Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda ham davlat boshqaruvi apparatini qisqartirish vaqti keldi

O‘zbekistonda ham davlat boshqaruvi apparatini qisqartirish vaqti keldi

Qozog‘iston prezidenti kecha xalqqa murojaatida 2024 yilga qadar mamlakatda davlat xizmatchilari va davlat ishtirokidagi milliy kompaniyalar xodimlari soni 25 foizga qisqartirilishini ma’lum qilgan.

Davlat apparatining shishib ketishi, ayniqsa, u samarasiz bo‘lsa, davlatga ham, davlat budjetiga ham ortiqcha yuk, xolos. Qozog‘iston o‘z oldiga qo‘ygan maqsad nimasi bilan e’tiborga molik? Avvalo, davlat apparati qanchaga qisqarishi va bu qachongacha ro‘y berishi qat’iy ma’lum qilindi, ya’ni marra aniq.

Bizda so‘nggi paytlar davlat va kvazi-davlat tashkilotlari shu darajada ko‘paydiki, go‘yoki davlat apparati semirgandek. Hatto davlat ishtiroki shart bo‘lmagan soha va tarmoqlarda ham davlatsifat uyushma, assotsiatsiya va shunga o‘xshash idoralar tashkil etildi, davlat budjetidan pul oladigan tashkilotlar ko‘paydi. Nazarimizda, davlat apparati shishsa shishdiki, umuman qisqarmadi. To‘g‘ri, ayrim davlat idoralarida qisqartirishlar bo‘ldi, masalan, hukumat xodimlari soni 44 shtat birligiga kamaydi, lekin bu umumiy kartinani o‘zgartirmaydi.

Harakatlar strategiyasini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida zamonaviy davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich joriy qilish ko‘zda tutilgan. Mazkur maqsadda ishlab chiqiladigan hujjat loyihasida davlat xizmatchilarining sonini qisqartirish belgilanishi kerak. Bizning-cha, mazkur jarayonni Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi bilan uyg‘un olib borish kerak bo‘ladi.

Birinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi, shu jumladan, davlat ishtirokidagi kompaniyalarning xodimlari sonini ochiqlash, bu maqsadlarda qancha budjet mablag‘i sarflanayotganini xalqimiz bilishi kerak.

Ikkinchidan, xususiy sektor bajarishi mumkin bo‘lgan sohalarda umuman davlat idoralarini tashkil qilmaslik va borlarining vakolatlarini ham konkret muddatda xususiy sektorga o‘tkazib yuborish maqsadga muvofiq. Bu borada qator hujjatlar qabul qilindi, lekin amalda nima bo‘layapti?

Uchinchidan, davlat boshqaruvi apparatini qisqartirish bo‘yicha ham aniq raqam va muddatlar aytilishi lozim. Masalan, ayrim idoralar osmondan olgandek falon yilda faloncha investitsiya olib kiramiz, deb va’da berishni bilishadi-ku. Davlat xizmatchilarini qisqartirish masalasida ham aniq ko‘rsatkichlar va maqsadlar bo‘lishi kerak. Ixcham hukumat tushunchasi butun davlat boshqaruvi tizimiga tatbiq etilishi hayotiy zarurat. Darvoqe, qisqartirishlarni o‘tgan davrdagi kabi faqat shifokorlar va o‘qituvchilar hisobiga xaspo‘shlashdan qochish kerak.

Albatta, bularning barchasi shaxsiy fikr.

Davletovuz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring