Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2020 yilda foydalanishga topshiriladigan bolalar tibbiyot markazi shifokorlari Koreyada malaka oshirmoqda

2020 yilda foydalanishga topshiriladigan bolalar tibbiyot markazi shifokorlari Koreyada malaka oshirmoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ayni kunlarda poytaxtimizda barpo etilayotgan Bolalar milliy tibbiyot markazida qurilish ishlari yakunlanish arafasida. Hozirda ushbu zamonaviy muassasani yuqori texnologik tibbiyot uskunalari bilan ta’minlash ishlari boshlangan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 130,58 million AQSh dollariga teng.

Mazkur tibbiyot markazini qurish, eng so‘nggi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash barobarida, malakali mutaxassislarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Koreya Respublikasining nufuzli Pusan milliy universiteti klinikasida 100 nafar mutaxassislarimizning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Bir muddat avval 30 nafar hamshira bir oylik o‘quv kursini yakunlab qaytgan. Kuni kecha yana 19 nafar shifokor bir yillik o‘quv kursini tamomladi. Joriy yilning 17 noyabridan yana 20 nafar shifokor Pusan milliy universiteti klinikasida malaka oshirishni boshlaydi va bir yil davomida bilim va ko‘nikmalarini oshiradi.

Shuningdek, Bolalar milliy tibbiyot markazi uchun keltirilayotgan yuqori texnologik tibbiy uskunalarning bir maromda ishlashini ta’minlashga mas’ul 20 nafar texnik xodimlarning ham malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, yangi markaz 280 o‘ringa ega bo‘lib, unda kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish va birinchi yili 1500 dan ziyod yuqori texnologiyaga asoslangan operatsiyalar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu zamonaviy shifoxonada ming nafarga yaqin malakali shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.

Mazkur zamonaviy va innovatsion Bolalar milliy tibbiyot markazi 2020 yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring