Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bugun «Chelsi» va «Liverpul» katta futbol uchun «eng yomon joy»da to‘qnashadi

Bugun «Chelsi» va «Liverpul» katta futbol uchun «eng yomon joy»da to‘qnashadi

Kollaj: «Life»

Bugun, 14-avgust tunida (soat 00:00 da) Istanbulda Angliyaning «Liverpul» va «Chelsi» jamoalari o‘rtasida UEFA superkubogi uchun bahs boshlanadi. Ha, bu o‘sha — qariyb 20 yil muqaddam britaniyalik ikki fanat pichoqlab ketilgan, portlashlar sodir etilgan, futbolchilarning avtobuslariga hujumlar uyushtirilgan joy. «Life» Turkiyadagi futbolning dahshatli tomoniga nazar tashladi.

«Do‘zaxga xush kelibsiz!», 1993-yil

Angliyaning «Manchester Yunayted» jamoasi Chempionlar ligasi doirasida «Galatasaroy»ga qarshi javob o‘yinini 1993-yili Istanbulda o‘tkazdi. Ingliz jamoasi o‘yinchilari «mehmondorchilik»ni hali-hanuz unutishgani yo‘q. Ularni aeroportdayoq «Bugun o‘lasizlar!», «Tamom bo‘ldilaring!» degan hayqiriqlar bilan qarshi olishgan, mashhur «Do‘zaxga xush kelibsiz!» yozuvi esa shundoqqina o‘yingohga kiraverishda ilib qo‘yilgandi. Hali o‘yin boshlanmasidan qariyb 200 nafar futbol ishqibozi tartibsizlik sabab hibsga olingandi o‘shanda.

O‘yin vaqtida inglizlar turk fanatlarining shovqin-suronidan gangib qolishadi, lekin eng dahshatlisi hali oldinda kutib turardi. O‘yin tugashiga yaqin Erik Kantona maydonni tark etgach, tribuna ostidagi binoda mudhish janjal boshlanadi, unda jamoa a’zolari to‘qmoq zarbalariga duch kelishadi, afsonaviy ser Aleks Fergyusonni esa hatto g‘isht bilan «siylashgan». «Yunayted» g‘alaba qozonolmagan o‘sha o‘yin qanday o‘tganini futbolchilardan hech birovi aniq eslolmaydi, ularning kallasida bitta narsa g‘ujg‘on o‘ynardi — tezroq Angliyaga yetib olish.

Turk Rembosi va pichoq, 1996-yil

Istanbulda bunday «tomosha» faqat xorijiy jamoalar kelganida qo‘yilmaydi. Mahalliy «Fenerbaxche» va «Galatasaroy» o‘rtasidagi bahs doim qaynoq o‘tadi. Misol uchun, 1996-yili Rembo laqabli «Fenerbaxche» fanati «Galatasaroy» maydoniga sevimli jamoasining bayrog‘i hamda... pichoq bilan otilib kiradi!

«Turk Stallonesi» sovuq qurol bilan bir necha daqiqa politsiyaga qarshilik ko‘rsatadi. Oxir-oqibat, uning qo‘llarini qayirib, maydondan olib chiqib ketishadi. Rembo o‘zining bu qilig‘i bilan «Galatasaroy» murabbiyining xatti-harakatiga javob qaytarmoqchi bo‘ladi. O‘tgan mavsumda u bayroq bilan xuddi shu tryukni namoyish qilgandi (faqat pichoqsiz).

Turk qirg‘ini, 2000, 2013 y.y.

2000-yil aprelda «Galatasaroy» va Angliyaning «Lids» klubi o‘rtasidagi uchrashuvdan oldin futbol tarixidagi eng qora sahifalardan biri bitildi: Istanbulga kelgan ikki nafar angliyalik futbol ishqibozining hayotiga nuqta qo‘yildi. Kristofer Loftus va Kevin Speyt boshqa britan fanatlari bilan birga bardan chiqishganida turklar bilan o‘rtada janjal kelib chiqadi. Ur-to‘polonda furgon haydovchisi yonidan pichoq chiqarib, inglizlarni pichoqlab qo‘yadi. Loftus voqea joyida halok bo‘ladi, Speyt esa shifoxonada ko‘z yumadi.

Inglizlar mahalliy fanatlar tajovuzkorona kayfiyatda bo‘lishganini aytishadi. Turklarning ta’kidlashicha esa, haddan tashqari mast mehmonlar ularga qo‘rslik qilishgan. Biroq g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgandi. Darvoqe, qotilni dahshatli hodisadan o‘n yil o‘tgach qo‘lga olishadi. «Galatasaroy» bilan «Lids» o‘rtasidagi uchrashuv esa qoldirilmagan va turklar o‘shanda g‘alaba qozongan.

Turkiya bu fojiadan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan ko‘rinadi. 2013-yilda «Galatasaroy» va «Fenerbaxche» derbisidan so‘ng 20 yoshli fanat pichoqlab ketiladi. Bahs tugagach avtobus bekatida u bir nechta pichoq zarbasiga duchor bo‘ladi. Olgan jarohatlari tufayli yigit shifoxonada hayotdan ko‘z yumadi.

Politsiya bilan ommaviy mushtlashuv, 2013-yil

O‘sha yili, faqat sal keyinroq «Beshiktosh» — «Galatasaroy» uchrashuvida ommaviy mushtlashuv kelib chiqadi. Ustiga-ustak, janjal o‘yindan keyin emas, aynan uchrashuv paytida yuz beradi. Chunki fanatlar maydonga yopirilib kirib, tartibsizliklarni keltirib chiqarganida o‘yin hali yakuniga yetmagandi. Ishqibozlar o‘rindiqlarni sug‘urib olib, styuard va politsiyachilar bilan yoqalashib ketishdi.

Fanatlarning tartibsizligiga braziliyalik Felipe Meloning nojo‘ya harakati sabab bo‘lgandi. O‘yinchi qo‘pol «fol» ishlatgani uchun o‘yindan chetlatilgan, lekin bu vaqtga kelib «Galatasaroy» Dide Drogbaning dubli evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozonayotgandi.

Shenol Gyuneshning yorilgan boshi, 2018-yil

So‘nggi yillarda turk ishqibozlari sal hovuridan tushganga o‘xshaydi, chunki fanatlarni identifikatsiya qilish tizimi ishga tushganidan so‘ng, tartibbuzarlarni aniqlash ancha osonlashdi. Biroq bu qiziqqon turklarni to‘xtatib qolish uchun yetarlimi?! Masalan, o‘tgan yili jamoa xodimlari bilan fanatlar o‘rtasida kelib chiqqan dahanaki jangni tinchlantirishga uringan «Beshiktosh» bosh murabbiyining boshini yorishgan.

Dastlab joyidan sug‘urib olingan o‘rindiq bilan Shenol Gyuneshning boshiga tushirishdi, keyin esa kamiga zajigalka uloqtirishdi. Uni maydondan zambilda olib ketishdi, shifoxonada boshiga beshta chok tushdi.

UEFA superkubogi? 2019-yil

Bugun, 14 avgust tunida (soat 00:00 da) Istanbulda Angliyaning «Liverpul» va «Chelsi» jamoalari o‘rtasida UEFA superkubogi uchun bahs boshlanadi. O‘yindan oldin, o‘yin vaqtida yoki o‘yindan keyin hech nima yuz bermaydi, deb hech kim yuz foiz ishonch bilan aytolmaydi. Bir tomondan, hozir Angliya jamoasi turk jamoasiga qarshi o‘ynamayapti, shu bois xavotirga o‘rin yo‘qdek. Boshqa tomondan — ikki mamlakat fanatlari o‘rtasidagi ziddiyatli tarix yana alanga olmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Biz esa haqiqiy jang, chinakam kurash faqat maydonning o‘zida bo‘lishiga umid qilib qolamiz.

Demak, bugun qoq tunda, Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da KATTA FUTBOL tomosha qilamiz!

UEFA superkubogi

«Liverpul» — «Chelsi»

Istanbul, Turkiya

14-avgust, 00:00.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring