Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryo hokimi Zafar Ro‘ziyev: «Hurmatli jurnalistlar va blogerlardan ta’zim qilib, kechirim so‘rayman» (video)

Qashqadaryo hokimi Zafar Ro‘ziyev: «Hurmatli jurnalistlar va blogerlardan ta’zim qilib, kechirim so‘rayman» (video)

Foto: Videodan skrinshot

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev jurnalistlar bilan uchrashdi va uzr so‘radi.

«Eski Yakkabog‘dagi holatda viloyat hokimligi, tuman hokimligi aybdor. Men shu aybimiz uchun Davlatimizdan, hukumatimizdan, aziz xalqimizdan, hurmatli jurnalistlarimizdan, hurmatli blogerlarimizdan, mana shu voqealarda aziyat chekkan tadbirkorlardan ta’zim qilib, kechirim so‘rayman», — deydi Zafar Ro‘ziyev.

Eslatib o‘tamiz, Yakkabog‘dagi tadbirkorning binosini buzishga bo‘lgan urinish orqasidan kelib chiqqan mojaro ancha muhokama qilingan edi. O‘shanda tadbirkor buzish uchun buldozer boshqaruviga o‘tirgan Yakkabog‘ tumani hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgan edi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev voqea yuzasidan tanqidiy fikr bildirgan va Zafar Ro‘ziyevni xalqdan, blogerlardan kechirim so‘rashini talab qilgandi.

«Qashqadaryoning vallomati bor, Ro‘ziyev degan, 5 yil qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan noinsof. DXX rahbari borganidan so‘ng chiqqan izohlarni o‘qi. Bitta jinning mening siyosatimni butun dunyoga sharmanda qildi. O‘zimni tumanim, u qilaman, bu qilaman, deysan. Bitta tuzukroq kadring yo‘q, yana Dehqonobodga tirmashasan. O‘zbekistondagi hozirgi oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash uchun kechayu-kunduz yuritayotgan siyosatimga atrofingdagilar bilan qilgan «do‘stliging».

Qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning tuppa-tuzuk turgan uyini buzib? Sen xulosa qil, uyingni birov kelib buzsa?

Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan o‘tirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman.

Mana, sening «do‘stliging», janob Ro‘ziyev! O‘zingni o‘sha tumanga hokim qilib yuboraman, aytib qo‘yay!» — degan edi Prezident.

Ushbu talab yuzasidan Qashqadaryo viloyat hokimi kechirim so‘radi. Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ham kechirim so‘ragan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring