Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuchlilar va zaiflar. Malayziya bosh vaziri jahondagi zo‘ravonlik siyosatini tanqid qildi

Kuchlilar va zaiflar. Malayziya bosh vaziri jahondagi zo‘ravonlik siyosatini tanqid qildi

Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammad hamda mamlakat tashqi ishlar vaziri Sayfuddin Abdulloh.

Foto: Malayziya hukumati sayti

Dunyodagi qudratli mamlakatlar zaif o‘lkalarga o‘z xohish-irodasini zo‘rlab o‘tkazishi oqibatida ko‘p tomonlama hamkorlik va adolat tamoyillari buzilmoqda. Bu haqda Malayziya bosh vaziri, doktor Mahathir Muhammad mamlakat tashqi siyosatining yangi tartiboti taqdimotidagi ma’ruzasida so‘zladi. 

Malayziya yetakchisi BMT rezolyusiyalari va bitimlari qo‘pol ravishda buzilayotganini tanqid qilib, zo‘ravonlik davri o‘tganini qayd etdi.

Taassufki, iqtisodiyotda ham kuchlilar va zaiflar o‘rtasida noteng raqobat hukm surayotir.

«Savdo-iqtisodiy jabhada ham ayni shu holatni kuzatish mumkin. Ayrim qudratli mamlakatlar ko‘p tomonlama bitimlarni ochiqdan-ochiq pisand qilmay bir tomonlama jazo choralari qo‘llamoqda. Jazo choralaridan esa nafaqat muayyan o‘lka, boshqa mamlakatlar ham zarar ko‘rmoqda. Bu yerda adolat tamoyili buzilmoqda. Boylar va qudratlilar o‘zlari xohlagan narsaga ega chiqmoqda, kambag‘al va zaiflar esa og‘zidagi oshini oldirmoqda», – dedi Mahathir Muhammad.

Tajribali siyosatdonga ko‘ra, rasmiy Kuala-Lumpur haqsizlik holatlarida shunchaki tomoshabin bo‘lib turmaydi.

«Malayziya biror bir mamlakat tomonidan sodir etiladigan adolatsizlik, haqsizlik va insoniyatga qarshi boshqa jinoyatlarga qarshi o‘z fikrini bildirish, kerak bo‘lsa noroziligini namoyon etish huquqini saqlab qoladi. Malayziya insoniyat taqdiri uchun mas’uliyat va sadoqatdan aslo bo‘yin tovlamaydi», – dedi u.  

94 yoshli hukumat yetakchisi dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi davrda barcha sohalar kabi tashqi siyosatda ham an’naviy yondashuvlarni yangilash lozimligiga urg‘u bergan. Yangi taqdim etilgan Malayziya tashqi siyosat tartiboti ayni shu jadal o‘zgarish va evrilishlariga munosib javob sanaladi. Qayd etilishicha, 80 sahifali mazkur hujjat Malayziya diplomatlariga dasturilamal bo‘lib qolmay, mamlakat tashqi siyosatini o‘rganuvchilar uchun qimmatli manba hamdir.

Tashqi siyosatning yangi tartibotida bosh vazir M.Muhammad BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasida ilgari surgan muhim g‘oya va takliflar ham aks etgan.

Ta’kidlanishicha, Malayziya tinchlik, insonparvarlik, adolat va tenglik tamoyillariga asoslangan mustaqil, pragmatik tashqi siyosatga sodiq qoladi, ziddiyatlarni xalqaro huquq me’yorlari asosida tinch yo‘l bilan hal etishni yoqlaydi, hamkor mamlakatlar hamda qo‘shnilar bilan do‘stlik robitalarini mustahkamlashga intiladi.

Eslatib o‘tamiz, Malayziya BMT a’zosi sifatida multilateralizm – ko‘p tomonlama hamkorlik siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Islom olamidagi mutaraqqiy o‘lka hamda Islom hamkorlik tashkiloti a’zosi sifatida esa musulmon dunyosi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring