Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afrika: 22-asr taqdiri kimning qo‘lida?

Afrika: 22-asr taqdiri kimning qo‘lida?

Afrikaning sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi.

Foto: «Regnum»

Agar sizni butun dunyo kelajagi qiziqtirsa, diqqatingizni Afrikaga qaratishingizga to‘g‘ri keladi. Keling, tafsilotlarni aniqroq dalillashdan boshlasak, masalan, Afrika demografiyasidan.

BMT prognoziga ko‘ra, 2050-yilga borib Afrika qit’asi aholisi ikki baravarga ko‘payib, 2,4 mlrd. kishiga yetadi. Asrimiz yakunida esa 4,3 mlrd. kishiga yetishi kutilmoqda. Bu vaqtga kelib jami insoniyatning qariyb uchdan bir qismi Afrika qit’asida yashayotgan bo‘ladi, deb yozadi Afshin Molavi «Syndication Bureau» nashri uchun yozgan maqolasida.

21-asr Osiyo asri bo‘ladi, deb ko‘p gapirishadi, biroq joriy asr oxiriga borib Afrika Osiyoni deyarli quvib yetadi. Unda 22-asrni Afrika asri bo‘ladi, deyish mumkinmi?

Afrika murakkab yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Bu qit’aning ayni vaqtda, shuningdek, kelgusida duch keladigan eng katta muammolaridan biri yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘lib qolaveradi. Afrika taraqqiyot banki ma’lumotiga ko‘ra, Afrika aholisi 2,4 mlrd. kishiga yetganida, uning taxminan uchdan bir qismini yoshlar tashkil etadi. Bu esa 800 mln.ta yangi ish o‘rinlariga ehtiyoj tug‘ilishini anglatadi.

Afrikalik bolakay. Foto: «Regnum»

Afrika taraqqiyot banki keyingi o‘ttiz yil mobaynida qit’a aholisi o‘sishini «sekin harakatga keluvchi bomba»ga qiyosladi. Shuning uchun ham erkin savdo bo‘yicha yangi Afrika mintaqaviy kelishuvi (AfCFTA) hayotiy muhim ahamiyatga ega deb topildi. Bitimni qit’adagi 55 mamlakatdan 54 tasi (Eritreyadan tashqari) imzoladi, yanagi yilning 1-mayidan kuchga kirajak bu muhim hujjat 1995-yili Jahon savdo tashkiloti tuzilganidan keyingi dunyodagi eng yirik erkin savdo zonasi barpo etilishiga olib keladi.

Xorijlik sarmoyadorlar ko‘pincha Afrika ichida savdo-sotiq yo‘qligidan nolishadi, bu kichikroq mamlakatlarga sarmoya kiritilishiga to‘sqinlik qiladi. Aholisi qariyb 200 mln. kishini tashkil etuvchi Nigeriya sarmoyadorlarni o‘ziga jalb etadi; aholisi 20 mln.dan sal ko‘proq qo‘shni Niger esa ularni unchalik qiziqtirmaydi.

AfCFTA — bu o‘rinli asos, biroq tezroq inqilob sodir bo‘lishini kutib o‘tirish yaramaydi. Ulkan to‘siqlar hali-hanuz saqlanib qolmoqda. Asosan rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida imzolangan bunday miqyosdagi erkin savdo bo‘yicha kelishuv faqat bir necha yillardan keyingina foyda keltirishi mumkin. Biroq YeI va Qo‘shma Shtatlarning ayrim hududlarida o‘sib kelayotgan antiglobalchilik kayfiyati fonida AfCFTA kuchli va zarur posangiga aylanishi mumkin.

Bugun Afrika aholisining o‘rtacha yoshi 20 ga teng. Taqqoslash uchun: iqtisodi rivojlangan YeI, AQSh va Yaponiyada mediana (o‘rtacha yosh) 42 ni tashkil etadi. Ulkan miqdordagi yosh aholini inobatga olib, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Afrika mamlakatlari 2035 yilgacha har yili 18 mln.tadan yangi ish o‘rinlarini yaratishiga to‘g‘ri keladi.

Xitoy afrikaliklarga ish o‘rinlari ochmoqda. Foto: «Rdrevilo»

Bu ish o‘rinlari qayerdan kelib chiqadi?

Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish asrida kam malakali va yarim ixtisosli ish o‘rinlarini robotlar egallaydi. AQSh bilan Xitoy o‘rtasidagi davomli savdo urushi Afrikadagi vaziyatni chigallashtiradi. Xitoyning Afrika xom ashyo tovari yirik importchisi sifatidagi roli, shuningdek, AQShning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyador borasidagi o‘rni hayotiy muhimligi hisobga olinsa, Vashington va Pekin o‘rtasidagi savdo munozarasi Afrika qit’asi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi muqarrar.

Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Afrika tarixida samarali iqtisodiy o‘zgarishlar ham kuzatilgan. Yosh afrikalik tadbirkorlar innovatsiyalar yaratib, ularni tatbiq etishmoqda, yirik Afrika korxonalari esa regional darajaga ko‘tarilishdi va global darajaga chiqishdi. Boshqa tomondan, o‘rta sinfning o‘sishi qit’adagi katta-katta shaharlarda «iste’mol portlashi»ga olib keldi. Xorijiy madad qanchalik muhim o‘rin tutmasin, Afrikaning yetakchi davlatlari xuddi dunyoning boshqa mamlakatlari kabi iqtisodiy o‘sish xususiy sektor qo‘l ostida ta’minlanishiga ehtiyoj sezmoqda.

Hozirgi kunda «Global janub»ga sarmoya va savdo-sotiqning o‘sishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etib boryapti. «Global janub» mamlakatlari qachon G‘arbdan yordam kelarkin deb qo‘l qovushtirib o‘tirishgani yo‘q, ularning o‘zlari boshqa rivojlanayotgan bozorlar bilan hamkorlik yo‘llarini qidirishga kirishib ketishgan.

Dubay qaysidir ma’noda «Afrika Mayamisi» bo‘lib qoldi: Afrika biznesi, savdo-sotig‘i, moliya va turizmi uchun yirik markazga aylandi, BAA tashkilotlari esa Afrika iqtisodiyoti uchun yirik sarmoyadorlarga aylanishdi. Abu-Dabi va Dubayning «Etisalat» va «Emirates» kabi kompaniyalari Afrika ichkarisigacha kirib borib, mintaqaviy savdo-sotiqning yetakchi ishtirokchilariga aylanishdi. Dunyodagi eng yirik port operatorlaridan sanalgan «DP World» (uning ham shtab-kvartirasi Dubayda) Afrika qit’asidagi 8 ta dengiz va ichki terminallar boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan. Dubayning savdo-sanoat palatasida juda ko‘p sonli (12 mingta) Afrika korxonalari ro‘yxatga olingan.

Dubay. Foto: «Regnum»

Saudiya Arabistoni yaqindagi sarmoya rejasi doirasida JAR neftni qayta ishlash va neft-kimyo sohasiga $10 mlrd. miqdorida yirik sarmoya ajratganini ma’lum qildi. Saudiya Arabistonining yirik sanoat korxonalari («Saudi Aramco», «SABIC» neft-kimyo kompaniyasi kabilar) yaratish sohasidagi tajribasi qit’aga tatbiq etilsa juda ko‘plab yangi ish o‘rinlarini ochish mumkin bo‘ladi.

Turkiya ham sarmoyasini ayamayapti, xususan, «Turkish Airlines» samolyotlari Afrika osmonida tobora ko‘payib boryapti. Marokash Yevropa ittifoqini Sahroi Kabirdan janubda joylashgan mamlakatlar bilan bog‘lovchi o‘ziga xos havo, moliya va ta’lim markaziga aylanib borayotgan bo‘lsa, Misr yirik raqamli texnologiyalar markazi bo‘lish uchun o‘z kuchini texnika sohasida sinab ko‘rmoqda.

Shunday ekan, Yaqin Sharqni Afrika bilan bog‘lovchi yanada kengroq chegaralararo savdo va sarmoya oqimlari har ikki tomonni boyitishi mumkin. Davrani kattaroq olish kerak. Hatto Dubay ham Dakardan ko‘p narsalarni o‘rganishi mumkin, Abu-Dabi esa mo‘l-ko‘l tajribasini bemalol Addis-Abebaga ulashsa bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring