Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Galatasaroy» Shomurodovni sotib olmoqchi, ammo «Rostov» juda katta pul talab qilmoqda

«Galatasaroy» Shomurodovni sotib olmoqchi, ammo «Rostov» juda katta pul talab qilmoqda

Foto: Sport-Ekspress

Turkiyaning «Galatasaroy» klubi O‘zbekiston milliy jamoasi va Rossiyaning «Rostov» klubi hujumchisi Eldor Shomurodovni sotib olmoqchi. Bu haqda rossiyalik jurnalist Nobel Arustamyan xabar berib o‘tdi.

Xabarga ko‘ra, «Galatasaroy» skautlari Rossiya chempionati doirasida kechgan «Rostov» — «Krilya Sovetov» (1:0) uchrashuvi vaqtida stadionda bo‘lgan va Eldor Shomurodovning o‘yinini kuzatib borgan. Eslatib o‘tamiz, Shomurodov ushbu uchrashuvda yagona golni kiritib, jamoasiga g‘alaba keltirgan edi.

Biroq «Rostov» rahbariyati va murabbiylar shtabi Eldor Shomurodovni sotmoqchi emas. Jamoa bosh murabbiyi Valeriy Karpinning ta’kidlashicha, faqat juda katta mablag‘ — ellik million yevro taklif etilgan taqdirda ushbu transfer haqida o‘ylash mumkin.

«Shomurodovga jiddiy klublar qiziqish bildirmoqda? Biz — klub prezidenti va murabbiylar shtabi allaqachon o‘z fikrimizni bildirib bo‘lganmiz — «Rostov» hech kimni sotmaydi. Ammo ertaga 50 million (yevro) taklif qilishsa, shaxsan o‘zim qaysidir futbolchini qo‘lidan yetaklab olib borib berishim mumkin», — deydi Karpin.

Nobel Arustamyanning xabar qilishicha, ayni vaqtda Eldor Shomurodovni sotib olishga «Galatasaroy»ning qurbi yetmaydi. «O‘zbek forvardining narxi juda ham baland. Boz ustiga «Rostov» ham uni sotmoqchi emas», — deya yozadi Arustamyan.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov joriy mavsum Rossiya chempionatida umumiy hisobda 5 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Biroz vaqt muqaddam Shomurodovga Rossiya chempionatining yetakchi klublaridan ham qiziqish borligi aytilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring