Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti bilan telefon muloqoti qildi

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti bilan telefon muloqoti qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari muqaddas Qurbon hayit ayyomi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladilar.

Keyingi yillarda mustahkam do‘stlik va an’anaviy yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga, tarix, an’ana va urf-odatlar mushtarakligiga asoslangan O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik, avvalo, iqtisodiyot, energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy ahamiyatga molik eng muhim masalalar yuzasidan ham batafsil fikr almashildi.

Davlat rahbarlari ikkala mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va epidemiologik vaziyatni nazorat qilish borasida ko‘rilayotgan qat’iy chora-tadbirlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar sur’atini saqlab qolish muhimligi qayd etildi.

Prezidentlar Afg‘onistonning barqaror taraqqiyotiga, mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga xizmat qiladigan ustuvor infratuzilma va investitsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga muhim e’tibor qaratdilar.

Bular chegaraoldi hududlarda zamonaviy savdo-logistika infratuzilmasini yaratish, «Surxon – Puli Xumri» elektr uzatish liniyasini barpo etishdek yirik loyihalarni amalga oshirish va Afg‘oniston hududida samarali transport yo‘laklarini tashkil etish, jumladan, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlar imkoniyatlarini faol jalb qilishni nazarda tutadi.

Ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish davom ettiriladi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston rahbarlari afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan yechish masalalarini ko‘rib chiqdilar hamda afg‘onlar o‘rtasida o‘zaro muzokaralarni tez fursatda boshlash bo‘yicha olib borilayotgan harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.

Prezident Ashraf G‘ani 2018-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan hamda natijalari afg‘on inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal etishda salmoqli siljishga erishish imkonini bergan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasining tarixiy rolini alohida qayd etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring