Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

S5+1: AQSh davlat kotibi Markaziy Osiyo vazirlari bilan nimalarni muhokama qildi?

S5+1: AQSh davlat kotibi Markaziy Osiyo vazirlari bilan nimalarni muhokama qildi?

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 22-sentyabr kuni Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Siyosiy mashvaratda O‘zbekiston (Abdulaziz Komilov), Qozog‘iston (Muxtor Tleuberdi), Qirg‘iziston (Chingiz Aydarbekov) hamda Tojikiston (Sirojiddin Muhriddin) tashqi ishlar vazirlari qatnashdi. Turkmanistonni esa elchi Mered Orazov tamsil etdi.

Davlat kotibi Markaziy Osiyo mamlakatlariga avvalo terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yordam taklif etdi.

«Biz terrorizmga qarshi kurash, xususan, xorijdagi jangarilar va ularning oilalarini qaytarish, kuzatish hamda jamiyatga qayta qo‘shishdek murakkab, ammo muhim vazifa ro‘yobi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz kerak. Qo‘shma Shtatlar sizlarga bu yumushni maromiga yetkazib ado etish va boshqa sa’y-harakatlaringizda ko‘mak berishi mumkin», – dedi Mayk Pompeo.

Qayd etilishicha, prezident Donald Tramp ma’muriyati chegaralar xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Rasmiy Vashington sarhadlar daxlsizligi borasida ham Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyor.

Davlat kotibi mintaqa vazirlari bilan muzokarada Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasidagi vaziyatga e’tibor qaratdi.

«Terrorizm xususida so‘z borar ekan, Xitoy tomonidan Shinjonda olib borilayotgan qatag‘on kampaniyasining terrorizmga qarshi kurashga mutlaqo aloqasi yo‘qligini ta’kidlashni istardim. Bu o‘rinda gap Xitoyning o‘z fuqarolari qalbidan musulmon e’tiqodi va madaniyatini sug‘urib olishga urinishi haqida ketmoqda», – dedi u.

AQSh tashqi siyosat mahkamasi rahbari dunyo mamlakatlarini Xitoyning Shinjondagi zo‘ravonligiga qarshi turishga chaqirdi.

Avval xabar berganimizdek, davlat kotibi joriy yil iyul oyida AQSh poytaxti Vashingtonda o‘tkazilgan diniy erkinlik bo‘yicha anjumanda ham Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida bir milliondan ziyod etnik ozchilik vakillari tutqun qilinganini afsus ila qayd etgan edi.

Mayk Pompeo Markaziy Osiyo vazirlari bilan uchrashuvda iqtisodiyot, xususan, energetika jabhasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi.

Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari istagan davlati bilan tijoriy hamkorlik qilishga haqli va Qo‘shma Shtatlarning ularning bu huquqini hurmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlarining «S5+1» formatidagi yangi muloqotiga 2015-yil sentyabrda aynan Nyu-Yorkda asos solingan. Ushbu muloqot shakli 2015-yil noyabrda Samarqandda o‘tgan xalqaro mashvaratda rasman ma’qullangan. Tomonlar savdo-iqtisodiyot, transport, kommunikatsiya, energetika, atrof-muhit muhofazasi, narkotrafik, odam va qurol savdosi kabi xalqaro jinoyatlarga qarshi kurash, yadro quroli tarqalishining oldini olish, inson huquqlari va demokratik institutlarni rivojlantirish, ta’lim va madaniyat kabi sohalarda hamkorlik istagini bildirgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring