Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xalqaro robototexnika musobaqasida O‘zbekiston umumjamoa hisobida g‘olib bo‘ldi

Xalqaro robototexnika musobaqasida O‘zbekiston umumjamoa hisobida g‘olib bo‘ldi

Foto: «Xabar.uz»

InnoWeek-2019 innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Xalqaro robototexnika musobaqasida yurtimiz yoshlari jamoaviy hisobda birinchi o‘rinni egalladi.

Ikki yosh toifasida (9-16 yoshdagilar «Junior» va 17-23 yoshdagilar «Senior») xalqaro robototexnika musobaqasi joriy yilning 29-31 oktyabr kunlari «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazildi.

Kattalar uchun tashkil etilgan musobaqa ilk marotaba Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Islom taraqqiyot banki, Islom hamkorlik tashkiloti va IHTning Ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha doimiy qo‘mitasi (COMSTECH) bilan hamkorlikda «The First OIC Robotics Challahge» nomi bilan tashkil etilgan bo‘lib, musobaqada IHTga a’zo 25 davlatdan jamoalar qatnashdi.

Xalqaro musobaqaning birinchi kunida «Senior» yosh toifasida «Robo-sumo» musobaqasining saralash bosqichi o‘tkazildi va 18 davlatdan kelgan jami 82 nafar mahalliy hamda xalqaro ishtirokchilar keyingi bosqichga chiqish uchun bellashdilar. Shuningdek, «Junior» yosh tofasidagi «Waste sort out» va «Kegelring» musobaqalarida Markaziy Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan yosh ishtirokchilar qatnashdilar.

Musobaqaning yuqori darajada o‘tishini ta’minlash maqsadida Malayziya, Misr, Pokiston va Turkiyadan mutaxassis hakamlar jalb etildi.

Xalqaro robototexnika musobaqasining ikkinchi kunida «Senior» yosh toifasining «Robo-football» yo‘nilishida 9 ta davlatdan kelgan 40 nafar ishtirokchi o‘rtasida saralash bosqichi hamda «Junior» yosh toifasida «Robo-sumo» bo‘yicha saralash bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqalarning uchinchi kunida ikki yosh toifasida yarim final va final bosqichlari o‘tkazildi. Yarim final bosqichida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun Iordaniya, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan kelgan ishtirokchilar bellashdilar.

«Senior» yosh toifasining «Robo-football» yo‘nalishida Iordaniya, O‘zbekiston, Qozog‘iston vakillari yarim final o‘yinlarida ishtirok etdilar va yakunda Iordaniya va O‘zbekiston vakillari final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Final bahsida Iordaniya vakillari g‘olib deb topildi, O‘zbekiston jamoasi ikkinchi o‘rin, Qozog‘iston jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

«Robo-sumo» yo‘nalishining «Play-off» bahslarida Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdilar. Finalda Tojikiston va Qirg‘iziston vakillari bahs yuritib, Tojikiston vakillari birinchi o‘rin, Qirg‘iziston ikkinchi, O‘zbekiston uchinchi o‘rinni egalladi.

«Junior» yosh toifasining uch yo‘nalishida ham g‘oliblar aniqlandi. «Waste sort out» yo‘nilishida Qozog‘istondan kelgan ikki jamoa birinchi va ikkinchi o‘rinlarni, O‘zbekiston vakillari uchinchi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, «Kegelring» bahsida barcha sovrinli o‘rinlar O‘zbekiston vakillariga nasib etdi.

«Junior» yosh toifasining «Robo-sumo» yo‘nilishining yarim final bahslarida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan vakillar ishtirok etdilar. Birinchi o‘rinni Qirg‘iziston, ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston vakillari egalladilar, uchinchi o‘rin Tojikistondan kelgan vakillarga tegdi.

Musobaqa g‘oliblariga medallar va esdalik sovg‘alarni Islom hamkorlik tashkilotining Boshqaruv kengashi a’zosi doktor Hasan Basri Arslan, IHTning Ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha doimiy qo‘mitasi direktori maslahatchisi doktor Syed Xurshid Hasanain va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov topshirdilar.

«Senior» yosh toifasining g‘oliblariga Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan ajratilgan «Robo-football» yo‘nilishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa uchun 6000 AQSh dollari, ikkinchi o‘rin uchun 4000 AQSh dollari, uchinchi o‘rin uchun 2000 AQSh dollari xamda «Robo-sumo» yo‘nilishi bo‘yicha birinchi o‘rin uchun 5000 AQSh dollari, ikkinchi o‘rin uchun 3000 AQSh dollari, uchinchi o‘rinni olgan jamoaga esa 1000 AQSh dollariga teng cheklar taqdim etildi.

«Junior» yosh toifasining g‘oliblariga esa musobaqa hamkor va homiylari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi va Artel kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra umumjamoa hisobida O‘zbekiston birinchi o‘rinni, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egalladi.

«Waste sort out» yo‘nalishi, «Junior» yosh tofasi

1-o‘rin: Qozog‘iston — Jandarbek Abilay, Nuraxmet Askar

2-o‘rin: Qozog‘iston — Yemur Kuanish, Daniel Rashidov

3-o‘rin: O‘zbekiston — Sagdullayev Umarbek, Abdurashidbek Sa’dullayev

«Robo sumo» yo‘nalishi, «Junior» yosh toifasi

1-o‘rin: Qirg‘iziston — Artem Pogorelov, Kutman Axmatov

2-o‘rin: O‘zbekiston — Azizbek Shokirov, Islomjon Karimjonov

3-o‘rin: Tojikiston — Muso Sharif-zodo, Amir Xaitov

«Kegelring» yo‘nalishi, «Junior» yosh toifasi

1-o‘rin: O‘zbekiston — Yuriy Yakovets, Roman Pyagay

2-o‘rin: O‘zbekiston — Artur Brajnikov, Diyor Baxodirov

3-o‘rin: O‘zbekiston — Mark Ten, Diana Ten

«Robo Sumo» yo‘nalishi, «Senior» yosh toifasi

1-o‘rin: Tojikiston — Amira Ibragimova, Sunnatullo Ikromov (mukofot 5000 AQSh dollari)

2-o‘rin: Qirg‘iziston — Sagindik Abdirasulov, Chingiz Maratbek uulu (mukofot 3000 AQSh dollari)

3-o‘rin: O‘zbekiston — Shodiyaxon Axrorxo‘jayeva (mukofot 1000 AQSh dollari)

«Robo football» yo‘nalishi, «Senior» yosh toifasi

1-o‘rin: Iordaniya — Abdulloh Abwdabasch, Nooraldeen Al-Asbahi (mukofot 6000 AQSh dollari)

2-o‘rin: O‘zbekiston — Sanjar Sevarov, Sanjar Ro‘zimurodov (mukofot 4000 AQSh dollari)

3-o‘rin: Pokiston — Ahmed Ali, Awais Khan (mukofot 2000 AQSh dollari)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring