Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sariq» va «yashil» hududlarga sport qaytmoqda

«Sariq» va «yashil» hududlarga sport qaytmoqda

Yurtimizga koronavirus pandemiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 29-maydagi qaroriga asosan 2020-yil 1-iyundan «sariq» va «yashil» hududlarda sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyatiga ruxsat berildi.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan futbol bo‘yicha xalqaro va ichki musobaqalarga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish hamda ularda qatnashish maqsadida, professional futbol klublariga o‘quv-mashg‘ulotlarni sanitariya qoidalari va gigiyena talablariga muvofiq holda boshlashga, 2020 yil 5 iyundan esa O‘zbekiston professional futbol ligasi musobaqalarini davom ettirishga ruxsat berildi. Albatta, futbol o‘yinlari tomoshabinlar ishtirokisiz o‘tkaziladi.

Guvohi bo‘lganingizdek, karantin qoidalari asta-sekin yumshamoqda. Bu esa nihoyat sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘layotganini anglatadi.

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan onlayn videokonferensiya Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra «sariq» va «yashil» hududlarda sport mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga bag‘ishlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan onlayn videokonferensiyada vazirning tegishli buyrug‘iga muvofiq karantin davrida faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublarining faoliyatini tashkil etish bo‘yicha vaqtinchalik talablar o‘qib eshittirildi.

Buyruqqa muvofiq, uch kun muddatda amaldagi karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda «sariq» va «yashil» hududlarda joylashgan sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Qolaversa, sport inshootlari (shu jumladan, ochiq maydonlar)ga kirish-chiqish joylarida fuqarolarning tana haroratini pirometrlarda o‘lchash, 37°S va undan yuqori tana harorati bo‘lgan fuqarolarni sport inshootlariga kiritmaslik va bu haqida sog‘liqni saqlash bo‘limlariga xabar berish, sport tadbirlari hamda badantarbiya mashg‘ulotlarini soat 0730 dan 1830 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida tashkil etishga qat’iy amal qilinadi.

Shuningdek, sport tadbirlarini o‘tkazishda suzish havzalaridan aslo foydalanmaslik hamda sport ta’lim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘ymaslik ko‘zda tutilgan.

Har bir sport inshootida muntazam ravishda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilib, sport tadbirlari va badantarbiya mashg‘ulotlarini hududlarda o‘tkazish bo‘yicha mahalliy hokimliklar, hududiy sog‘liqni saqlash va ichki ishlar boshqarmalari bilan kelishish, mahallalarga biriktirilgan trenerlar tomonidan reja asosida masofani saqlagan holda mahalliy aholi bilan badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazilishi belgilangan. Bunda sport tadbirlari va badantarbiya mashg‘ulotlari davomida mahalliy aholini bir joyda to‘planmaslik choralari ko‘riladi.

O‘z navbatida, sport tadbirlari va badantarbiya mashg‘ulotlarining faol ishtirokchilari hamda g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirib borish ham ko‘zda tutilgan.

Faqat, aholidan talab qilinadigani, berilgan imkoniyatdan samarali foydalangan holda karantin qoidalariga qat’iy amal qilish. Unutmang, karantin qoidalarining yumshatilayotgani – karantin bekor bo‘lganligini anglatmaydi.

O‘zingiz va o‘zgalar salomatligini asrang!

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring