Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bahodir Jalolov ham jahon chempioni bo‘ldi!

Bahodir Jalolov ham jahon chempioni bo‘ldi!

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boks bo‘yicha yubiley 20-jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning eng so‘nggi finali hamyurtimiz Bahodir Jalolov (+91 kg) va qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayev ishtirokida kechdi.

Bu bahsda super og‘ir vazn toifasiga ega vakilimizning qo‘li baland kelib, Bahodir Jalolov faoliyatida ilk bor jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa terma jamoamiz vakillarining musobaqada qo‘lga kiritgan medallari 3 ta oltin, 1 tadan kumush va bronzani tashkil etmoqda. Delegatsiyamiz bunday natija bilan jahon chempionatini umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi! Mezbon Rossiya terma jamoasi esa 3 ta oltin medal bilan ikkinchi pog‘onadan joylashdi.

Yana bir ahamiyatli jihati Jalolov o‘zining azaliy raqibi bilan o‘zaro hisob-kitob bo‘yicha oldinga chiqib oldi. Bungacha mazkur bokschilar 4 marotaba to‘qnash kelishgan va hisob 2:2 ko‘rinishida turgan edi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi boks bo‘yicha terma jamoamiz vakillarini 20-jahon chempionatida munosib ishtirok etgani bilan muborakbod etib qoladi. Quyida mazkur jahon chempionatida sovrindor bo‘lgan vakillarimizni yana bir bor yodga olib o‘tamiz:

Oltin medal:
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzahalilov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Kumush medal:
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov

Bronza medal:
-69 kg: Bobousmon Baturov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring