Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yoshlar ittifoqi bilan bog‘liq yangi mojaro. Xodimning talabida shaxsiy manfaat bormidi?

Yoshlar ittifoqi bilan bog‘liq yangi mojaro. Xodimning talabida shaxsiy manfaat bormidi?

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengash apparati xodimi, Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i Umed Radjabov shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining xorij safari uchun pul ajratish evaziga delegatsiya rahbarligini talab qildi. Yoshlar ittifoqi mutasaddisi aksincha bo‘lgan holatda pul ajratilmasligini bildirgan. Bu haqda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lumot berdi.

«O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengash apparati xodimi, Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i Umed Radjabovning yolg‘on ma’lumot tarqatgani haqida rasmiy munosabat:

O‘zbekiston Shaxmat Federatsiyasi xalqaro maydonda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan shaxmatchilarning manfaatini doimo himoya qilib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Birinchidan, shaxmat Olimpiada o‘yinlari dasturiga kirmasligi hamda shaxmat federatsiyasi nodavlat notijorat tashkilot ekani nazarda tutilgan holda, asosan, homiylar va boshqa taqiqlanmagan manbalar orqali moliyaviy ta’minlanadi. Xalqaro safarlar, turnirlarda qatnashish uchun shaxmatchilarni to‘liq moliyalashtirishning har doim ham iloji bo‘lavermaydi.

Ikkinchidan, Umed Radjabovning «Sport» telekanaliga bergan intervyusi yuzasidan shuni ma’lum qiladiki, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi Yoshlar ittifoqidan rasman yordam so‘ramagan va jahon chempionatiga jo‘natilayotgan shaxmatchilar harajati mutlaqo Yoshlar ittifoqi tomonidan qoplanmayapti. Ushbu xarajatlar O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining 2019-yil 8-iyuldagi 9-son yig‘ilish qarori asosida ijobiy hal etilgan.

Uchinchidan, Yoshlar ittifoqi respublikada yoshlar siyosati bilan shug‘ullanadigan yetakchi nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lishiga qaramay, bajarilmagan ish yuzasidan hisobot hamda yolg‘on ma’lumot tarqatganini O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi o‘ta noprofessional yondashuv deb baholaydi.

To‘rtinchidan, Umed Radjabov shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini safarga olib borishda faqat o‘zi delegatsiya rahbari bo‘lishini bot-bot ta’kidladi, bu shart amalga oshmasa, u moliyalashtirishdan bosh tortishini ma’lum qildi. Shaxmatning boshqa ommaviy sport turlaridan farqli jihati shundaki, terma jamoani olib boruvchi mas’ul shaxs turnir qoidalaridan yaxshi xabardor bo‘lishi, musobaqalar oldidan o‘tkaziladigan «Texnik yig‘ilish»da qatnashishi va kerak vaziyatda shaxmatchilar manfaatini himoya qila olishi kerak. Veyfanda (XXR) o‘tkaziladigan chempionat bo‘yicha ham O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan ana shunday normalar qabul qilingan.

O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi bu qoidaga doim rioya qilib kelgan va shu boisdan Yoshlar ittifoqi xodimi Umed Radjabov yuqoridagi tartib-qoidalar bo‘yicha hech qanday ko‘nikma hamda vakolatga ega emasligi sababli, qo‘yilgan talab qabul qilinmagan.

Beshinchidan, yuzaga kelgan vaziyatga aniqlik kiritish va masalani ikki tomonlama anglab olish uchun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev bilan uchrashuv belgilash maqsadida rais qabulxonasiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilindi va rais yordamchisi aytganidek, rais xizmat safarida bo‘lgani vaji bilan uchrashuv tashkil etilmadi. Shundan so‘ng federatsiya tomonidan 2019-yil 18-iyul kuni 417-son xat bilan rasmiy murojaat qilindi va bu murojaatga ham yuqoridagidek vaj asosida javob berildi. Turli sabab va vajlar bilan uchrashuv paysalga solindi va muammoni hal qilish uchun yana Umed Radjabovga yo‘naltirildi.

O‘zbekistonlik shaxmatchilar so‘nggi yillarda ulkan natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Ular xalqaro musobaqalarda moliyaviy muammolarsiz qatnashishi uchun O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi bor imkoniyatlarni ishga soladi. Ammo Yoshlar ittifoqidagi Umed Radjabovga o‘xshagan «rahbar»larning bu sohada qilayotgan «injiqlik»lari respublikada olib borilayotgan yoshlar siyosatiga ham, Yoshlar ittifoqi imijiga ham to‘g‘ri kelmaydi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring