Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ektor Kuper: «Bitta o‘yindan keyin iste’fo haqida gapirish juda ham noo‘rin»

Ektor Kuper: «Bitta o‘yindan keyin iste’fo haqida gapirish juda ham noo‘rin»

Foto: O‘FA matbuot xizmati

JCh-2022 saralashi doirasida Falastin terma jamoasi mehmoni bo‘lgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2 ta to‘p farqi bilan raqibga imkoniyatni boy berdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida terma jamoa bosh murabbiyi Ektor Kuper quyidagicha fikr bildirdi:

— O‘yinchilarim namoyish etgan o‘yindan aslo ko‘nglim to‘lmadi. Birinchi golni o‘tkazib yuborgunga qadar yomon o‘ynamayotgan edik. Lekin goldan keyin nima bo‘lganini rosti tushunmadim. Biz diqqat-e’tiborni va tartibni unutdik. Himoyada qator qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydik. Vaziyatni o‘nglash maqsadida maydonga yangi kuchlarni tushirdik. Ammo yakunda bu bizga naf keltirmadi.

Shuni aytishim joizki, biz endigina saralash bahslarini boshladik. Oldinda o‘yinlar hali ko‘p. Bugungi uchrashuvdan to‘g‘ri xulosa qilgan holda, kelasi o‘yinlarda g‘alaba qozonishga urinamiz.

Saralashda endi bittagina o‘yin o‘tkazdik, xolos. Bitta o‘yindan keyin iste’fo haqida gapirish juda ham noo‘rin, deb hisoblayman.

Falastin terma jamoasini qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Raqib bugun yaxshi o‘ynadi. Keyingi bosqichga yo‘l olish uchun barchada imkoniyat mavjud.

Saralashni g‘alaba bilan boshlash juda muhim edi. Lekin bugun afsuski unday bo‘lmadi. Yana bir bor ta’kidlayman, hali oldinda o‘yinlar ko‘p va qolgan o‘yinlarda maksimal ochkolarni to‘plashga harakat qilamiz.

Quvondiq hamda Ikromning almashtirilishi ularning charchab qolgani bilan bog‘liq edi. Qolaversa, oldingi chiziqni kuchaytirish maqsadida Temurxo‘ja ham maydonga tushdi. Bilasizmi, birgina mag‘lubiyatdan fojea yasash to‘g‘ri emas. Hali oldinda o‘yinlar bor va faqatgina saralash bosqichi tugagandagina natijani to‘la tahlil qilsa bo‘ladi, — dedi mutaxassis.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring