Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Adolat» SDP poytaxt markazida targ‘ibot mitingi o‘tkazdi (foto)

«Adolat» SDP poytaxt markazida targ‘ibot mitingi o‘tkazdi (foto)

Foto: Adolat SDP matbuot xizmati

O‘zbekiston «Adolat» SDP Toshkent shahar Kengashi tomonidan targ‘ibot mitingi o‘tkazildi.

«Sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori vositalariga qarshimiz!» shiori ostida o‘tkazilgan mitingda partiya xodimlari, deputatlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar, mahalla faollari, xotin-qizlar hamda tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Mitingda asosan qalbakilashtirilgan dori vositalariga, dori vositalarining retseptsiz sotilishiga, dorilarning narxiga norozilik bildirildi. Tadbirda so‘zga chiqqan partiya rahbari Narimon Umarov barchani birdamlikka chaqirdi.

Foto: Adolat SDP matbuot xizmati

Tashkil etilgan namoyishda barcha fuqarolarimiz o‘z fikr-mulohazalarini erkin bildirishlari uchun imkoniyat yaratildi. Tadbir mohiyatidan kelib chiqqan holda tibbiyot tizimiga nisbatan ba’zi e’tirozlar ochiq-oydin bildirildi.

Partiyaning ushbu namoyishi faollarga qanot berdi. Bugun xalqqa o‘zi nima kerak? Xalqimiz uchun sog‘lom hayot va tinchlik eng muhimi hisoblanadi. Ammo nima uchun yurtimizning ayrim joylarida aptekalar soni ko‘p va ayrim joylarida aptekalar umuman yo‘q? Nima uchun ularda dorilarning narxlari har xil? Savollar juda ko‘p, ammo bu savollarni ko‘tarib chiqish va ularga yechim topish kerak.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimi hamda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va dori vositalari sotilishida qat’iy nazorat o‘rnatishimiz kerakligi ta’kidlandi. Bu xalqimiz salomatligi yo‘lida qo‘yilgan eng katta qadamlarimizdan biri bo‘ladi.

Fuqarolar tomonidan hozirgi kunda aptekalarning faoliyatini aniq qonun doirasida qilib belgilash kerakligi, ayniqsa dori narx-navolarini qat’iy summada belgilanishi va har bir aptekada dori narxlarining bir xil - farq qilmagan holda tashkillashtirish kerakligi aytildi.

Noqonuniy dori vositalarining sotilishiga chek qo‘yish uchun avvalo apteka xodimlarining faoliyatini tubdan o‘zgartirish kerak. Nazorat davomida noqonuniy dori vositasi sotilayotgan hollar aniqlanganda, aptekaga hamda apteka xodimiga nisbatan jarima belgilanishini, jarima qat’iy summada bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Miting qatnashchilari dorilarni reklama qilinishini ham qoralab chiqdilar. Zero, tibbiy ko‘rik, tibbiy madaniyat, tibbiy savodxonlik bugungi kunning dolzarb masalalari qatorida turibdi.

Reklamalardagi jarangdor undovlar esa bu boradagi barcha targ‘ibotlarni yo‘qqa chiqarmoqda. Ishlab chiqaruvchilar o‘ziga shu qadar yuksak baho bermoqdalarki, avvallari goh-gohida yangrab qoladigan «Shifokor bilan maslahatlashing», «Nojo‘ya ta’sirga ega, yo‘riqnoma bilan tanishing» kabi jumlalarni ham atayin unutmoqdalar.

Foto: Adolat SDP matbuot xizmati

To‘g‘ri, dorilarsiz dardga davo topish amri mahol. Biz bu soha xodimlari mehnatiga tasanno o‘qiymiz. Lekin har narsaning chegarasi, har dorining o‘z bemori bor. U duch kelgan odam, ya’ni reklamani ko‘rgan odam qabul qilib ketaveradigan narsa emas.

Har bir organizm individual, dorilar kishilarga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim dorilarni shaxsiy o‘zlashtirolmaslik, qarshi ko‘rsatmalar bo‘lishi mumkin. Shifokor shu mezonlarni inobatga olgan holda bemorga muolaja, jumladan dori ichishni buyuradi. Bemordan avval umumiy salomatligi, ilgari qanday kasalliklar bilan og‘riganini so‘raydi, tekshiruvlar buyuradi. Shifokor tavsiyasisiz dori ichish – katta xato.

Dori mutaxassis tavsiyasi asosida qabul qilinadigan narsa bo‘lganidan keyin uni butun ommaga reklama qilish mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Balki tor doirada, faqat mutaxassislar o‘rtasida reklama qilgan to‘g‘ridir? Shunda shifokor farmatsevtika bozoridagi yangiliklardan voqif bo‘ladi, preparat yo‘riqnomasi bilan tanishib chiqqan holda, bemorning umumiy salomatligidan kelib chiqib birorta dori qabul qilishni maslahat beradi.

Yana bir masala. Nima uchun do‘konlarda olingan tovar uchun tovar cheki beriladi-yu, dorixonalarda unday emas? Bu dori vositalarini noqonuniy aylanishini ko‘rsatib beradi-ku. Bugungi aksiyada mana shu muammolar ko‘tarib chiqildi.

Shuningdek, taniqli o‘zbek xonandalari ishtirokida madaniy-ko‘ngilochar dastur ham o‘tkazildi. 

Foto: Adolat SDP matbuot xizmati

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring