Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vazirlik DXX xabarini rad etdi: «Jihodchilar» orasida mahalla raisi bo‘lmagan

Vazirlik DXX xabarini rad etdi: «Jihodchilar» orasida mahalla raisi bo‘lmagan

Foto: «Currenttime.tv»

Qashqadaryoda «Jihodchilar»ning 12 nafari qo‘lga olingani, ular orasida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ham borligi haqida xabar berilgan edi. Bu xabarlar DXX matbuot xizmati tomonidan tarqatildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati bunga munosabat bildirib, holat tegishli tartibda o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani «Boshchorbog‘» fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Z.Q.ning xonadonida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda bir guruh fuqarolar «Jihodchilar» oqimi vakillari sifatida qo‘lga olingan.

O‘rganishlar davomida ushbu fuqarolar orasida «Boshchorbog‘» fuqarolar yig‘ini raisi M.T. borligi o‘z isbotini topmagan. Shuningdek, guruh a’zolari ichida fuqaro M.T.ning ukasi, 1975-yilda tug‘ilgan H.T. bo‘lgani aniqlangan.

«Hozirgi kunda Dehqonobod tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro H.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasining 2-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jinoyat ishi doirasida «Boshchorbog‘» MFY raisi M.T. ayblanuvchi (yoki guvoh) tariqasida jalb etilmagan», — deyiladi xabarda.

Vazirlik, shuningdek, muayyan shaxsga nisbatan bo‘hton yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatishga nisbatan qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilab qo‘yilganini eslatib o‘tgan.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham bu holatga munosabat bildirib, imom noibi deb aytilgan shaxs aslida boshqa kasb egasi ekanini ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring