Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amerika orzusi: «Buyuk kelajak» eksperti AQShdagi muammolarni sanadi

Amerika orzusi: «Buyuk kelajak» eksperti AQShdagi muammolarni sanadi

Ko‘pchilik o‘zbeklar Amerikaga ketishni orzu qiladi. Hatto grin kartani ham kanda qilishmaydi. Shu tariqa O‘zbekistondagi muammolardan qochmoqchi bo‘lishadi.

Nima, Amerikada muammo yo‘qmi? Bor bo‘lgandaki... "Buyuk kelajak" eskpertlar kengashi eksperti, ayni paytda Vashingtonda yashaydigan Behzod Mamadiyev AQShdagi eng katta muammolarni sanab chiqqan.

"AQShda korrupsiya yo‘q; inson huquqlari poymol qilinmaydi. Qonunlar yozilganidek ishlaydi. Hokimlar, deputatlar va prezidentlar adolatli saylov asosida saylanadi; qonunda belgilangan muddati tugagandan keyin o‘rnini bo‘shatib qo‘yadi. Demak, mamlakatda qonun ustuvorligi bo‘yicha muammolar yo‘q.

Muammolar nimada? Muammolar qonunlar to‘la ishlamasligidan emas, balki shu qonun-qoidalar yaratgan ba’zi salbiy oqibatlardan paydo bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash tizimi

Amerikada tibbiy xizmatlar juda qimmat. Jiddiy kasallikka yo‘liqsa, o‘rta hol amerikalikning qurbi yetmaydi davolanishga. Shu bois tibbiy sug‘urta joriy qilingan. Lekin tizim yaxshi ishlamaydi. Oylik sug‘urta to‘lovi katta; bundan tashqari sug‘urta qoplamaydigan, har bir bemor hamyonidan to‘lashi lozim bo‘lgan mayda-chuyda to‘lovlar ko‘p. Ish joyi sug‘urta bilan ta’minlamasa, mustaqil ravishda sug‘urta sotib olish juda qimmat; bunga o‘rta hol amerikaliklarning qurbi yetishi qiyin.

Prezidentlik uchun ketayotgan hozirgi saylov kampaniyasida demokratlarning ko‘pi tibbiy sug‘urtani davlat nazoratiga berish kerak; davlat hammani tibbiy sug‘urta bilan ta’minlasin, degan talabni olg‘a suryapti.

Immigratsiya

AQShda 10 milliondan ortiq noqonuniy muhojir bor. Ularning aksariyati Meksika orqali Lotin Amerikasidan kelgan. AQSh uchun bu katta boshog‘riq. Ular AQShda ishchi o‘rinlarini tortib olyapti; natijada oddiy amerikaliklar uchun maoshlar oshmayapti, degan da’volar bor.

Ta’lim

AQShda oliy ta’lim juda qimmat. Amerikaliklarning ta’lim uchun olgan qarzlari miqdori 1,56 trillion dollarga yetgan. Har bir odam oliy ta’limni o‘rtacha 29 ming dollar qarz bilan tugatadi. Bu qarzni uzish uchun ular o‘n yillab ishlashadi. Ba’zi siyosatchilar bakalavr ta’limini bepul qilish kerak, degan talablar bilan chiqyapti.

Otishmalar

AQShda deyarli har oy ommaviy otishma bo‘ladi. Unda o‘nlab odamlar halok bo‘ladi. Oddiy fuqarolarga qurol saqlash huquqi berilgan. Natijada bugun oddiy amerikaliklar qo‘lida 400 millionga yaqin qurol yig‘ilib qolgan. Bu aholi jami sonidan (300 million) ham ko‘p!

Saylov va siyosatdagi lobbichilik

AQShda saylov payti xususiy shaxslar kimningdir nomzodini qo‘llab, cheklanmagan miqdorda mablag‘ sarflashi mumkin. Shu bois prezidentlik saylovi uchun bu yurtda milliardlab dollar mablag‘ sarflanadi. Boylar o‘zlari xohlagan nomzodlar uchun millionlab dollar pul ajratadi. Hammasi qonuniy, oshkora bo‘ladi. Kongressda ham qaysidir kompaniyalar manfaatlarini himoya qiluvchi qonunlar, qonunchilar bo‘ladi. Saylovdagi cheksiz pul sarflashni cheklashga harakatlar bor. Buni faqat Oliy sudgina hal qila oladi.

Mehr-oqibatning yo‘qligi

Oxirgi muammoni ro‘yxatga o‘zim qo‘shdim. O‘zbekona mentalitet bilan qarasak, bu muammo. Amerikaliklar uchun bu odatiy hayot tarzi. Bu yerda hamma o‘zining aravasini o‘zi tortadi. Bolalar balog‘atga yetgandan keyin otasining uyida boqimanda bo‘lib yashamaydi. Ishlashi, pul topishi, o‘z hayotini o‘zi qurishi kerak. Keksaygan ota-onasi bilan birga yashab, ularga qarab o‘tirish odati ham yo‘q. G‘amxo‘rlik qilishadi, faqat qariyalar uyiga joylash yoki ularga qarash uchun qo‘shimcha odam ishga yollash orqali. O‘zlari yoki kelini, farzandlari qaramaydi, bunga ularda vaqt yo‘q. Hamma ish, o‘qish va boshqa shaxsiy ishlari bilan band bo‘ladi.

Bu yerda kapitalizmning o‘ta qattiq formasi hukm suradi. Hamma joylarda sizga muloyim, jilmayib muomala qilishadi, lekin pulingiz bo‘lmasa, kimdir rahmi kelib sizga yordam berishidan ko‘ra ko‘chada qolib ketishingiz ehtimoli yuqori. Albatta, uysizlarga, qashshoqlarga yordam dasturlari bor; bu ish bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilotlar ham ko‘p; lekin oddiy odamlar, qarindosh-urug‘lar orasida O‘zbekistondagidek mehr-oqibat, yordam berish kam uchraydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring