Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Men mustaqil O‘zbekiston tashkil topgan davrda deputat bo‘lganman»

Shavkat Mirziyoyev: «Men mustaqil O‘zbekiston tashkil topgan davrda deputat bo‘lganman»

Qonunchilik palatasi Spikeri sifatida saylangan Nurdinjon Ismoilovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qutladi va shu orqali barcha deputatlarga murojaat qildi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri ma’lum qilib o‘tdi.

«Hozirgi Oliy Majlis bilan avvalgisi o‘rtasida katta farq bor. Deputatlar katta raqobatda yutib chiqib saylandi, kuchli debatlar o‘tkazildi va bunday palatani boshqarish oson emas. 

Endi ishlash kerak. Juda katta qonunlar qabul qilinishi lozim va deputatlar zimmasida katta mas’uliyat bor. Buning uchun eng avvalo o‘z ustimizda ishlashimiz va rivojlanishda davom etishimiz kerak. Xalq sizga ishonmoqda va bu ishonchni oqlash shart. 

Bu vakolatni sizga Xalq berdi. Undan munosib foydalanamizmi, Xalqning roziligini olamizmi, degan savol har biringizning ko‘nglingizda bo‘lishi lozim.

Men ham bu dargohda uch marta deputat bo‘lganman. Saksoninchi yillardagi kuchli yig‘ilishlarda ishtirok etganman. Bir davlat yo‘q bo‘lib ketib, mustaqil O‘zbekiston tashkil topgan vaqtlardagi debatlarida ishtirok etganman. O‘sha deputatlar birinchi Prezidentimiz boshchiligida mustaqil O‘zbekistonni tashkil etgan edi.

OAVning roli o‘sib borayotganini qarang. Hozir ijro hokimiyati ham matbuot bilan hisoblashmoqda. kuzatib boryapti. Siz ham shu yo‘ldan boring. Matbuot ko‘tarib chiqayotgan muammolar e’tiboringizda bo‘lsin.

Bir narsani yoddan chiqarmang, siz tarixiy vaqtda, tarixiy parlamentga saylandingiz. Siz shunga munosib bo‘lishingiz lozim.

Qonunchilik palatasi Spikerini lavozim bilan qutlayman. Vaziyatdan foydalanib spikerga va deputatlarga murojaat qilmoqchiman — bir narsani yoddan chiqarmang, har biringiz shaxssiz. Endi Spiker ham, uning o‘rinbosarlari ham o‘zgarishi lozim.

Bundan buyog‘iga yil yakunida har bir qabul qilingan qonun xalqqa kerakmi yoki yo‘q, bu masala ko‘rib chiqiladi.

Ijro hokimiyatining, Prezidentning bir qator vakolatlari Parlamentga berilmoqda. Endi har bir vazir, har bir Bosh vazir o‘rinbosari sizga kelib hisobot beradi. Hisobot bera olmagan mutasaddining o‘z ishiga munosibligini ko‘rib chiqishga men roziman. Men bu bayonotni bugun Senatga ham bermoqchiman.

Mana hozir qo‘l ko‘tarib Spikerni sayladingiz. Ammo bundan buyon ham u bilan rozimisiz, yoki boshqa takliflar bormi, o‘z fikringizni bildira olishingiz lozim.

Dunyo hamjamiyati bizga ishonch bilan qaramoqda va bu ishonchni oqlay olishimiz lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring