arzimagan janjal oqibatida padarkushga aylandi.

5

Ayrim hujudlarda ichkilikka ruju qo‘ygan va ilgari sudlangan shaxslarning yuritish-turishiga yetarli e’tibor berilmayotgan ko‘rinadi. Nega desangiz, Navoiy, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida «o‘tirib chiqqan» shaxslar yoki mast holda jinoyat sodir etish holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda. Misol uchun, Yunusobod tumanida ma’muriy nazoratda bo‘lgan K. spirtli ichimlikka ruju qo‘yib, 4 yoshli qizini 4-qavatdan pastga tashlab yuborib, qotilikka qo‘l urgan.

Ichki ishlar vazirligida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etishga mas’ul  Probatsiya xizmatiga yuklatilgan vazifalar yetarlicha bajarilayotgani yo‘q. Aks holda, muqaddam giyohvandlik moddasini o‘tkazish jinoyati uchun sudlanib, Guliston shahar IIB probatsiya xizmatida jazo o‘tayotgan B. jinoiy sheriklari bilan fuqaro M.ning uyiga bostirib kirib, 90 mln. so‘mlik tilla buyumlarini qo‘lga kiritishga qayda jur’at topardi?! Yoki, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati uchun sudlanib, Jizzax shahar IIB probatsiya xizmatida hisobda turgan T. (jinoiy sheriklari bilan niqobda) fuqaro A.ning uyiga bostirib kirib, voyaga yetmagan farzandini qo‘l va oyoqlarini bog‘lab, 250 mln. so‘m puli va 32 mln. so‘mlik tilla buyumlarini egallagan-chi?!

6

Ayrim mahallalarda jinoyat qayd etilmayotgani bor gap. Biroq mahalladardagi umumiy manzara huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda davlat boshqaruv idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorlik hamon to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatmoqda.  Yo‘qsa, o‘tgan yilda mamlakatdagi qariyb 67 foiz mahallalarda jinoyat sodir etilarmidi?! Insoniyat bor ekan, biror qilmish sodir etilmasligining iloji yo‘q, to‘g‘ri. Biroq   1.797 ta mahallada jinoyatlar soni kamayish o‘rniga battar oshib ketganiga nima deysiz?!  Bu kriminogen vaziyati og‘ir va aholi soni ko‘p mahallalarga huquqiy sohada yetarli bilim va tajribaga ega xodimlarni profilaktika inspektori lavozimiga tayinlash zarurligi ko‘rsatmoqda.

7

Sodir etilgan jinoyatlarni mahallada muhokama qilish va sabablarini bartaraf etish mahalla raislaridan faollikni talab qiladi.  Hamma balo shundaki, barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari bu jarayonga tayyor emas. 2019 yilda 32 nafar mahalla raisi, 16 nafar posbon va kotiblar turli jinoyatlarga qo‘l urgani ko‘p narsalarga dalolat qilmoqda. Misolmi? Marhamat: Buxoro tumanida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi E.firibgarlik yo‘li bilan fuqaro B.ning 800 AQSh dollarini qo‘lga kiritganda ushlandi.

Bunday misollar bitta bo‘lsa, koshki...

8

Jinoyatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Har bir qilmish favqulodda holat sifatida baholanmas ekan, kutilgan natijaga erishish qiyin. Ayollar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar haqida-ku, og‘riq bilan gapirmaslikning iloji yo‘q. O‘tgan yili xotin-qizlar tomonidan  11 ta bosqinchilik, 38 ta qotillik, 75 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 484 ta o‘g‘rilik va 202 ta giyohvand moddalar muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urilgani barchani birdek tashvishlantirishi kerak. Kosonlik 25 yoshli Z. yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini 5 mil. so‘mga sotayotganda qo‘lga tushgani yetarlicha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Holat o‘rganilganda ayon bo‘ldiki, Z. ham, uning onasi ham kam ta’minlangan, ko‘p yillardan buyon ishsiz ekani oydinlashdi. Masalaga bosibroq qarlasa, jinoyat ildizi mutasaddilar tomonidan ularni ish bilan ta’minlash, hayot tarzini o‘rganish choralari ko‘rilmaganiga borib taqaladi. Tergovda  bechoar Z. gapning po‘stkallasini aytdi-qo‘ydi:  u farzandi og‘ir sharoitda voyaga yetishini xohlamaganligi  uchun uni sotishga qaror qilgan!

Shundan kelib chiqilsa, muammolarni hal etishda xotin-qizlar qo‘mitalari, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi ham yetarli tashabbus ko‘rsatmagani ayon bo‘ladi.

9

Sodir etilgan jinoyatlar haqida gap ketar ekan, yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar qo‘l urayotgan qilmishlar xususida alohida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Katta taassuf  bilan aytish shartki, maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oshgan. Bitta misol keltiraylikmi? Poytaxtning Yashnobod tumanida maktab o‘quvchisi Sh. o‘zaro janjal oqibatida tanishi X.ni o‘ldirib, jasadini hovlidagi quduqqa tashlab yuboradi! Buyam yetmaganday  voqeaga guvoh bo‘lgan marhumning turmush o‘rtog‘i X. va uning dugonasi K.ni ham o‘ldirish maqsadida hayotiga suiqasd qilgan. Eng yomoni, yosh bo‘la turib qo‘li qonga botga Sh. 7 oy davomida darsga qatnashmasdan, marhum X.ning uyida ishlab kelgan bo‘lsada, sinf jurnallarida «sababli dars qoldiruvchi» sifatida qayd etib kelingan...

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda davomat muhim ahamiyat kasb etadi.

Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan davomat tadbirida 2019 yil 9—14 noyabr kunlari Toshkent shahar maktablarida 4.215 nafar, 11-27 noyabr kunlari Qashqadaryoda 1.057 nafar o‘quvchi darslarga sababsiz qatnashmaganligi aniqlangan.

Demak, mutasaddilar oldiga qo‘yiladigan savollar yetarli.

10

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida pichoq va boshqa sovuq qurollar olib yurish holatlari ko‘payganligini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. E’tibor bering, birgina 2019 yilda ta’lim muassasalarida 210 nafar o‘quvchilar sovuq qurol olib yurganligi aniqlangan. Yunusobod tumanidagi maktab o‘quvchisi Yu. otasiga tegishli pnevmatik avtomatni 1.188 dona metall o‘qlari bilan maktabga olib kelgani hammasidan oshib tushdi. O‘tgan yilda yoshlar tomonidan pichoqdan qurol sifatida foydalanib, 346 ta jinoyat sodir etilgan. Bular asosan, qotillik, tan jarohati yetkazish, bosqinchilik va bezorilik jinoyatlaridir. Ularning aksariyati Surxondaryo, Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan...

Qani, mas’ullar bu kabi misollarga nima der ekan?!

11

Bu hali hammasi emas. Jinoyatni hisobga qo‘yish, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatida ham kamchiliklar yetarli. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayrim xodimlari tomonidan inson huquqlarini poymol etish holatlari hanuz uchrab turganiga toqat qilib bo‘lmaydi. Jinoyatchilikka qarshi kurashga mas’ul bo‘lgan ayrim xodimlarning o‘zi jinoyat sodir qilayotganiga ham favqulodda holat sifatida qaralib, tegishli jazo ham shunga monand bo‘lmog‘i kerak. Aks holda, qilmishlarga «baraka» kirishidan tashqari bir-ikkita «pogon»li sabab aholida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik shakllanishi ehtimoli yuzaga keladi.

Qonunsizlikning eng xavfli jihati shunda!

12

Bosh prokuror ma’ruzasini «e’tibor uchun rahmat» deya yakunlagan bo‘lsa-da, bu yoppasiga bildirilgan minnatdorchilik emasligi ayon edi. Aksincha, yig‘ilishning «qaynoq joylari» undan keyin boshlandi. Qayd etilgan raqamlardan kelib chiqib, mutasaddilarlardan birma-bir izohlar talab qilindi. Ayni jarayonda ayrim mas’ullar yaxshigina «terlatilgan» bo‘lsa, ba’zilari tuzukkina «oborib-olib kelindi».

Pirovardida, muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinishini bilasiz. Tegishli qarorlar sabab necha nafar mas’ullarga qanday chora ko‘rilgani, qanchasi egallab turgan lavozimga noloyiq deb topilib, yana qanchasining javobgarlik masalasi hal etilgani ­­— bu endi alohida mavzu.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring