Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Suvga g‘arq bo‘lgan bolakay nega darrov unutildi? Turkiya prezidenti BMT minbarida «axloqsizlikning cho‘qqisi» haqida gapirdi

Suvga g‘arq bo‘lgan bolakay nega darrov unutildi? Turkiya prezidenti BMT minbarida «axloqsizlikning cho‘qqisi» haqida gapirdi

Dunyo hamjamiyati suriyalik 3 yoshli Aylanning o‘limini juda tez unutdi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on BMT Bosh assambleyasi 74-sessiyasidagi nutqida gapirdi.

Turkiya rahbari suvga g‘arq bo‘lgan murg‘ak bolakayning suratini ko‘rsatar ekan, bunday fojia istalgan xalq boshiga tushishi mumkinligidan ogohlantirdi.

2015-yil 2-sentyabr kuni omonat qayiqda O‘rtayer dengizi orqali Yevropaga o‘tish uringan Aylan hamda uning yaqinlari suvga g‘arq bo‘lgandi. Mas’um bolakayning sohildagi jonsiz jasadi surati butun dunyoni larzaga solgan edi.

Turkiya rahbari yuksak minbardan dunyo hamjamiyatini Suriyadagi gumanitar inqirozni hal etishda faollik ko‘rsatishga undadi.

Rasmiy Anqara BMT shafeligida suriyalik qochqinlarni xavfsiz hududga qaytarish bo‘yicha mashvarat o‘tkazishni taklif etmoqda. Prezident Erdo‘g‘onga ko‘ra, Furot daryosining sharqiy qismida tashkil etilishi kutilayotgan xavfsiz hududga Turkiya hamda Yevropadagi yuz minglab qochqinlarni joylashtirish mumkin. Buning uchun esa dunyo hamjamiyati, xususan, xalqaro koalitsiya kuchlari, AQSh, Rossiya va Eron bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi talab etiladi.

Suriyadagi ziddiyatlarni bartaraf etish uchun dunyo davlatlari terrorizmga qarshi kurash borasida yakdil pozitsiyada bo‘lmog‘i lozim. Hududiy yaxlitlik va siyosiy birlikni tiklashda esa Suriya konstitutsiyaviy qo‘mitasi jonbozlik ko‘rsatmog‘i darkor.

Turkiya rahbari o‘z nutqida dunyo siyosatida adolat tamoyiliga rioya qilish zaruratiga urg‘u bergan. Aynan adolatsizliklar sayyoramizda turli inqiroz va ixtiloflar avj olishiga sabab bo‘lmoqda, dedi u.

Keyingi paytlarda BMT tuzilmalarini isloh etish, uning samaradorligini kuchaytirish borasida munozaralar kuchaymoqda. Turkiya yetakchisi ham o‘z chiqishida BMT Xavfsizlik kengashini isloh etish lozimligini ta’kidladi.

«Mavjud yondashuvlar, qoidalarni qayta ko‘rib chiqish vaqti allaqachon keldi. Insoniyat kelajagi BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolarining qarorlariga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin emas, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», – dedi Turkiya rahbari.

Prezident Erdo‘g‘on yadro quroliga egalik huquqi borasida ham fikr bildirdi. Unga ko‘ra, yadro quroliga egalik borasidagi taqiq barcha mamlakatlarga birdek tatbiq etilishi lozim. Taqiq barchaga birdek qo‘llanmas ekan, u holda, uni bekor qilgan ma’qul.

Notiq o‘z chiqishida sayyoramizda islomofiya kayfiyati kuchayib borayotganini taassuf ila qayd etdi. Shu munosabat bilan u Yangi Zelandiyadagi masjidga hujum uyushtirilgan 15 mart sanasini Islomofobiyaga qarshi xalqaro birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etdi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroil harbiylarining Falastindagi tinch aholiga nisbatan jinoyatlarini ham qoraladi.

«Isroil harbiylari tomonidan Falastin ayoli o‘ldirilayotgani aks etgan kadrlarni ko‘rib ham dunyo ahlining vijdoni bezovta bo‘lmayotgan ekan, demak, insoniyat axloqsizlikning cho‘qqisiga chiqibdi», – deya achchiq kinoya qildi notiq.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘z nutqida Kipr, Misr, Erondagi vaziyat, Kashmir, Kavkaz, Tog‘li Qorabog‘ mojarolari bo‘yicha ham munosabat bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh assamleyasi xalqaro tashkilotning asosiy tuzilmasi sanaladi. Har yili sentyabr oyida chaqiriladigan Bosh assambleya yig‘inida BMTga a’zo 193 mamlakat vakillari qatnashadi. Mashvaratda dunyo taqdiriga molik masalalar muhokama etiladi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring