Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Bu yerdagi odamlarning ham ertangi kundan umidlari bor»

Shavkat Mirziyoyev: «Bu yerdagi odamlarning ham ertangi kundan umidlari bor»

Foto: «President.uz»

Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 29-iyun kuni Toshkent shahrining Olmazor tumaniga tashrif buyurib, «Ibrohim ota» mahallasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident uyma-uy yurib, har bir oilaning talab-istaklarini o‘rganish, muammosi bo‘lsa yordam berish, tadbirkorlarni jalb etib, ishchi joylar yaratish zarurligini ta’kidladi.

— Bu yerdagi odamlarning ham bola-chaqasi, ertangi kundan umidlari bor. Mamlakatimizdagi o‘zgarishlarni, qabul qilinayotgan dasturlar natijasini odamlar o‘z uyida sezishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: «President.uz»

Davlat rahbari mazkur mahalla faollari va aholi bilan suhbatlashdi. Aholini ish bilan ta’minlash, shaharu qishloqlarni obod qilish, maktabgacha ta’lim va maktab ta’limini rivojlantirish, yoshlarni yetuk insonlar etib tarbiyalash borasidagi islohotlar mohiyati haqida muloqot bo‘ldi. «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Yoshlar — kelajagimiz» dasturlari aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga zamin bo‘lishi ta’kidlandi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu mahallada 19 ta ikki qavatli va 4 ta to‘rt qavatli uy joylashgan. Ular 1960-yillarda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham eskirgan.

Shu kabi mahallalar qiyofasini yangilash maqsadida kuni kecha «Obod mahalla» dasturi qabul qilindi. «Ibrohim ota» mahallasi ham mazkur dasturga kiritilgan. Unga muvofiq, barcha ko‘p qavatli uylar, ko‘cha va yo‘laklar ta’mirlanib, hudud obodonlashtirilmoqda. 7 ta ikki qavatli arzon uy-joy, zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmoqda.

Shuningdek, namunaviy loyiha asosida mahalla guzari, kommunal to‘lovlar shoxobchasi, bolalar va sport maydonchalari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring