Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiyada 30 kilometr suzib, qirg‘oqqa chiqib olgan ho‘kiz mashhur bo‘lib ketdi

Yaponiyada 30 kilometr suzib, qirg‘oqqa chiqib olgan ho‘kiz mashhur bo‘lib ketdi

Rasmdagi ho‘kizcha so‘nggi kunlarda Yaponiyada juda mashhur bo‘lib ketdi. Televideniye, gazeta va internetda yangilikka aylandi. Yangilikka asos – kuchli tayfun paytida ho‘kizchaning daryo toshqinidan tirik chiqqani va ekstremal vaziyatda uzoqqa suzish bo‘yicha o‘rnatgan «rekordi» bo‘ldi.

Gap shundaki, 12-13 oktyabr kunlari Yaponiyada misli ko‘rilmagan tayfun (ayovsiz shamol va yomg‘ir) ro‘y berdi. Oqibatda, mamlakatning katta hududlari talafot ko‘rdi: minglab uy va binolar, ishlab chiqarish korxonalari, elektr podstansiyalari vayron bo‘ldi, avtomobil va temir yo‘llariga jiddiy shikast yetdi, ko‘prik va daryo dovonlari buzilib, yuzlab kvadrat kilometr hududidagi yerlarni suv bosdi. Qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot milliardlab dollar zarar ko‘rdi. Qahramonimiz — buzoqcha boqilayotgan ferma joylashgan Tochigi prefekturasi (Tokio shimolidagi viloyat) ham ofatdan chetda qolmadi.

Tayfun qishloq xo‘jaligi rivojlangan Tochigidagi bir qator fermalarni vayron qilishi oqibatida yuzlab qoramol, jumladan, ushbu buzoqcha ham suvga oqib ketdi. Oqib ketgan mollarning aksariyati, oxir-oqibat, suv sathi ko‘tarilib, o‘ta shiddat bilan oqayotgan daryoga qo‘shilib ketgan. Daryo esa mollarni uzoqlarga oqizib ketgan. Afsuski, ularning aksariyati nobud bo‘ldi. Mollarning o‘ligi topilaverib umidlar uzilayotgan bir paytda, oradan ikki-uch kun o‘tib, uzoqdagi qishloq va hududlardan yaxshi xabarlar kela boshladi. Voqea joyidan 15-20 kilometr yiroqdagi masofa oralig‘ida birin-ketin olti bosh qoramol topilgani xabar qilindi va egalari qidirila boshlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, har olti bosh qoramol o‘z kuch va harakati bilan turli joylarda eson-omon qirg‘oqqa chiqib olgan. Bularning orasida hammadan ham «o‘zib» ketgani ana shu ho‘kizcha bo‘ladi. U 30 kilometrdan ziyod masofagacha bir o‘zi suzib borgan, sovuq suvda-ya?! Uchinchi kun deganda daryodan chiqib kelayotganida uni yaxshi odamlar topib olgan. Qorni ochib, ishtahasi karnay bo‘lgan buzoqcha ovqatlantirilgandan keyin, eson-omon egasiga qaytirildi. Shu bo‘yi butun mamlakatga dong‘i ketdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring