Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Uzcard» va «Humo» o‘rtasida yashirin jang boshlandimi?

«Uzcard» va «Humo» o‘rtasida yashirin jang boshlandimi?

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning sentyabrida «Uzcard» to‘lov tizimi qariyb 3 kunga ishdan chiqqan edi. Buning natijasida aholi plastik kartalaridagi o‘z pullarini ishlatish imkoniyatini vaqtincha yo‘qotgandi. 19-sentyabrda esa Prezidentning O‘zbekistonda yangi milliy to‘lov tizimini yaratish haqidagi qarori qabul qilingandi. Ushbu qaror asosida «Humo» O‘zbekiston milliy to‘lov tizimi yaratildi.

Yangi tizim bozorga kirib ulgurmasidanoq, «ikki qo‘chqorning boshi bir qozonga sig‘may» boshlaganga o‘xshaydi. YaUPM tarqatgan ma’lumotdan shunday taassurot uyg‘onmoqda.

Yagona Umumurespublika Protsessing Markazi (YaUPM) ommaviy axborot vositalari orqali «Uzcard» banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilariga bank xizmatlarini ko‘rsatishdan bosh tortilgani hamda bir qator bank xodimlari tomonidan «Humo» to‘lov tizimining qiziqishlari targ‘ib etilgan holatlar qayd etilganini ma’lum qildi.

«Humo» banklararo Milliy protsessing markazi (BMPS) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzurida tashkil etilib, hozirda mamlakat bo‘ylab terminal tarmoqni joriy etish ishlari olib borilmoqda.  BMPS tizimini joriy etish ishlari davomida bank xodimlari tomonidan «Humo» BMPS faoliyati bilan bog‘liq ravishda «Uzcard» banklararo to‘lov tizimining faoliyati to‘xtatilishi borasida asossiz ma’lumotlar tarqatilishi kuzatildi, deyiladi xabarda.

Kompaniyaning ta’kidicha, «Uzcard» banklararo to‘lov tizimi 17 millondan ortiq plastik kartalarga xizmat ko‘rsatmoqda hamda faol ishlamoqda. YaUPM huquqiy norma, normativ hujjat, dasturiy-texnik ishlanmalarga asoslangan holda tashkiliy-texnik infrastrukturaga muvofiq provayderlik vazifasini bajaradi. YaUPM hamda banklar o‘rtasidagi shartnomaga asosan, hamkorlar tomonidan tarqatilayotgan asossiz ma’lumotlar egasi javobgarlikka tortiladi.

Bugungi kunga kelib, «Uzcard» banklararo to‘lov tizim ishtirokchilari tomonidan YaUPM hamda bank o‘ratasidagi shartnomani bekor qilish so‘rovlari qayd etilmagan.

«Uzcard» banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilari, jumladan, savdo-xizmat tashkilot vakillaridan quyida keltirilgan holatlarda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi va huquq tartibot organlariga murojaat etishlarini so‘ragan:

  • tijoriy banklar tomonidan «Uzcard» hisob terminallari majburiy tarzda qaytarib olinishi;
  • tijoriy banklar va savdo-xizmat tashkilotlari tomonidan «Uzcard» plastik kartalariga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish;
  • bank xodimlari tomonidan amaldagi «Uzcard» plastik kartalarni «Humo» to‘lov tizimi kartalariga almashtirishga qaratilgan targ‘ibot;
  • «Uzcard» plastik kartalariga xizmat ko‘rsatish, jumladan, kartalardan naqd pulni yechib olishdan bosh tortish;
  • «Uzcard» banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilari orasida asossiz jamoatchilik fikrini va kompaniyaga tegishli salbiy imidjni shakllantirishga tegishli noqonuniy xatti-harakatlar kuzatilishi.

Nima ham derdik. Foydalanuvchilarga mahalliy bozorda halol raqobat qiluvchi bir nechta kompaniya bo‘lgani yaxshi. Taklif va xizmat sifatiga qarab, iste’molchi o‘ziga ma’qulini tanlayveradi. Nosog‘lom kurash natijasida bir monopolning o‘rnida ikkinchisi paydo bo‘lishi esa, hech narsani o‘zgartirmaydi. Aksincha, vaziyat yanada yomonroq ko‘rinish oladi, xolos.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring