Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoning eng zo‘r bokschilari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi (foto)

Dunyoning eng zo‘r bokschilari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi (foto)

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

9-21 sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahri boks bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi. 20-bor o‘tkazilgan mazkur musobaqada dunyoning 78 mamlakatidan 400 ga yaqin bokschi ishtirok etdi. Quvonarlisi, unda qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallarini jamg‘arib, mazkur jahon chempionatini umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi. Bugun delegatsiyamiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Bunday yuksak natija bee’tibor qoldirilgani yo‘q. Bokschilarimizni kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi Achilbay Ramatov ham ishtirok etib, yigitlarimizning jahon chempionatidagi bunday muvaffaqiyatli ishtiroki bilan qutladi va Tokio Olimpiadasida ham shunday zafarli g‘alabalar tilab qoldi.

Marosimda, shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, ko‘plab jamoat tashkilotlari, sportchilarimizning yaqinlari va yuzlab boks ishqibozlari qatnashdi. Marosimda bokschilarimiz nomidan Bahodir Jalolov so‘zga chiqdi.

«Yarim tun bo‘lishiga qaramasdan bizlarni kutib olishga chiqqaningiz uchun rahmat. Biz Rossiyada barchangizning qo‘llab-quvvatlashingizni, duolaringizni his qilib turdik. Nasib qilsa, kelasi yil Tokio Olimpiadasida ham o‘zbekistonlik bokschilarning nimalarga qodirligini namoyish etib, boks bo‘yicha birinchi raqamli terma jamoa ekanimizni ko‘rsatib qo‘yamiz», — dedi Bahodir Jalolov.

Tadbirda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqov o‘z qo‘shiqlari bilan kechaga yanada fayz berdi. Shundan so‘ng bokschilarimiz karnay-surnay navolari ostida kuzatib qo‘yildi.

E’tiboringizga mazkur tadbirdan olingan boshqa fotosuratlarni ham havola qilamiz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring