Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Nazarboyevni 80 yoshlik yubileyi bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Nazarboyevni 80 yoshlik yubileyi bilan tabrikladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Nursulton Nazarboyevni yubiley bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.

Elboshining zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish, kuchli davlat boshqaruvi institutlari va milliy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, mamlakat raqobatbardoshligi, xalqaro nufuzini oshirishga va, eng muhimi, aholining yuksak turmush darajasini ta’minlashga qaratilgan samarali ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tarixiy roli alohida qayd etildi.

Nursulton Nazarboyevning muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yirik tashabbuslaridan biri – jadal rivojlanib borayotgan Qozog‘istonning “tashrif qog‘ozi”ga aylangan yangi poytaxt - Nur-Sulton shahriga asos solingani ta’kidlandi.

Elboshining global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, turli hududlardagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, Markaziy Osiyoda integratsiyani kuchaytirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyatda keng e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘istonning ko‘p qirrali hamkorligi izchil rivojlanishda davom etmoqda hamda savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi aniq qo‘shma dastur va loyihalar hisobiga kengayib bormoqda.

Muloqot chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, pandemiyaning o‘zaro manfaatli hamkorlikka salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha o‘zaro yaqin muvofiqlashuv va sheriklikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring