Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abdulla Aripov Qozog‘istonga bordi. Hukumat rahbarlari muzokara o‘tkazdi

Abdulla Aripov Qozog‘istonga bordi. Hukumat rahbarlari muzokara o‘tkazdi

Foto: Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Turkistonda Qozog‘iston hukumati rahbari Asqar Mamin bilan uchrashdi. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ikki mamlakat bosh vazirlari savdo-iqtisodiy, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, transport-logistika, bojxona sohasidagi hamkorlik, shuningdek sanoat kooperatsiyasi va mintaqalararo o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi. 

Foto: Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2020-2022 yillarda hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, tovarlarni taqsimlashning mintaqaviy tizimi, Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasida Xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini yaratish, chegara-bojxona postlarini modernizatsiya qilish va boshqa masalalarga e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Qozog‘istonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy savdo sherigi hisoblanadi. 2019 yil yakuni bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 21,2 foizga o‘sib, 4,5 milliard dollarni tashkil etdi. Tomonlar savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish niyatida, deyiladi xabarda. 

Foto: Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati

Hukumat rahbarlari Turkistonda «Turkistan Textile to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Qozog‘iston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining ochilish marosimida ham qatnashgan.

Shuningdek, Asqar Mamin Abdulla Aripovni Turkiston shahrining ijtimoiy, sport, transport va sayyohlik infratuzilmasining yangi ob’yektlari – xalqaro aeroport, kongress zali, «Turkiston Arena» stadioni, O‘quvchilar saroyi, Rixos Turkestan mehmonxonasi, shuningdek, «Karvonsaroy» sayyohlik majmuasi va 5 ming o‘rinli masjid qurilishining borishi bilan tanishtirdi.

Hukumat rahbarlari Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring