Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Biznes va shaharsozlik uchun yer taqdim etish. Bu qanday ishlaydi?

Biznes va shaharsozlik uchun yer taqdim etish. Bu qanday ishlaydi?

Foto: «Xabar.uz»

1-oktyabrdan ishga tushadigan mexanizm Prezidentning 26.08.2019-yildagi PQ-4427-son qarorida batafsil ta’riflangan, deyiladi «Norma» sharhida.

Eslatib o‘tamiz, 1-oktyabrdan boshlab biznes va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari hududlarda faqat «E-IJRO AUKSION» orqali taqdim etiladi (Prezident va Hukumatning qarorlariga muvofiq yer uchastkalari berish hollari bundan mustasno), jismoniy va yuridik shaxslar esa «YERELEKTRON» AATda yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish uchun joylashtirish to‘g‘risida takliflar kiritishga haqli (13.08.2019-yildagi PF-5780-son Farmonga qarang).

Qabul qilingan hujjat to‘rtta asosiy bosqichda harakatlar izchilligini belgilagan holda mazkur tartibni aniqlashtiradi.

 Birinchidan, yer uchastkalari bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish qismi bo‘yicha:

  • «YERELEKTRON» AATga yer uchastkalari bo‘yicha ma’lumotlarni kiritish «Davergeodezkadastr» organlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ma’lumotlar «YERELEKTRON» AATga kiritilganda «Davergeodezkadastr» organlari tomonidan 5 ish kuni mobaynida qonunchilikda nazarda tutilgan zarur materiallar tayyorlanadi. Bu ishlarning qiymati yer uchastkasini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
  • yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishish va (yoki) u bo‘yicha xulosalar berish vakolatli tashkilotlar tomonidan faqat elektron shaklda «YERELEKTRON» AAT orqali unga yer uchastkalari bo‘yicha ma’lumotlar kiritilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi;
  • yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishishda Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan hududlarni rivojlantirish rejalari va qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida aniq yer uchastkasida qurilishi ruxsat berilgan yoki taqiqlangan ob’yektlar turi aniqlanadi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqiladi. Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish xarajatlari yer uchastkasini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
  • yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishishda tuman (shahar) ekspluatatsiya tashkilotlari tomonidan ham muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar taqdim etiladi;
  • elektron onlayn-auksionga qo‘yiladigan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning turi yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishishda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi;
  • endi yer uchastkasini tanlash materiallari yuzasidan Davlat geologiya qo‘mitasi, yong‘in xavfsizligi hududiy boshqarmalari va bo‘limlari, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatining hududiy tashkilotlari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, tumanlar (shaharlar) DSIlarining xulosasini olish zarur emas.

 Ikkinchidan, yer uchastkasini «Ye-IJRO AUKSION»ga qo‘yish qismi bo‘yicha:

  • yer uchastkasi to‘g‘risida majburiy ko‘rsatiladigan ma’lumotning minimal hajmi unga bo‘lgan huquq turi, maydoni (gektarda) va joylashgan joyi, elektron onlayn-auksionga qo‘yiladigan yer uchastkasiga tutash yer uchastkalari (ob’yektlari)ning belgilangan maqsadi turlari, yer uchastkasi kiradigan yerlar toifasi va turi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarigacha bo‘lgan masofa to‘g‘risida ma’lumot, mazkur yer uchastkasida qurilishga ruxsat berilgan yoki taqiqlangan ob’yektlar turlari ro‘yxati, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va texnik shartlarni o‘z ichiga olishi lozim;
  • yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi yer uchastkalarining tasdiqlangan minimal qiymati asosida «Davergeodezkadastr» organlari tomonidan kelishuv amalga oshirilgandan va ijobiy xulosa berilgandan so‘ng 5 ish kuni ichida aniqlanadi. Har bir tuman uchun yer uchastkalarining minimal qiymati har yili 10 iyun va 10 dekabrgacha tasdiqlanadi. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning turi, yer solig‘ining yillik miqdori, yer uchastkasini tanlash bo‘yicha materiallarni tayyorlash xarajatlari, shuningdek, yer uchastkasining joylashgan joyi, unda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish nuqtalarining mavjudligi yer uchastkasining minimal qiymatini belgilash mezonlari hisoblanadi;
  • tuman (shahar) hokimligi tomonidan yer uchastkasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy bo‘linmalari kelishilgan va ijobiy xulosalar olingandan so‘ng 5 ish kuni mobaynida yer uchastkasiga nisbatan investitsiya majburiyatlarini belgilaydi;
  • yer uchastkasi «Ye-IJRO AUKSION»ga «YERELEKTRON» AAT orqali avtomatlashtirilgan tartibda yer uchastkasining boshlang‘ich narxi aniqlangan va investitsiya majburiyatlari belgilangandan so‘ng qo‘shimcha qarorlar qabul qilinmasdan joylashtiriladi.

 Uchinchidan, yer uchastkasini elektron onlayn-auksionda sotish qismi bo‘yicha:

  • elektron onlayn-auksion o‘tkazish to‘g‘risida xabardor qilish va lot to‘g‘risidagi ma’lumotni joylashtirish auksion boshlanishidan 15 kalendar kun oldin amalga oshiriladi, elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish muddati u o‘tkaziladigan kundan oldingi kuni soat 24:00 da yakunlanadi;
  • elektron onlayn-auksion o‘tkazilmagan deb topilganda, yer uchastkasining boshlang‘ich narxini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlarining auksion g‘olibi nomiga yer uchastkasini ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;
  • yer uchastkasining narxi to‘liq to‘langandan so‘ng elektron onlayn-auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma auksion g‘olibi nomiga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun «Davergeodezkadastr» organlariga, shuningdek auksion g‘olibiga investitsiya majburiyatlarini bajarish tarmoq jadvalini berish uchun tuman (shahar) hokimligiga elektron shaklda yuboriladi;
  • yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bayonnoma olingan kundan boshlab 2 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi va tegishli tartibda auksion g‘olibiga yuboriladi;
  • investitsiya majburiyatlarini bajarish tarmoq jadvali tuman (shahar) hokimligi tomonidan 5 ish kuni mobaynida tayyorlanadi va auksion g‘olibiga topshiriladi;
  • yer uchastkasining qiymati BHMning 5 000 barobaridan ortiq bo‘lsa, auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab 5 bank kunidan kechiktirmasdan elektron onlayn-auksion davomida belgilangan narxning 50%i miqdorida avans to‘lovi kiritilishiga ruxsat etiladi. Zakalat kiritilayotgan avans to‘lovi hisobiga qabul qilinadi. Qolgan summa elektron onlayn-auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab 30 kalendar kundan kechiktirmasdan kiritiladi;
  • yer uchastkasi elektron onlayn-auksionda 2 oy mobaynida sotilmagan taqdirda, manfaatdor shaxslarning arizasiga ko‘ra yer uchastkasi «Davergeodezkadastr» organlari tomonidan qayta kelishilmasdan birlashtirilishi yoki alohida qismlarga ajratilishi mumkin. Zaruratga ko‘ra, Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan birlashtirilgan yoki ajratilgan yer uchastkalarida qurilishi taqiqlangan ob’yektlar turlari ro‘yxati yangilanadi.

 To‘rtinchidan, arxitektura va qurilish ishlarini amalga oshirish qismi bo‘yicha:

  • qurilish ob’yektlarining shaharsozlik hujjatlarini majburiy ekspertiza qilish talab etilmaydi, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish ob’yektlari bundan mustasno;
  • Qurilish vazirligining bo‘linmalari tomonidan loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishish hamda ob’yektning zilzilaga bardoshliligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha loyihaviy yechimlarini ekspertiza qilish bir vaqtda amalga oshiriladi;
  • loyiha tashkilotlari tomonidan (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tashkilotlaridan tashqari) ishlab chiqilgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishish qurilish organlari tomonidan bino, inshoot va boshqa ob’yektlarning qurilish loyiha-smeta hujjatlarini kelishish jarayoni bilan bir vaqtda amalga oshiriladi;
  • bino va inshootlarning kadastr yig‘majildini tayyorlash ularni foydalanishga qabul qilishga qadar Davlat xizmatlari markazlariga berilgan arizalarga asosan amalga oshiriladi. Qabul qilish yakunlanganidan so‘ng Ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan ko‘chirma beriladi.

Yuqorida ta’riflangan tartibning buzilishi davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikning buzilishi deb hisoblanadi va, binobarin, belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi (MJTKning 2155 -moddasi). Bosh prokuratura va Adliya vazirligi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotishga oid qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatadi, aybdor shaxslar – javobgarlikka tortiladi.

 Auksion g‘olibi yoki yer uchastkasiga nisbatan huquqqa ega bo‘lgan shaxsning aybi bo‘lmagan taqdirda, ma’muriy tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun elektron onlayn-auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy bo‘linmalari har chorakda yer uchastkasiga nisbatan investitsiya majburiyatlari bajarilishi monitoringini amalga oshiradi. Monitoring natijalari zarur hollarda tegishli choralar ko‘rish uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuboriladi.

2020-yil 1-martga qadar tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish bo‘yicha «YER AUKSION» elektron savdo maydonchasi ishlab chiqilishi kerak. Unga «E-IJRO AUKSION»dan yer uchastkalarini sotish jarayonlari o‘tkaziladi. 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.08.2019-yildan kuchga kirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring