Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh radioaktiv materiallar kontrabandasiga qarshi kurashda O‘zbekistonga yordam beradi

AQSh radioaktiv materiallar kontrabandasiga qarshi kurashda O‘zbekistonga yordam beradi

AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum hamda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev.

Foto: AQShning Toshkentdagi elchixonasi

AQSh O‘zbekistonga radioaktiv materiallarni aniqlovchi uskunalarni taqdim etadi. Zamonaviy uskunalarning dastlabki majmuasini topshirish marosimi 16-sentyabr kuni Afg‘oniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi «Do‘stlik» ko‘prigida bo‘lib o‘tdi. Marosimda AQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum hamda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev qatnashdi.

«Do‘stlik» ko‘prigida yangi o‘rnatilgan uskuna avtomobil va yo‘lovchilar, mobil deteksion tizimlar va portativ detektorlarni skanerdan o‘tkazuvchi radiatsion qurilmalarni o‘z ichiga oladi. U muhim xalqaro chegara punktida radioaktiv material kontrabandasiga qarshi kurashda asqotadi.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu ko‘p million dollarlik loyihaning debochasi sanaladi. Yaqin kelajakda AQSh davlat energetika departamentining Milliy yadro xavfsizligi ma’muriyati (DOE/NNSA) boshqa strategik chegara o‘tish punktlarini ham radiatsion portal monitorlari bilan jihozlaydi.

«Men mamlakatlarimizning xalqaro yadro xavfsizligi sohasidagi hamkorligida yangi davr boshlanganini e’lon qilishdan xursandman. Bugun AQSh davlat energetika departamenti O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasiga radiatsiyani aniqlovchi uskunaning birinchi majmuasini hadya etganiga guvoh bo‘ldik. Bu chegara xavfsizligi bo‘yicha AQSh–O‘zbekiston hamkorligida muhim qadamdir», – dedi elchi D.Rozenblyum.

AQSh davlat energetika departamentining Milliy yadro xavfsizligi ma’muriyati 1998 yildan buyon yadro va radioaktiv materiallar kontrabandasiga qarshi maxsus dasturni amalga tatbiq etib keladi. Sir emas, an’anaviy xavfsizlik vositalari radiatsiyani aniqlay olmaydi. Shu sabab chegaralarda kontrabandaning oldini olish uchun maxsus zamonaviy uskunalar taklif etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2012-yil aprelda ikki mamlakat o‘rtasida yadro kontrabandasiga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma reja tasdiqlangan. Mazkur hujjatda yadro va radioaktiv moddalar kontrabandasining oldini olish, aniqlash va kurashish bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlar aks etgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring