Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vadim Abramov: «Saudiyada issiq bo‘ladi, to‘g‘ri. Ammo ular ham «protivogaz» kiyib o‘ynamaydiku!»

Vadim Abramov: «Saudiyada issiq bo‘ladi, to‘g‘ri. Ammo ular ham «protivogaz» kiyib o‘ynamaydiku!»

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov JCh saralashi doirasida Falastinga qarshi kechgan bahsdan so‘ng (2:0) matbuot anjumanida ishtirok etib, fikrlarini bildirib o‘tdi.

— O‘yin sizga yoqdi, deb o‘ylayman. Shaxsan men uchun uch kun oldingi mag‘lubiyat hali unutilganicha yo‘q. Yigitlarga g‘alaba uchun rahmat. Hisob o‘yinga mos bo‘ldi, deb o‘ylayman.

— O‘yinning 70-daqiqasidan so‘ng futbolchilar charchab qolmoqdami? Nima uchun ular oxirigacha o‘ynamayapti, asabbuzarliklar boshlanmoqda?
— Gap shundaki, oxirgi daqiqalarda to‘pni nazorat qilish kerak va bu ishni maydonning raqibga tegishli qismida amalga oshirish lozim. Hozircha futbolchilar buni tushuna olmayapti. Bu ishni to‘g‘rilasa bo‘ladi va biz yig‘inlar davomida shunga harakat qilamiz.

— Odil Ahmedov markaziy himoyada o‘ynashda davom etadimi yoki yana himoyaga qaytadimi?
— Hozir faqat oldinga qarash lozim. Oldinda esa Chempionlar ligasi o‘yinlari bor va biz yangi nomzodlarni ko‘rishda davom etamiz. Agarda himoya yaxshi o‘ynasa, Odil markazda qoladi.

— Qarshi hujumga o‘tishda tezlik yetishmadi. Nima uchun uzoqdan yo‘llangan zarbalarni ko‘rmadik?
— Ikkita gol urib olgandan so‘ng o‘yinni biroz tashlab qo‘ydik. Bunday o‘yinda bizda imkoniyatlar bo‘lishi lozim edi. Afsuski oxirgi uzatmalar o‘tmay qoldi. Har qanday jamoa raqib bergan imkoniyat doirasida o‘ynaydi.

— Siz bir marta Yaponiyani yutgansiz. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqsak, Saudiyani safarda yenga olamizmi?
— Yaponiyaga qarshi kechgan o‘yinda vaziyat boshqacha edi. O‘sha vaqtda biz Osiyo Kubogidan o‘tgandik, men bir yarim yil davomida jamoani boshqarib turgandim va ancha tajribaga ega edik. Hozir esa vaziyat biroz boshqacha. Futbolchilarimiz yetarlicha iqtidorli ekaniga shubha qilmayman. Vaqt hammasiga baho beradi. Futbolchilar klubdan keladi va ularning holati klublarga bog‘liq. Olti oydan so‘ng nimalar bo‘lishini ayta olmaymiz. Toshkentda bo‘lgan o‘yindan xulosa chiqarsak, o‘yin tomonlama Saudiyadan past emasmiz. To‘g‘ri, jazirama bo‘ladi, ammo ular ham «protivogaz» kiyib o‘ynamaydiku!

— Keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik jarayoni haqida nima deya olasiz?
— Martda Qozog‘iston bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazamiz. Saudiya Arabistoni Braziliya bilan o‘ynamoqda. Agar futbolni ko‘tarishni istasak, kuchli raqiblar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishimiz lozim. Hozircha reja bor, ammo klublar manfaatiga zid ish qilmaslikka intilmoqdamiz. Arveladze bilan bu mavzuda gaplashib oldik. «Paxtakor» Chempionlar ligasida qancha uzoqqa borsa, o‘zbek futboli foydasiga bo‘ladi. Klublar yig‘inlari vaqtida biz ham Amirliklarda bo‘lamiz va raqib topib, o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring