Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoyda keksalarni firibgarlardan qanday himoyalashadi?

Xitoyda keksalarni firibgarlardan qanday himoyalashadi?

Foto: «Shutterstock»

Farzandiga bee’tibor bo‘lmagan ota-ona borki, uning telefon yoki internetdagi faolligini ko‘zdan qochirmaydi. Buning uchun maxsus ilovalar ham bor. Biroq bu bolalar uchun.

Keksalar uchun-chi?

«Abacusnews» yozishicha, Xitoyda o‘rta va keksa yoshlilarning qariyb 96 foizi smartfon ishlatadi. Bular — epstor nimaligi-yu ilovalarni qayerdan ko‘chirib olishdan bexabar, oddiy telefondan smartfonga o‘tganida ko‘pincha kontaktlar jurnalini «yo‘qotib» yuradigan, biron-bir funksiyani yoqib-o‘chira olmaydigan kishilar. Bular — «kompyuter asri»ni ko‘rmasdan, axborot xavfsizligi haqida tushunchaga ega bo‘lmasdan, birato‘la smartfonlarni ishlatishga o‘tgan odamlar. Ayni shu toifa insonlar internetdagi firibgarlar uchun yaxshi o‘lja...

Xabarda yozilishicha, xitoylik bobo va momolarni onlayn firibgarlardan yaxshiroq himoyalash uchun «Qihoo 360» kompaniyasi maxsus ilova ishlab chiqqan. Bu ilova («360 Mobile Security») firibgarlarga taalluqliligi aniqlangan telefon raqami borki, qora ro‘yxatga kiritib qo‘yadi. Maboda shunda ham bu raqamlardan (yoki ularga) qo‘ng‘iroq bo‘lsa, keksa ota-onaning farzandlariga ogohlik qo‘ng‘irog‘i yuboriladi.

«Qihoo 360»ning 2018-yil uchun tahlili onlayn firibgarlar keksalar bilan «tillashish»ning hadisini olganini tasdiqladi. Ular faqat spam-qo‘ng‘iroqlar bilan kifoyalanayotgani yo‘q. Xitoyda eng ommalashgan «WeChat» tovlamachilar uchun yaxshi dastak, «WeChat Pay» orqali pul o‘tkazish undan-da oson...

O‘zbekistonda bir kun telegram ishlamay qolsa bir necha million foydalanuvchi qancha vahimaga tushadi. «WeChat»dan esa 1 milliarddan ortiq odam foydalanadi! Odamlar bu platformada chatlashishadi, to‘lovlar qilishadi, o‘yinlar o‘ynashadi, xaridlardan tortib davlat xizmatlarigacha — hammasi «WeChat»ning ichida!

Xullas, Xitoyda keksalarni o‘z tuzog‘iga tushirishga halak onlayn firibgarlar soni ko‘payib boryapti, biroq antivirus kompaniyalari ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q.

Masalan, «Genpichong» ilovasi ham o‘smirlar, ham keksalarga mo‘ljallangan, «WeChat» to‘lovlarni nazoratga olishdan tashqari, foydalanuvchining qayerda turganigacha ko‘rsatib turadi.

Yana bir ilova — «Silver Beauty Elderly Desktop»ni esa keksalar uchun operatsion tizimga aylanadi deyishmoqda. U telefon qo‘ng‘iroqlari va «WeChat»ni nazoratga olishdan tashqari, oddiylashtirilgan savdo maydonchasi vazifasini ham bajaradi.

«Silver Beauty Elderly Desktop» ilovasi. Foto: «Abacusnews»

Bu ilovalar qanchalik ish beradi, bir nima deyish qiyin, ammo millionlab odamlar ularni ko‘chirib olayotgani bor gap.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring