Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yo‘lovchilaaar?! Chiqar tashqarigaaa...

Yo‘lovchilaaar?! Chiqar tashqarigaaa...

Foto: «Achchiq choy» kanali

Toshkent shahridagi oynavand (do‘konga aylantirilgan) avtobus bekatlarining ba’zilari soat 9:00da ham yopiq, ba’zilari do‘kon peshtaxatlaridan joy olmagan mahsulotlar uchun ombor vazifasini bajaryapti. Unda yo‘lovchilar avtobusni ko‘chada kutadimi? Bekatlar kimga xizmat qilishi kerak o‘zi? Telegramdagi kanallarning birida shunday og‘riqli masala ko‘tarildi.

Odatda ish kunim soat 9 da boshlanadi. Shunga qaramay, har kuni 7.30 da yo‘lga chiqishga odatlanganman. Aks holda Sergeli yo‘llaridagi tirbandliklarda (aytgancha, bu muammo bo‘yicha hatto petitsiya e’lon qilindi — tahr.) qolib, ertalabdan asabni buzish kimga ham yoqardi?

Fursat topib, ko‘pdan beri meni o‘ylantiradigan mavzuga ahamiyat berdim. Usmon Nosir ko‘chasi bo‘ylab aksariyat bekatlar dangalini aytganda minimarketga aylantirilgan.

Bilmadim, mutasaddilar xavfsizlik nuqtai nazaridan afzal deyishar, zamonaviy deyishar, oynavand deyishar, shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk deyishar!

Aslida bular emas, eng avvalo, yo‘lovchining manfaati muhim!

Bekat jamoat joy, bu tadbirkorning yeri emas. Masalan, soat 7:45 da «Askiya» bozori yaqindagi bekat qulflangan. (Keyin ham surishtirdim, 9:00 da ham ochilmagan ekan!) Demak, qachon do‘kon egasi kelsagina, yo‘lovchilar bekatga (!) kiroladi, boshqa payt esa yo‘q, shunaqami?!

«Bratskiye mogila»dagi bekatda ham hamma tashqarida turibdi, ichkaridagi o‘rindiqlar esa bo‘m-bo‘sh!

Keling, bir daqiqaga o‘zimizni yo‘lovchilar o‘rniga qo‘yib ko‘ramiz. Bekatga kelgan yo‘lovchi bir soatiga, bir yo‘lga qaraydi. U kutgan avtobus ko‘rindimi-yo‘qmi? Toqatsizlanadi. Bu tobda esa u ichkariga kirib, atrofi oyna bilan o‘rab tashlangan bekatdagi o‘rindiqda xotirjam o‘tira olmaydi. Boz ustiga tashqarini ko‘ray desa, ayniqsa, tungi vaqtlarda oynani qoplagan reklama plyonkalari dastidan buning ham iloji bo‘lmay qoladi.

Oynavand bekatlarning eshigini ochish-yopish – to‘g‘risi juda og‘ir. Bundan ayniqsa, qariyalar va yosh bolalar qiynaladi.

Noiloj qolgan yo‘lovchi bekatga kirmay tashqarida turadi. Tasavvur qilyapsizmi, yo‘lovchilar uchun siz muhayyo qilgan «komfort» bir zumda o‘z ahamiyatini yo‘qotyapti.

Aksariyat bekatlar minimarketning muzqaymoqlar to‘la aravacha muzlatgichlari va ichimliklar uchun mo‘ljallangan sovutgichlar bilan to‘ldirilgan. Ba’zilari esa do‘kon peshtaxatlaridan joy olmagan mahsulotlar uchun ombor vazifasini bajaryapti.

Ishoning, bu vaziyatda bekatga kirgan biron yo‘lovchi siz qanchalik kutmang, «Ooo, naqadar shinam bekat. Oynavand ekan, qishda qordan, kuzdan yomg‘irdan asraydi. Shuni qurganlarga rahmat!» demaydi. Aksincha, do‘konga kirib, hech narsa xarid qilmay chiqib ketadigan xaridordek o‘zini noqulay his qiladi, yaxshimi-yomonmi, avvalgi bekatini sog‘inadi.

Bekatlardagi do‘kon egasi hassaga tayangancha avtobus kutib turgan otaxonning(suratdagi) o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rarmikan-a?

Darvoqe, Toshkent shahar hokimining bekatlardagi marketlarni yopish haqida o‘tgan yil yozda yangragan taklifi  ham taklifligicha qolib ketdi-yov, deb yozadi post muallifi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring