Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«26 yoshgacha fuqarolar daromad solig‘idan ozod etilgan». Xorijdagi vatandosh bilan suhbat

«26 yoshgacha fuqarolar daromad solig‘idan ozod etilgan». Xorijdagi vatandosh bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

Polsha Yevropaning o‘ziga xos va betakror tabiatiga ega davlatlaridan biri. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda qariyb 39 mln. aholi istiqomat qiladi.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasida, hozirgi kunda Varshava shahridagi Vistula universitetida tahsil olayotgan hamyurtimiz Ulug‘bek Fayziyev bilan suhbat uyushtirdi.

Ulug‘bek, keling suhbatimiz avvalida siz bilan tanishib olsak?

1997 yili Buxoro viloyatining Olot tumanida tug‘ilganman. Buxoro viloyatida o‘rta-maxsus ta’limni tugatib, oliy ta’limni o‘zlashtirish maqsadida Markaziy Yevropaning nufuzli oliygohlaridan biri — Varshava shahridagi Vistula universitetiga keldim. Hozirda universitetning Iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olyapman.

— Nima uchun aynan Polshada tahsil olishga qaror qildingiz?

Aynan Polsha davlatini tanlaganimning bir necha sabablari bor. Iqtisodiy salohiyatli davlatlarda ta’lim olib, amaliyot o‘tab, faqatgina rivojlanib bo‘lgan davlatdagi iqtisodiyotni o‘rgangandan ko‘ra, Polsha kabi hozirda geografik joylashuvi va iqtisodiy imoniyatlari bilan jadal rivojlanayotgan va jahon davlatlari reytingida o‘zini tiklab borayotgan davlatni tanlashni ma’qul topdim.

Chunki rivojlangan davlat iqtisodiyotini o‘rganib yurtimizda buni amaliyotda qo‘llashda yuzaga chiqishi mumkin bo‘lgan muammo va kamchiliklarni hisobga olishdan ko‘ra, rivojlanayotgan iqtisodiyotni o‘zlashtirib, bu tajribani o‘z iqtisodiyotimizda qo‘llash oson va samarali kechadi. Bir so‘z bilan aytganda, rivojlangan davlatni bilish mumkin. Lekin qanday qilib rivojlanishni bilish masalaning eng og‘riqli tomoni deb hisoblayman.

Ushu mamlakatni tanlashimning sabablaridan yana biri, Polshada yashash har tomonlama hamyonbopligi, ish haqiga nisbatan narx-navoning mutanosibligi. Shu tufayli ham ko‘plab xorijiy talabalar Polshada tahsilni afzal ko‘rishyapti. Qolaversa, mamlakatda xalqaro muhitning mavjudligi va boshqa yana bir qancha ijobiy omillar ham buning sababi bo‘la oladi.

— Sizningcha tahsil olayotgan yo‘nalishingizning dunyodagi ahamiyati qay darajada?

Dunyodagi barcha mamlakatlar boshqaruvida iqtisodiyot sektori yurak vazifasini o‘taydi. Umuman, iqtisodiyotsiz taraqqiyot yo‘q. Albatta, iqtisodiyot juda keng va murakab soha. U cheklangan resurslardan unumli foydalanib cheklanmagan ehtiyojlarni qondirishdir va bu har bir soha bilan chambarchas bog‘liq. Biznes va tadbirkorlikning asosi ham — iqtisodiyot. Qisqa qilib aytish mumkinki, iqisodiyot dunyoni boshqaradi. Har bir davlatning qay darajada salohiyatli ekanini bildiruvchi faktor bu uning iqtisodiyoti. Uning dunyodagi ahamiyati ham shunda, deb o‘ylayman.

— Polsha va polshaliklar haqida qanday taassurotlarga egasiz?

Polsha davlati Visla va Odra daryolari havzasi, shimolida Boltiq dengizi va janubida Karpat va Sudet tog‘lari oralig‘ida joylashgan. Hududining 90 foizdan ko‘prog‘i tekislik va pasttekislik, janubida tog‘liklar bor. Umuman, mamlakat ajoyib tabiatga ega.

Foto: «Xabar.uz»

Deyarli bir yil davomidagi qiziqishlarim va solishtirishlarimdan kelib chiqib ayta olamanki, polshaliklar baxtli va hayotlaridan mamnun. Umumiy bir millat sifatida o‘z urf-odatlari, dini va, eng asosiysi, o‘z milliy tilini juda ham qattiq sevishadi. Bu menda o‘zgacha taassurot qoldirgan. Biz kabi xorij fuqorolari bilan juda do‘stona va samimiy munosabatda bo‘lishadi. E’tiborlisi, polshaliklarning oilani sevish va hurmat qilish odatlari o‘zbekistonliklarga juda o‘xshash.

— O‘zbekistonda Polshadagi qanday yangilik yoki innovatsiyalarni joriy qilish mumkin, deb o‘ylaysiz?

Bu yerda e’tiborimni tortgan jihatlardan biri qonunlarning yengilligi va insonparvarligi bo‘ldi. Misol uchun, kelganimdan buyon bir necha marotaba huquqiy masalalarga duch keldim. Mulklarni sotib olish yoki ijaraga olish amaliyotlari shular sirasidan va bularning hech birida notarius xizmatlariga zarurat tug‘ilmadi. Ortiqcha qog‘ozbozliklar va yugur-yugurlar deyarli yo‘q. Eng qizig‘i, mamlakatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 26 yoshgacha fuqarolar daromad solig‘idan ozod etilgan.

Shuningdek, Polshada sog‘lom turmush tarziga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jamoat transportiga tenglashtirilgan maxsus imtiyozli ko‘cha velosipedlari, bepul stadion va o‘yingohlar, piyodalar bilan bir qatorda ko‘zi ojizlar va velosipedda harakatlanuvchilar uchun maxsus yo‘laklar tashkil qilingan. Hammasidan farqli o‘laroq, dam olish kunlarida mahalliy bog‘cha va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ishtirokida bog‘lar, sayilgohlar hamda aholi gavjum maskanlarda konsert va spektakllar namoyish etiladi. Bu bola tarbiyasi va rivojlanishida, keng jamoat oldida o‘zini tuta bilishi, shu bilan birga, bolaning o‘ziga ishonchini uyg‘otish yo‘lida qilinayotgan choralardir. O‘ylashimcha, mamlakatimizda ham shu kabi tadbirlarni amalga oshirish foyda beradi.

— Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?

Iqtisod-moliya sektori loyihalarini tahlil qilish, moliyalashtirish, qimmatli qog‘ozlar, xalqaro iqtisodiy aloqalar va savdo yo‘nalishlariga qiziqishim baland va kelajakda faqatgina mazkur sohalarda o‘zimni ko‘raman. Shu sababli universitetdagi o‘quv dasturlarimizdan tashqari «CFA» (Chartered Financial Analyst) institutining Varshavadagi markaziga a’zo bo‘lganman. Hozirda ushbu dastur bo‘yicha o‘z malaka va tajribalarimni oshiryapman.

Har bir inson o‘z oldiga turli maqsadlar qo‘yadi va ularga erishish yo‘lida harakat qiladi, intiladi. Men ham to‘liq oliy ta’limni tamomlab, albatta, mamlakatimizga qaytaman. Yetuk mutaxassis sifatida O‘zbekistonimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqchiman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring