Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Korrupsiyaning oldini qanday olish mumkin? Vazirlikda suhbat o‘tkazildi

Korrupsiyaning oldini qanday olish mumkin? Vazirlikda suhbat o‘tkazildi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Jamiyatda demokratik qadriyatlar qaror topayotgan bir vaqtda davlat xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi hokimiyatning obro‘sizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada amaldagi hukumatga nisbatan norozilik tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Bu o‘z navbatida mamlakatda korrupsiyaning rivojlanishi hamda davlat tanazzuliga olib keladi.

Har bir jamiyatda mavjud bo‘lgan bu kabi illatlar bilan ayovsiz kurashish borasida mamlakatimizda ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda 2017-yil 2-fevraldagi PQ–2752-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-sonli qarori Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida o‘tkazilgan davra suhbati «Jismoniy tarbiya va sport sohasida Korrupsiyaning oldini olish – mavjud muammolar va ustuvor vazifalar» mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddi rahbarlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi, Adliya, Ichki ishlar, Moliya vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Antidoping milliy agentligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, «Ipoteka-bank» ATIB, mamlakatimiz sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yaxshi ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5368-son Farmoni bilan vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida sport faoliyatini tashkil qilishda asoslilik, obektivlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, Korrupsiya va boshqa suiiste’molchilik holatlarini aniqlashga mas’ul bo‘lgan Jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasi tashkil etildi.

Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha davlat idoralarida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida ham qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini ta’minlash, mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish, aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoraviy dasturi, Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashishning Istanbul harakatlar rejasi doirasida monitoringning To‘rtinchi raundi natijalari bo‘yicha O‘zbekistonga berilgan tavsiyalarning Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida bajarilishi yuzasidan yo‘l xaritasi, Jismoniy tarbiya va sport sohasida Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi bo‘yicha indikator ishlab chiqildi hamda ijroga yo‘naltirildi.

Davra suhbatida dastavval jismoniy tarbiya va sport sohasida Korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb vazifalari Qashqadaryo viloyati misolida ko‘rib chiqildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Odilov ma’ruza qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti misolida Korrupsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha universitet rektori, professor Mahmud Boltaboyev ham o‘z amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirda davlat xaridlarining asosiy prinsiplari – davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati, asoslanganlik, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, ochiqlik va shaffoflik, tortishuv va xolislik, mutanosiblik, davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi, Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Musliddinov ham qisqacha ma’lumot berdi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, bugungi kunda Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadlariga faqat jinoyat-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatib berdi. Bunday ma’naviy buzilish holatlariga qarshi kurashishda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolar mas’uldir. Shunday ekan, davlat va jamiyat, shu bilan birga nodavlat notijorat tashkilotlari bu illatning oldini olish va unga qarshi kurashda birgalikdagi harakat qilsagina samarali natijalarga erishish mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring