Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Savod va siyosat. Amerikalik o‘qituvchi prezident Trampning maktubidan o‘nlab xato topdi

Savod va siyosat. Amerikalik o‘qituvchi prezident Trampning maktubidan o‘nlab xato topdi

AQSh prezidenti Donald Trampning Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga yo‘llagan tahdidli maktubi hafta davomida ko‘p va xo‘b muhokamalarga sabab bo‘ldi. 9-oktyabr kuni – Turkiya Suriyada harbiy amaliyot boshlashi arafasida yo‘llangan va oradan bir hafta o‘tib matbuot sizdirilgan noma eng avvalo diplomatik odob qoidalariga zid ekani bilan e’tiborni tortadi.

Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi luqmalari va umuman siyosiy «yuzingda ko‘zing bormi» demay tishli-tig‘li fikr bildirishi bilan tanilgan. Oq uy yetakchisining Turkiya prezidentiga maktubi ham shu yo‘sinda bitilgan. Noma muallifi Turkiya iqtisodiyotini kunfayakun etish bilan tahdid qiladi. Boz ustiga, butun boshli davlat yetakchisiga «ahmoqlik qilmang» deya ko‘cha tilida tanbeh beradi.

Rasmiy Anqara Oq uydan yo‘llangan nomani diplomatiya taomillarga zid deb baholadi. Xabarlarga qaraganda, hamkasbining iddaoli bitigidan darg‘azab bo‘lgan Turkiya rahbari maktubni chiqindi qutisiga uloqtirgan.

Jamoatchilik maktubning siyosiy ohangini muhokama qilayotgan bir paytda amerikalik uning ingliz tili qoidalariga nechog‘li mosligini tekshirdi.  Nyu-Yorkda yashovchi Jo Ellen Berriman o‘z sahifasida e’lon qilgan suratda prezidentning gajakdor imzosi qo‘yilgan maktub «lolazor»ga aylanganini ko‘rish mumkin.

Noma’lum qahramon matndagi saktaliklar, uslubiy g‘alizliklir, grammatik xatolarni hafsala bilan to‘g‘rilab chiqqan. Razm solib qaralsa, matnda sog‘ gapning o‘zi yo‘q, deyarli har bir jumlaga qalam urilgan. 

Prezident Tramp qalamiga mansub bitiklar avval ham jiddiy tahrirga uchragani ma’lum. Masalan, 2018 yili nafaqadagi o‘qituvchi Ivonn Meyson Oq uydan kelgan maktubdan o‘nlab sahvu xatolarni topib, internet yulduziga aylangandi.

Jorjiya shtatida yashovchi muallima matbuotga intervyusida bu qadar qo‘pol xatolarga to‘la maktubni ilk bor olganini bayon qilib, noma muallifi ko‘pi bilan «S» yoki «D» (bizdagi «3» yoki «-3»ga to‘g‘ri keladi) bahoga loyiqligini aytgan.

Prezident Trampning yozishma yoki muzokaralarda so‘zlarni xato talaffuz qilishi, mamlakat va shaxslarni chalkashtirib yuborishi tez-tez kuzatiladi. Masalan, u bir gal Ispaniya bosh vazirini «Ispaniya prezidenti» deb atagan. Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kukka esa «Tim Eppl» deya murojaat qilgan. Tabiiyki, davlat rahbarining bu kabi «xol qo‘yish»lari matbuot va ijtimoiy tarmoqda e’tirozlarga sabab bo‘ladi. Ammo Donald Tramp bu boradagi tanqidlarga parvo qilmaydi. Amerikaning amaldagi rahbari o‘zini «daho» deb atab, muxoliflarini o‘zining favqulodda kamyob aqliy qobiliyatiga shubha qilmaslikka undaydi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring