Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zatom» agentligi tashkil etiladi

«O‘zatom» agentligi tashkil etiladi

Foto: «propertyturkey.ru»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjat matni «O‘zA»da e’lon qilindi.

Farmonga ko‘ra, aholi va mamlakat iqtisodiyotining elektr energiyasiga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, energiya hosil qiluvchi quvvatlarni ko‘paytirish hisobiga energiya bilan barqaror ta’minlash, energetika sektorini diversifikatsiya qilish, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va ushbu yo‘nalishlarga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi («O‘zatom» agentligi) tashkil etiladi.

«O‘zatom» agentligining atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi:

  • atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
  • O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish;
  • sanoat va ekologiya xavfsizligining xalqaro talablariga javob beradigan zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etgan holda, atom energetikasi ob’yektlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha bitimlar va shartnomalar tuzish;
  • atom fani va yadro texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni, fundamental tadqiqotlar, ilmiy-qidiruv, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlar loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish;
  • tadqiqot va energetika atom reaktorlari, yadro-fizika qurilmalari, yadro materiallari va radiatsiya manbalarini saqlash, radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punktlarining rivojlanishini va ularning xavfsiz ishlashini ta’minlash;
  • respublikadagi ob’yektlarning radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi tizimini boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda yadro avariyalari va radiatsiyaviy avariya vaziyatlarining oldini olish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda takomillashtirish;
  • yadro materiallari va texnologiyalari, radioaktiv materiallar tarqalmasligini ta’minlash, jismoniy himoya qilish hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish;
  • kadrlarni, shu jumladan, yetakchi xorijiy institutlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;
  • Xalqaro atom energiyasi agentligi, Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyati va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik va o‘zaro aloqalarni amalga oshirish;
  • atom energetikasi sohasiga xorijiy investitsiyalarni va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Qarorga binoan, 2018-yil 1-oktyabrga qadar muddatda «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqiladi.

Shuningdek, «O‘zatom» agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

  • 2018-yil 20-dekabrga qadar – 2019-2029-yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya);
  • 2019-yil 1-iyunga qadar – ishlab chiqilgan Konsepsiyaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalari portfeli;
  • 2019-yil 1-noyabrga qadar – 2019-2029-yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturi loyihasini (keyingi o‘rinlarda – Dastur), shuningdek, Konsepsiya va Dasturning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun kiritilishini ta’minlanishi belgilandi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring