Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Muammolar yechimi ziddiyatda emas!» – Ahmad bin Said al-Kasiriy

«Muammolar yechimi ziddiyatda emas!» – Ahmad bin Said al-Kasiriy

Elchi Ahmad bin Said al-Kasiriy.

Foto: «Xabar.uz»

Arabiston yarimorolining janubi-sharqida joylashgan O‘mon sultonligini O‘zbekiston bilan 4500 chaqirimlik masofa ajratib turadi. Jug‘rofiy masofalar yiroq ekaniga qaramay, ikki davlat o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istagida. O‘mon sultonligining yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad bin Said al-Kasiriy «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda o‘zaro hamkorlik, shuningdek, xalqaro siyosatning dolzarb masalalariga munosabat bildirdi.

– Elchi janoblari, xabaringiz bor, 2018-yil sentyabr oyida O‘mon poytaxti Masqat shahrida O‘zbekiston elchixonasi faoliyat boshladi. Bu, shubhasiz, o‘zaro munosabatlarda muhim hodisa sanaladi. Ikki mamlakat hamkorligining hozirgi holatini qanday baholaysiz?

– O‘mon sultonligi O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan sanaladi. 1992-yilda ikki tomonlama diplomatik aloqa o‘rnatilgandan buyon hamkorlik yil sayin mustahkamlanib bormoqda.

2009-yili O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning O‘monga rasmiy tashrifi o‘zaro aloqalarda yangi sahifa ochdi. Tashrif mobaynida hukumatlararo bitim va shartnomalar imzolandi. 2010-yilda Toshkentda O‘mon elchixonasi faoliyat boshladi. Bu esa turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Bir yil muqaddam O‘zbekiston ham O‘monda o‘z elchixonasini ochdi. Ushbu voqea O‘zbekiston rahbariyati biz bilan robitalarni rivojlantirish istagida ekanidan dalolat beradi.

Tarixan Buyuk ipak yo‘lida umrguzaronlik qilgan xalqlarimiz o‘rtasida azaldan savdo-tijorat aloqalari nash’u namo topgan. Bugun esa bu borada yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Ayni paytda logistik va texnik muammolarni bartaraf etishga intilmoqdamiz. Yaqindan boshlab O‘mon bozorida O‘zbekistonda yetishtirilgan ho‘l meva va sabzavotlar sotilmoqda. Bu – tijoratni yanada kengaytirish yo‘lidagi dastlabki va muhim qadamdir.

Hamkorlik munosabatlarida madaniy-gumanitar jabha alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonlik san’at ustalari hamda hunarmandlar O‘monda o‘tadigan turli festivalu ko‘rgazmalarda muntazam qatnashib keladi. O‘z navbatida, bizning vakillarimiz javob tashriflarini amalga oshirmoqda. Masalan, Samarqandda o‘tgan  «Sharq taronalari» xalqaro festivali hamda Qo‘qon xalqaro hunarmandlar anjumanida yurtimiz delegatsiyasi munosib qatnashdi.

Xabaringiz bor, O‘mon sultonligi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasi binosi qurilishida ishtirok etdi. Shu maqsadda Sulton a’lohazratlari tomonidan grant ajratildi. Ushbu bunyodkorlik loyihasi biz uchun alohida qadrli ekanini ta’kidlashni istardim. Zero, kutubxonada saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyatning ma’naviy boyligidir.

Joriy yil 21-oktyabr kuni Toshkentda «Bag‘rikenglik, hamjihatlik, totuvlik: O‘mon islom risolasi» nomli ko‘rgazma tashkil etdik. Biz tarannum etgan ushbu fazilatlar o‘zbek xalqining ham azaliy qadriyatlari sirasiga kiradi.

Buxoro shahri 2020-yilda «Islom madaniyati poytaxti» deb e’lon qilingani bizni shoyon mamnun etdi. Kelgusi yil ushbu muhim voqea doirasida tashkil etiladigan anjumanlarda albatta qatnashamiz.

Hamkorlikni yanada mustahkamlashda turizm bo‘yicha ham ishga solinmagan imkoniyatlar talaygina ekanini qayd etish joiz.

– 2010-yilda O‘zbekiston hamda O‘mon tomonidan qo‘shma investitsiyaviy fond ta’sis etilgan edi. O‘tgan yillar davomida jamg‘arma qaysi sanoat tarmoqlariga sarmoya kiritdi? Umuman, ayni vaqtda yurtingiz investorlari O‘zbekiston iqtisodiyotining qaysi sohalariga qiziqish bildirmoqda?

– Qo‘shma investitsiyaviy fond tomonidan mahsulotlarni qayta ishlash, xizmat ko‘rsatish, bank sohalaridagi ko‘plab loyihalar moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi. Yaqin istiqbolda sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarga investitsiya kiritish ko‘zda tutilmoqda. Jamg‘arma O‘zbekiston va O‘mon ishtirokida boshqarilishi ma’lum. Demak, ikki tomon qaysi sohani manfaatli deb bilsa, o‘sha jabhaga mablag‘ yo‘naltiriladi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga tatbiq etilayotgan ochiqlik siyosati va islohotlar mamlakatga xorijlik, jumladan, o‘monlik investorlarning qiziqishini oshirmoqda. Masalan, bir guruh o‘monlik sarmoyadorlar ayni paytda Farg‘ona vodiysi viloyatlari  – Namangan va Andijonda investitsiya kiritish imkoniyatini o‘rganmoqda. O‘monlik sarmoyadorlarni jalb etishda O‘zbekistonning Masqatdagi elchixonasi, xususan, elchi Anvar Abduhalimovning xizmati katta.

Yaqinda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi rahbari bilan uchrashib, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish uchun «yo‘l xaritasi» ishlab chiqishga kelishib oldik. «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishi munosabatlar rivojiga yangidan turtki beradi. 

– Bugun dunyoda muqaddas islom dinini «terrorizm» tushunchasi bilan tenglashtirish, chog‘ishtirishga urinish kuzatilmoqda. Sayyoramizning yirik ommaviy axborot vositalari ham sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ziddiyatni bo‘rttirib ko‘rsatishga urinmoqda. Bir vaqtlar amerikalik siyosatshunos Semyuel Hantington «Tamaddunlar to‘qnashuvi» asarida Sharq va G‘arb sivilizatsiyasi ixtilofi dahshatli halokatga olib kelishi haqida yozgan edi. Mo‘’tadillikni targ‘ib etayotgan musulmon mamlakati diplomati sifatida ayting-chi, Hantington bashorat qilganidek, chindan ham ikki yirik sivilizatsiya to‘qnashadimi? Umuman, tamaddunlar to‘qnashuvining oldini olish yo‘li bormi?

– Tamaddunlar to‘qnashuvi haqidagi faraz bir siyosatchining fikri, xolos va u bilan istagancha bahslashish mumkin. Tarix shohid, insoniyat har qanday qiyinchilikni aql va hikmat bilan yengib o‘ta olgan. Birinchi va Ikkinchi jahon muhorabalari, «sovuq urush» davrini yodga oling. Insoniyat barcha g‘ov-to‘siqlarni donishmandlik bilan yengib kelmoqda.

Men Hantingtonga fikriga muxolif o‘laroq, istiqbolda tamaddunlar birlashuvi ro‘y beradi deb hisoblayman.  Dunyo ahli axloqiy qadriyatlarning mushtarak jihatlarini topishga urinmoqda. Bugun ulkan sayyoramiz baayni mo‘’jaz shaharchaga aylanib qolgan. Aloqa vositalari hamda texnologiyalarning bemisl taraqqiyoti insonlar, xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi robitani ham mustahkamlayotir. Ziddiyatlar tarixiga diqqat qilsangiz, aksar ixtiloflar o‘zaro muloqot va aloqaning yo‘qligi, tomonlarning bir-birini tanimasligi sabab ro‘y bergan. Bugun esa masofalar qisqardi, robita va muloqot o‘rnatish osonlashdi.  Bularning bari ziddiyatlarni hal etish borasida nekbin xulosalarga undaydi.

Islom dini, umuman, barcha samoviy dinlar hamjihatlik, tinchlik, totuvlikka da’vat etib keladi. Hozir esa ayrim kuchlar shaxsiy manfaatini azaliy oliy qadriyatlardan ustun qo‘yib, muqaddas diniy tushunchalardan qurol sifatida foydalanmoqda. Bunday mushkul pallada muammoni ziddiyat yoki ixtilof yo‘li bilan yechib bo‘lmaydi. Muammoni faqat ma’rifat yo‘li bilangina hal etish mumkin.

– So‘nggi yillarda mamlakatingiz mintaqadagi dolzarb masalalarni hal etishda faollik ko‘rsatmoqda. O‘mon tashqi ishlarga mas’ul vaziri Yusuf bin Alaviy joriy yil 13-oktyabrda BMT Bosh assambleyasidagi ma’ruzasida ham Yaqin Sharqda barqarorlik o‘rnatish vazifasi hayot-mamot masalasi ekanini ta’kidladi. Xabaringiz bor, Suriyada 2011-yildan buyon davom etayotgan fuqarolik urushida 465 ming kishi halok bo‘ldi, 12 million kishi boshpanasiz qoldi. Rasmiy Masqat Curiya masalasida qanday yechimni taklif etadi?

– Suriya muammosi bo‘yicha mutaxassis emasman, ammo ayrim kuzatuvlarim bilan o‘rtoqlashaman. 2011-yilda «Arab bahori» deb atalgan hodisalar ro‘y berdi. O‘sha kezlar ko‘pchilik ushbu hodisalar zanjiri qanday oqibatlarga olib kelishini bilmas edi. Mavhumlik esa odatda qo‘rqinchli oqibatlarni keltirib chiqaradi.

«Arab bahori»ni hal etishda kimdir qurol kuchidan, kimdir muzokara yo‘lidan foydalandi. Ma’lumki, urush va qonli ixtiloflar kurashayotgan tomonlardan birining o‘z xohish-irodasini kuch bilan o‘tkazishga urinishidan paydo bo‘ldi. Bunday xatti-harakat davlatlar, guruhlar va insonlar o‘rtasida ro‘y berishi mumkin. Suriyadagi fojiaviy hodisalar ham ko‘plab holatlarga e’tiborsizlik tufayli sodir bo‘ldi. O‘mon sultonligi Suriyadagi hodisalarning ilk kezlaridanoq ziddiyatlar mamlakatning ichki ishi ekanini urg‘ulab, hukumat va muxolifatni muloqot o‘rnatishga da’vat etdi. Shu bilan birga, Suriyaning Arab davlatlari ligasidagi a’zoligi  to‘xtatilishini qo‘llab-quvvatlamadi. Biz hanuzgacha Suriya bilan diplomatik aloqalarda davom etmoqdamiz, elchixonamiz Damashqda faoliyat yuritib kelmoqda.

Biz hozir ham har ikki tomonga ochiqmiz. Amaldagi hukumat va muxolifat muammoni tinch yo‘l bilan hal etish istagini bildirsa, yordamga tayyormiz.

Siz keltirgan raqamlar vaziyat o‘ta ayanchli ekanidan dalolat beradi, albatta. Ammo insof yuzasidan Suriyada asta-sekin ijobiy o‘zgarishlar bo‘y ko‘rsata boshlaganini ham qayd etish joiz. To‘g‘ri, vaziyat o‘ta murakkab, lekin har qanday murakkab-mushkul jumboqni ham muloqotlar yo‘li bilan yechsa bo‘ladi.

– Ayni choqda yetakchi siyosiy kuchlar Suriyaning amaldagi rahbari Bashar Asad hokimiyatdan ketishi kerakligi, shundan keyingina mamlakat kelajagi xususida muhokama boshlash mumkinligini aytmoqda...

– Davlat tepasidagi shaxslar kelib ketaveradi. Ammo bu masala demokratik tamoyillar va xalqaro me’yorlar asosida hal etilmog‘i lozim. Ya’ni kim davlat rahbari bo‘lishini Suriya xalqi hal etishi kerak.  

Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirish vaqti.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

– Joriy yil 12-aprel kuni O‘monning yangi elchisi sifatida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘i topshirgan edingiz. O‘tgan muddat ichida yurtimizda o‘zingiz uchun nimalarni kashf etdingiz?

– Avvalo, prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari bilan uchrashuvni eslab o‘tsam. Ishonch yorlig‘ini topshirish asnosida, u kishidan kuch-quvvat va g‘ayrat taralayotganini sezdim. Bu esa bizni ham g‘ayrat bilan ishlashga undaydi. Qolaversa, O‘zbekiston yetakchisining dunyo hodisalaridan yaxshi xabardorligi, mamlakatni o‘zgartirish ishtiyoqi kuchli ekanini ham ta’kidlashni istardim.

O‘zbekiston musulmon olami vakillari uchun begona mamlakat emas. Masalan, men maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlaringiz haqida ilk ma’lumotlarni olganman. Oliy o‘quv yurtidagi tahsil davrida esa ushbu zamindan yetishib chiqqan Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Buxoriy, Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi diniy va dunyoviy ilmlarning peshqadam vakillari, ulug‘ allomalar merosi bilan tanishganman.

O‘zbekistondagi diplomatlik faoliyatim davomida qadimiy shaharlarni ziyorat qilib, tasavvurlarimni hayotiy taassurotlar ila boyitdim. O‘zbek xalqi o‘monliklar kabi mehmondo‘st, ochiqko‘ngil va yuksak madaniyat sohibi ekaniga o‘z ko‘zim bilan guvoh bo‘ldim. Xalqlarimizni bog‘lab turuvchi yana ko‘plab mushtarak rishtalarni kashf etdim.

Bugun butun O‘zbekistonda o‘sish, o‘zgarish jarayoni ketayotir. Mamlakatingiz ushbu sur’atda taraqqiy etsa, istiqbolda yanada yuksak marralarni egallashiga ishonchim komil.

S.Salim suhbatlashdi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring