Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yoshlarni band qilish uchun berilgan yer maydonidan kim foydalanmoqda?

Yoshlarni band qilish uchun berilgan yer maydonidan kim foydalanmoqda?

Foto: «Ombudsman.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi fuqaro N.N. tomonidan yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida ajratilgan yer maydoniga ekilgan g‘alla hosili va undan chiqadigan somon berilmaganligi hamda takroriy ekin uchun yer maydoni ajratilmaganligi haqida murojaat kelib tushdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Murojaatning o‘rganilishi natijasida haqiqatdan ham ushbu fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-fevraldagi tegishli  yig‘ilish bayoniga binoan, qishloq xo‘jaligida yoshlar bandligini ta’minlash, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, qishloq joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida murojaatchiga ikkilamchi ijara shartnomasi asosida Qorako‘l tumanidagi «Navro‘z Botir» fermer xo‘jaligining g‘alla ekilgan maydonidan o‘n sotix yer maydoni ajratilgan. Mazkur yer maydonidagi g‘alla parvarishi bilan bog‘liq barcha agrotexnika tadbirlari «Navro‘z Botir» fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshirilganligi sababli, yetishtirilgan g‘alla hosili fermer xo‘jaligi tomonidan yig‘ishtirib olingan. Lekin murojaatchining ulushi ajratib berilmagan.

Fuqaro N.N o‘z arizasida «...hosilni ololmagach, yerga takroriy ekin ekmoqchi bo‘lganimda, menga tegishli maydonga «Navro‘z Botir» fermer xo‘jaligi tomonidan allaqachon ekinlar ekilgani bois, menga boshqa yer ajratilishi aytildi. Lekin avgust oyiga qadar yer ajratilgani yo‘q», deb yozgan.

Murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, Vakilning prokuratura organlariga qilgan murojaatiga asosan, fuqaro H.N.ga o‘n sotix yer maydonidagi g‘alla hosilidagi ulushi undirib berildi.

Shuningdek, murojaatchiga avvalgi ajratib berilgan yer maydoni takroriy ekinlar ekilgan holda qaytarildi, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring