Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nomzodingiz soqov emasmi? Siyosiy partiyalar rahbarlariga ochiq xat

Nomzodingiz soqov emasmi? Siyosiy partiyalar rahbarlariga ochiq xat

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston katta siyosiy voqea arafasida turibdi. Joriy yilning 22-dekabr kuni mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi. Bu tadbirni dunyo jamoatchiligi, xalqaro tashkilotlar ham alohida qiziqish bilan kuzatmoqda. Chunki keyingi yillarda yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalardagi, jumladan, saylov tizimimizdagi islohotlar hech kimni befarq qoldirayotgani yo‘q.  

Sizlarga murojaat qilishdan maqsadim – deputatlikka nomzodlarni sizlar ko‘rsatyapsizlar. Lekin nomzodlaringizning tili bormi, soqov emasmi? Bunday deyishimning sababi, qayerda parlament yaxshi ishlasa, o‘sha mamlakatda  taraqqiyot, rivojlanish bo‘ladi. Buning uchun deputat, senator faqat qo‘l ko‘tarish bilan shug‘ullanmay, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga aloqador voqealarga faol aralashishi, bu yo‘ldagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga bor kuch va bilimini sarflashi shart! Buni rivojlangan mamlakatlar parlamentlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Zero, parlament a’zolari xalq vakillaridir, ular xalq nomidan gapiradi, xalq manfaatini himoya qiladi.

 Dunyoda nomigagina tashkil etilgan, nomigagina faoliyat ko‘rsatadigan, amalda bir shaxs yoki bir to‘da shaxslar guruhi manfaati uchun xizmat qiladigan qo‘g‘irchoq partiyalar ham, parlamentlar ham yo‘q emas. Men bizning partiyalarimiz ham, parlamentimiz ham shular safiga qo‘shilib qolishini istamayman.

Deputatlarimizning ko‘pchiligi ancha payt jim o‘tirdi. To‘g‘ri, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan qonunlar ham ishlab chiqildi. Ammo deputat qonun ishlab chiqish bilan birga ijtimoiy hayotda ham faol bo‘lishi kerak. Zero, ularning asosiy qismi mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid masalalarga faol aralashmagani rost. Aslida esa deputatlar aralashuvi tufayli hal etiladigan muammolar hamisha bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Bunga istaganingizcha misollar keltirimiz mumkin. Mana shularning ayrimlari.

Esingizda bo‘lsa, 2017 yilning avgust oyida matbuotda huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyevning mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga qabuldagi nohaqliklar haqida maqolasi e’lon qilindi. Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘qishga kirgan va kirmay qolgan abituriyentlar o‘rtasida juda katta – 70-100 ball farq borligi aytildi. O‘qishga kirganlar ro‘yxatining eng oxirida turgan abituriyent 163,8 ball, «yiqilganlar»ning birinchi o‘rnida turgan abituriyent esa 97,3 ball yiqqan. Qiziq holat-a? Shuningdek, DTM kodlari raqamlari ketma-ket kelgan abituriyentlarning o‘qishga kirgani ham juda-juda shubhali.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlar «portlab» ketdi. Bunday holat boshqa oliy yurtlarida ham borligi ochiq-oydin yozildi. Agar shu fikrlar Yevropadagi bironta mamlakatda aytilganda, shubhasiz, avvalo o‘sha oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, oliy ta’lim vaziri butun jamoasi bilan iste’fo bergan bo‘lardi. Keyin tekshiruv va surishtiruvlar boshlanardi. Bizda esa unday bo‘lmadi. Eng ajablanarlisi, maqola va chiqishlarga hech bir idora – Oliy ta’lim vazirligi ham, sohaga aloqador boshqa tashkilotlar ham munosabat bildirmadi. To‘g‘ri, Toshkent moliya instituti rahbariyati holatni izohlashga urindi, lekin jamoatchilikni ishontira olgani yo‘q.

Aslida munosabat bildirmaslik, haqiqatni tan olish deganidir. Xalq maqolida bekorga «Sukut – alomati rizo» deyilmagan. Agar inson aybdor bo‘lmasa, har qanday sharoitda ham o‘zini himoya qiladi, zarur bo‘lsa sudlashadi. Lekin o‘shanda bunday bo‘lmadi. Hech bir oliy o‘quv yurti rahbariyati o‘zini himoya qilishga  intilmadi, sukut saqladi. Bu shov-shuvli vaqt o‘tishi bilan bosilib ketishini kutdi. Va ular to‘g‘ri qilishgan ekan, haqiqatan ham, shu masala oxiriga yetmay qoldi. Go‘yo oliy o‘quv yurtlarida hech narsa bo‘lmagan va hech kim javob berishi shart emas.  

Meni qiynagan narsa o‘sha butun mamlakatni oyoqqa turg‘azgan voqeaga, bir-ikkita faol deputatni hisobga olmaganda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham, Senat ham munosabat bildirmadi. Go‘yo ular matbuotda e’lon qilinayotgan, ijtimoiy tarmoqlarni «portlatgan» chiqishlardan xabardor emas. Go‘yo ular qonunchilik bilan shunchalik bandki, ommaviy axborot vositalarini kuzatishga vaqtlari yo‘q. Aslida ular shu chiqishlarni o‘qib qonunlar yaratishi, shu paytgacha yaratilgan qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishlari kerak emasmi? Chunki xalq bilan gaplashsangiz, ularning ichiga kirib borsangiz, fikriga, dardiga quloq solsangiz, o‘zingiz yaratgan qonunlaringizdagi kamchiliklar, tuzatish lozim bo‘lgan o‘rinlarni bilib olasiz. 

Yaqinda taniqli saytlarning birida Samarqand davlat universiteti jismoniy madaniyat fakultetining sport faoliyati (xotin-qizlar sporti) yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan kirish imtihonlaridagi holat haqida maqola e’lon qilindi.

Tahririyatga murojaat qilgan 14 nafar abituriyent qiz imtihonlarning yakuniy natijasini chiqarishda adolatsizlikka va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilganini ta’kidlashgan. Ular o‘zlarining gaplarini turli dalillar bilan isbotlash urinishgan. Masalani o‘rgangan muxbir maqolasida shunday jumlalar bor:

«...Qizlar, shuningdek, basketbol va voleybol to‘pining farqiga bormagan, 100 metr va 400 metrga yugurishni eplay olmagan qizlar o‘qishga kirganini ta’kidlashdi...

Bu yerda kim haq, kim nohaq — faqat o‘zlariga-yu, Yaratganga ayon. Masalani faqat vakolatli idoralar vakillari kelib, videoyozuvlarni ko‘rib, o‘rganib chiqib, tahlil qilib, aniq bir narsa deyishlari mumkin. Adolatni ro‘yobga chiqarish uchun shunday yo‘l tutishlari kerak ham. Universitet xodimlari, agar oq bo‘lsa, albatta, videoyozuvlarni bittalab ko‘rsatib, o‘zlarini oqlab olishlari kerak bo‘ladi...»

Men bir narsaga hayron qolaman. 2017 yilgi holatda ham, bu yilgi holatda ham  masalaning oxiriga yetish imkoni bor edi. Nega uni oxiriga yetkazishga, kim haq, kim nohaqligini aniqlashga intilmayapmiz, harakat ham qilmayapmiz? Yoki bu ishdan qaysidir amaldor manfaatdormi? E’tibor bering, 2017 yilda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida va bu yil SamDUda yuz bergan holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi komissiya tuzib, tekshirish o‘tkazishi mumkinmidi? Mumkin edi. Nega xalq saylagan deputatlar bunday jumboqli holatlarga aniqlik kiritishga intilmadi, intilmayapti?  Vaholanki, hukumat boshlig‘ining ham hisobotini eshitish, unga talablar qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan Oliy Majlis komissiya tuzish va tekshirish uchun barcha huquq va imkoniyatga ega. Komissiya tarkibiga deputatlar, jurnalistlar, jamoat tashkilotlari vakillari kirsin. Ular o‘sha o‘qishga kirgan va kirmay qolgan yigit-qizlar bilan suhbatlashsin, ularning dardini eshitsin, bilimini sinab ko‘rsin. Shunda otasi yoki onasining lavozimi tufayli yoxud pora evaziga o‘qishga kirganlar aniqlanadi, basketbol va voleybol to‘pining farqiga bormagan, 100 metr va 400 metrga yugurishni eplay olmaganlarning qanday qilib o‘qishga kirib qolgani fosh bo‘ladi. Agar abituriyentlar tuhmat qilayotgan, shu yo‘l bilan oliy o‘quv yurtining obro‘sini to‘kayotgan bo‘lsa, ularga nisbatan ham chora ko‘riladi. Bizga shunday ishlarga qodir deputatlar kerak.

«Davlat tili haqida»gi qonun mustaqil O‘zbekistonimiz tarixida qabul qilingan birinchi hujjat. Yaqinda ushbu qonun qabul qilinganining 30 yilligini katta bayram qildik, keng nishonladik. Lekin tilga munosabat sho‘rolar davrida qanday bo‘lsa, shundayligicha qolmoqda. Men shu o‘rinda bitta masalagagina to‘xtalmoqchiman. Gazeta xodimi bo‘lganim uchun bir muammoga ko‘p duch kelamiz. Odamlar maqolasidagi familiya va ismini o‘zgartirmasdan, pasportida shunday yozilganini aytib, chiqarishimizni talab qilishadi. Albatta, biz birovlarning familiyasi yoki ismini o‘zgartirishga ishqiboz emasmiz. Lekin ko‘plab familiya va ismlar o‘zbek tili qoidalariga amal qilinmay, savodsizlarcha yozilgan. Shunday paytda istab-istamay familiyani to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Deylik, Qodirovning familiyasi pasportida Kadirov, Ortiqovning familiyasi Artikov, Qo‘chqorovning familiyasi Kuchkarov, Jalolovning familiyasi Jdalalov deb yozilgan. Xullas, bir paytlar, ko‘proq sho‘rolar davrida, bir savodsiz xodim tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga shunday yozib bergan. Achinarlisi, shu xato bugungacha tuzatilmagan. Mualliflarga bunaqa familiya va ism o‘zbek tilida yo‘qligini tushuntira olmaysiz. Pasportimda shunday yozilgan deb turib oladi. Bu haqda matbuotda ko‘p va xo‘p aytildi. Lekin o‘tgan o‘ttiz yil davomida qonun tashabbuskorligiga ega bo‘lgan deputatlar bu muammoga barham beraylik, bir qonun qabul qilib, barcha familiya va ismlarni o‘zbek tili qoidalari asosida o‘zbekchalashtiraylik degan tashabbus bilan chiqmadi.  Axir o‘tgan yillarda necha marta pasport almashtirildi. Vaqtida shunday hujjat qabul qilinganda, hamma ism va familiyalar allaqachon o‘zbekchalashib bo‘lardi.

Millionlab fuqarolarimizning xorijda, xususan, Rossiyada mehnat qilayotgani yana bir og‘riqli nuqtamiz. Ular soni qanchaligini aniq bilmaymiz. Yaqin-yaqingacha, to‘g‘rirog‘i mamlakatimiz rahbari ular haqida gapirmaguncha, mehnat migrantlarimizni taqdir hukmiga tashlab qo‘ygan edik. Vafot etib, mablag‘i yo‘qligi uchun jasadi o‘zga yurtlarda qolib ketganlari qancha. Deputatlarimiz shu holatdan bexabarmi? Xabardor. Nega shu masalalar Oliy Majlis yig‘ilishi kun tartibiga qo‘ylmaydi, ularni himoya qilish masalasi ko‘tarilmaydi? Axir ular  ozmuncha mablag‘ yubormayaptimi?

Xullas, deputatlar hal etishi kerak bo‘lgan bunday muammolar  ko‘p, juda ko‘p... Shu bois ham sizlarga murojaat qilyapman. Ko‘rsatayotgan nomzodingiz o‘z fikri, o‘z dunyoqarashiga egami? Vatanparvarmi? Men yangi deputatlar o‘z fikriga ega, jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosabat bildira oladigan, jamiyat rivojiga xizmat qiladigan qonunlar yaratishga qodir insonlar bo‘lishini istayman. Baski, yuqoridagi savolni takrorlayman: nomzodingiz soqov emasmi?  

Bekqul Egamqulov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring