Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident jahon va Osiyo chempioniga uy sovg‘a qildi

Prezident jahon va Osiyo chempioniga uy sovg‘a qildi

Foto: «President.uz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston karlar jamiyatining Kar-soqovlar madaniyat markazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yerda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. 450 o‘rinli konsert zali, to‘garak xonalari, sport zallari ta’mirlanib, zamonaviy jihozlangan.

Davlat rahbari jamiyat a’zolari bilan muloqot qilib, ularning dardu tashvishlari, sohadagi kamchiliklarni so‘radi.

Kar-soqov bolalarni o‘qituvchi mutaxassislar va surdotarjimonlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev aholining mazkur qatlami savodxonligi, tarbiyasi, ishlashi, dam olish va davolanish sharoitlarini yaxshilash maqsadida alohida qaror tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinov, taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati sovrindori Davron Xidirov, yosh rejissyor Oleg Oshipenkoga Toshkent shahridan uy, madaniyat markazi uchun ikkita avtobus sovg‘a qildi.

— Bilasizki, davlat xalqqa xizmat qiladi, degan tamoyilni o‘zimizga maqsad qilib olganmiz. Sizlar ham jamiyatimizning munosib a’zosisizlar. Ushbu sohaga hamma sharoitlarni yaratamiz. O‘zbekistondagi har bir odam men uchun qadrli, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: «President.uz»

Davlat rahbarining 2018-yil 11-iyundagi «Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida alohida toifadagi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb etishga imtiyozlar berilgan.

Shu maqsadda O‘zbekiston karlar jamiyati hududida tikuvchilik korxonasi tashkil etilgan. Unga 100 dan ziyod xotin-qiz ishga joylashtirilgan.

Prezident ushbu korxonani ko‘zdan kechirdi, tikuvchi ayollar bilan suhbatlashdi. Amalga oshirilayotgan bunday ishlar izchil davom etishini, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joylari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring